Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolarni hal etish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va jahon bozorlarida milliy turizm mahsulotlarini faol targʻib qilish, turizm tarmogʻining kadrlar salohiyatini kuchaytirish orqali turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda respublikaga kirib kelayotgan xorijiy fuqarolar sonini keskin koʻpaytirish maqsadida, shuningdek, 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab xalqaro huquq normalariga muvofiq “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”ni qoʻllagan holda, shuningdek, “Buxoro” xalqaro aeroportida “beshinchi havo erkinligi”ni xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda qoʻllagan holda “Ochiq osmon” rejimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy davlatlarning aviatsiya maʼmuriyatlarini va chet el aviatashuvchilarini “Ochiq osmon” rejimi joriy etilayotgan Oʻzbekiston xalqaro aeroportlarining roʻyxati toʻgʻrisida, shu jumladan, diplomatik kanallar orqali xabardor etishni taʼminlasin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2020-yil 1-yanvardan:
turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonga charter reyslarini tashkil qilish boʻyicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSH dollari miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplab beriladi;
xorijiy kinokompaniyalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilgan xarajatlarning 20 foizigacha, lekin bitta mahsulot uchun 300 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Oʻzbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari toʻgʻrisidagi toʻliq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun loyiha qiymatining 30 foizi, lekin 3 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;
tadbirkorlik subyektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qoʻngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir loyiha uchun 10 million soʻm miqdorida qoplanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha moddiy madaniy meros obyektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qoʻyiladi;
YUNESKO Umumjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan tarixiy yoki madaniy yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi;
b) 2019-yil 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
eng yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlari (shaharcha, qishloq, ovullar hamda shahar, shaharcha, qishloq va ovullarning mahallalari) roʻyxatini shakllantiradi;
ushbu fuqarolar yigʻinlari hududlarida 20 tadan kam boʻlmagan oilaviy mehmon uylari tashkil etilganda va turistlar uchun kamida besh xil xizmat turlari (yashash va yoki ovqatlanish boʻyicha xizmatlardan tashqari) koʻrsatilgan taqdirda ularga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomini beradi;
v) 2020-yildan boshlab “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomi berilgan fuqarolar yigʻinlari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga birinchi navbatda kiritiladi;
g) “Uzbekistan Airports” AJga respublikaning xalqaro aeroportlari takliflariga koʻra:
aeroport tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar (Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan aviakompaniyalarga koʻrsatiladigan xizmatlardan tashqari) uchun stavkalar hamda yigʻimlarni belgilash va oʻrnatish;
aeroportning aviatsiya yonilgʻisi va yoqilgʻi-moylash materiallarini saqlash uchun zaruriy infratuzilmani kengaytirish va modernizatsiya qilish;
mahalliy yoki xorijiy yuridik shaxslar bilan tanlov asosida aviatsiya yonilgʻisi va yoqilgʻi-moylash materiallarini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar, shuningdek, ularni mamlakatning xalqaro aeroportlariga reyslarni, shu jumladan, tranzit reyslarni amalga oshiruvchi mahalliy yoki xorijiy aviakompaniyalarga sotish boʻyicha shartnomalar tuzish huquqi beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi
PQ–3217-son qarori bilan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga quyidagi vakolatlarni berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
Muvofiqlashtiruvchi kengashga joylardagi salohiyatli hududlarni oʻrganish asosida turizm infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirish hududlarini tashkil etish boʻyicha takliflar kiritish;
turizm infratuzilma obyektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish;
turizm sohasiga investitsiyalar jalb etish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib borish, ular bilan investitsiyaviy kelishuv va shartnomalarni imzolash, shuningdek, investorlar tomonidan loyihani amalga oshirish boʻyicha majburiyatlar qabul qilingan holda ularga yer uchastkalarini oʻrnatilgan tartibda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali taqdim etish masalasini koʻtarish.
4. 2020-yil 1-yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq mamlakatlarning fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish va avtomagistral yoʻllari boʻylab turizm xizmatlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Andijon viloyatining Xonobod shahridan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga bogʻlangan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq shahrigacha “Oʻzbekiston turizm magistrali” turizm transport koridorini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. “Oʻzbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori boʻylab avtomagistral yoʻllari va yoʻlboʻyi infratuzilmasi holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va unga quyidagi vakolatlar berilsin:
kapital va joriy taʼmirga muhtoj yoʻl uchastkalarini aniqlash, shuningdek, yaratiladigan yoʻlboʻyi infratuzilmasi obyektlarining joylashuvini belgilash;
yoʻlboʻyi infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishda (yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsat olish) koʻmaklashish;
tegishli davlat organlari tomonidan ularning vakolatiga kiruvchi muammoli masalalarni (yoʻl koʻrsatkichlar oʻrnatish, sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va boshqalar) hal etish boʻyicha topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish.
7. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan turizm uchun innovatsion biznes gʻoya va startaplarni amalga oshirish maqsadida loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30 foizi, lekin 100 million soʻmdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bir oy muddatda amalga oshirilishi tavsiya etiladigan turizm uchun innovatsion biznes gʻoya va startaplar roʻyxatini tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasining turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. 2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar:
a) yetib borish qiyin boʻlgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 kilometr yoki qattiq qoplamali avtomobil yoʻllaridan 5 kilometr uzoqlikda) kempinglar va “safari” turizmini tashkil etish boʻyicha turizm xizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaxslar alohida avtonom infratuzilmani yaratgan taqdirda mazkur faoliyat turi boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻi, shuningdek, yagona soliq toʻlovi toʻlashdan;
b) yuridik shaxslar, ularning loyiha tashkilotlari, bosh pudratchi va subpudratchi tashkilotlari jahon standartlariga mos va zarur madaniy koʻngilochar infratuzilmalariga ega golf majmualarini barpo etish loyihasini amalga oshirish doirasida:
foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻidan;
loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash fondi qismi boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlovdan;
loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tovarlarni, shu jumladan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida olib kirishda bojxona boji va aksiz soligʻidan;
v) namunaviy loyihalar boʻyicha zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va (yoki) ularning faoliyatini tashkil etishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar mazkur faoliyat turi boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻi, shuningdek, yagona soliq toʻlovini toʻlashdan;
g) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan dor (osma) yoʻllarini, “banji-jamping” va “ziplayn” attraksionlarini, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan (erkin uchish) aerostatlar, gondolalar, “rafting” va “flaybording” uchun uskunalar, shuningdek, “buggy car”, faetonlar, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan (gʻildirak ustidagi uylar) yoki kafe-furgonlarga aylantirilgan (“fudtrak”) yer usti transport vositalari bojxona boji va aksiz soligʻidan ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida maxsus turizm zonalarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Jizzax, Namangan, Surxondaryo va boshqa viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda turizm zonalarini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishning batafsil rejasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Turizm zonalarida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish ustidan nazorat:
“Zomin” boʻyicha – Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzoqov;
“Nanay” boʻyicha – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov;
“Boysun” boʻyicha – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy shtat birliklari doirasida arxitektorlar, kartograflar, shaharsozlik va qurilish muhandislaridan tarkib topgan, 15 shtat birligidan iborat Turizm zonalari va klasterlarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin va unga turizm infratuzilma obyektlarini joylashtirishni rejalashtirish va loyihalash boʻyicha ishlarni tashkil etish vazifalari yuklansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qoʻshgan jamoat tuzilmalari vakillariga va xorijdagi vatandoshlarga ularning faoliyatini tegishli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan baholash natijalari boʻyicha topshiriladigan “Turizm sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish;
“Turizm oʻquv-konsalting markazi” davlat unitar korxonasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish institutini (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
turizm sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-amaliy ishlanmalarni muvofiqlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
turizm tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi oʻquv dasturlari hamda taʼlim shakllarini ishlab chiqish va joriy qilish;
xorijiy mutaxassislar va oʻqituvchilarni jalb qilgan holda turizm sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
turizm tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlovchi oʻquv taʼlim muassasalari faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, konsalting va oʻquv markazlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
yagona test sinovi tizimi asosida gidlar, ekskursiya yetakchilari, yoʻriqchi-kuzatuvchilar uchun malaka sertifikatini berish.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda:
Institutning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlagan holda uning Ustavini;
Institutning tuzilmasi va shtat jadvalini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
Institut xodimlarining mehnatga haq toʻlash darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xodimlariga tenglashtirilsin.
Institut Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, 115a-uy manziliga joylashtirilsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasi kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish uchun 80-100 kvadrat metr oʻlchamda yer uchastkalari elektron auksionga qoʻyilmasdan ajratilishi yuzasidan shaxsiy javobgarligi belgilansin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Toshkent viloyatining Ohangaron, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida, Jizzax viloyatining Zomin tumanida elektr energiyasi, gaz, suv taʼminoti va kanalizatsiya inshootlarini, shuningdek, avtomobil yoʻllarini jadal rekonstruksiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalarini kelgusida Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga moʻljallangan Davlat investitsiya dasturiga kiritishni nazarda tutgan holda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlarni birinchi navbatda “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomidagi fuqarolar yigʻinlarini obodonlashtirish, shu jumladan, ichki avtomobil yoʻllarini taʼmirlash, elektr energiya, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya tizimining barqaror ishlashini taʼminlash, mobil aloqa va internetni yaxshilash maqsadida qoʻshimcha bazaviy stansiyalarni oʻrnatish uchun yoʻnaltirish choralarini koʻrsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
a) “Uzbekistan Airports” AJ, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimliklari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinayotgan Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchish-qoʻnish yoʻllari, harakatlanish yoʻllari, qoʻmondonlik-dispetcherlik punktlari, aeronavigatsiya jihozlari va statsionar yer usti aloqa tarmoqlarining rekonstruksiya qilinishini taʼminlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2020-2022 yillar davomida 4-ilovaga muvofiq milliy va xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish uchun istiqbolli xorijiy mamlakatlar shaharlari bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
v) 2020-yil 1-yanvarga qadar hamkorlikni va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining havo qatnovi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimlarining xatlovdan oʻtkazilishini va qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
g) 2020-yil 1-yanvarga qadar radiotexnika jihozlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish va aeronavigatsiya xizmatlarini koʻrsatish hajmini oshirish dasturini ishlab chiqsin;
d) “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJni rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi barqaror biznes-modelni ishlab chiqsin:
qaytarilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalanish yoʻli bilan aviaqatnovlar narxlarini optimallashtirish boʻyicha xalqaro tajribani joriy etish;
aeroport infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi;
havo kemalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish hajmini oshirish;
aviatsiya yonilgʻisi va yoqilgʻi-moylash materiallarini uzluksiz yetkazib berishni taʼminlash choralari;
aviachiptalarning onlayn savdosi imkoniyatlarini kengaytirish va elektron avia yuk varaqalarini rasmiylashtirish tizimini joriy qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi ichida viloyatlararo yoʻnalishlar boʻyicha aviaqatnovlarni, shu jumladan, yaqin va oʻrta masofalarga uchishga moʻljallangan havo kemalaridan foydalanish hisobiga rivojlantirish;
respublika ichida norentabel qatnovlarni amalga oshiruvchi aviatashuvchilarni subsidiyalash mexanizmini amalda joriy qilish;
ye) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda aeroportlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tabaqalashtirilgan tariflar va yigʻimlarni hisoblash metodikasini tasdiqlasin va respublikaning har bir aeroporti kesimida koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tariflar va yigʻimlarni qayta koʻrib chiqish choralarini koʻrsin;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Qurilish vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda vertolyotlarda yoʻlovchi tashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani, uchib oʻtish hududlarini xatlovdan oʻtkazish, shuningdek, vertolyot maydonlarini loyihalashtirish va qurish asosida yuridik shaxslar tomonidan vertolyot texnikasidan foydalangan holda aviatsiya xizmatlarini koʻrsatish tartibini joriy etish choralarini koʻrsin;
z) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda 2019-yil 1-sentyabrga qadar, shu jumladan, yuridik shaxslar tomonidan shaxsiy kabinet orqali guruh yoʻl hujjatlarini rasmiylashtirish hamda mobil ilovalar orqali chiptalar mavjudligini kuzatish va onlayn bron qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi “E-ticket” onlayn chipta savdosining shaffof tizimini ishga tushirish hamda ishlatish choralarini koʻrsin;
i) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar xalqaro aeroportlar yoʻlovchilariga qulay logistikani yaratish uchun mamlakatimiz va chegaradosh davlatlar shaharlari oʻrtasida transport aloqalarini (avtobus va temir yoʻl qatnovlari) taʼminlash boʻyicha reja ishlab chiqsin;
k) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar xalqaro tashuvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari boʻlinmalariga yoʻlovchilar toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlarni taqdim qilish tartibi haqidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur Farmonning 5-ilovasida nazarda tutilgan investitsiya takliflarining 2020-2022 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ikki oy muddatda xorijiy turistlarga respublika hududida xalqaro toʻlov kartalari yordamida toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish maqsadida milliy toʻlov tizimini xalqaro toʻlov tizimlari bilan integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda vizani rasmiylashtirish tartib-taomilini soddalashtirish, arizalarni koʻrib chiqish muddatlarini maqbullashtirish va taqdim qilinadigan hujjatlar roʻyxatini qisqartirishni, shuningdek, elektron hujjatlar aylanmasini joriy etishni nazarda tutgan holda xorijiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasiga kelish va ketish vizalarini rasmiylashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati 2020-yil 1-yanvarga qadar turistlarning roʻyxatdan oʻtganligini hisobga olishni, shuningdek, ularning respublika hududida boʻlishlari va roʻyxatdan oʻtganligini tekshirgan holda vaqtida mamlakatdan chiqib ketishi nazorat qilinishini taʼminlasin. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tegishli dasturiy taʼminot tizimi ishlab chiqilsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi YUNESKO Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan moddiy madaniy meros obyektlari hududida obodonlashtirish va qurilish ishlarini olib borishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi bilan kelishilgan holatlar bundan mustasno.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
a) “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomiga ega fuqarolar yigʻinlari mahalliy aholisini turistlarga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha tayyorlash va oʻqitishni doimiy asosda tashkil etsin;
b) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Fuqarolar yigʻinlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini kiritsin;
v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda turistik yigʻimni undirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning mamlakatga kirishida turistik yigʻimni transport turiga qarab toʻlash tartibini joriy etish;
turistlar tomonidan turistik yigʻimni mustaqil ravishda tijorat banklari filiallari, turistik axborot markazlari va elektron axborot tizimlari orqali toʻlash mexanizmlarini joriy etish orqali yigʻimni toʻlash usullarini kengaytirish;
g) Transport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Tadbirkorlik subyektlarining xarajatlarini qoplash uchun mablagʻ ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) Moliya vazirligi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududida audiovizual mahsulotlarni yaratishda chet el kinokompaniyalariga xarajatlarining bir qismini qaytarish (“rebate”) tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ye) “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasiga har yili:
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet el kinokompaniyalariga bepul asosda tashkiliy va ishlab chiqarish-texnik yordam koʻrsatish boʻyicha vazifalarni amalga oshirish;
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mamlakat kinematografiyasi, kinolokatsiyasi, kinoturizmini va “rebate” tizimini targʻib qilish maqsadida xalqaro kino tadbirlarda milliy pavilyonlar tashkil qilish va har yili “PROlogue” xalqaro kinofestivali doirasida “LocationEXPOuz” mahalliy kinolokatsiyalarining xalqaro koʻrgazmasini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
j) bir oy muddatda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
z) Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi bilan birgalikda kelgusida turizm operatorlari tomonidan turli turizm yoʻnalishlari shakllantirilishi uchun mamlakat hududlarining noyob turistik salohiyatini va istiqbolli turizm namoyishi obyektlarini doimiy ravishda oʻrganishni va targʻib qilishni taʼminlasin.
24. Mazkur Farmonni amalga oshirish boʻyicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi har 15 kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mazkur Farmonning ijrosi yuzasidan axborot kiritib borilishini taʼminlasin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Transport vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar va tematik koʻrsatuvlarni tashkil etsin.
28. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 13-avgust