O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot
2019-yil 19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisini joriy yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirish, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Senat a’zolari Oliy Majlis byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi, saylov, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi masalalarni ham ko‘rib chiqadilar.
Shuningdek, senatorlar Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspektsiyasi to‘g‘risidagi 81-sonli, qishloq xo‘jaligida mehnat inspektsiyasi to‘g‘risidagi 129-sonli konventsiyalarini va boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ham muhokama qiladilar.
Yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axborotlari, shuningdek Xorazm viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.
Senat a’zolari bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan ob'yektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishga doir qonun hujjatlari ijrosi holatini o‘rganish natijalari, shuningdek bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma birinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tuzildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati