Prezident: Og‘izbirchiligimizni asrab-avaylash, tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni Nukus shahriga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini isloh qilish bo‘yicha muhokamalar jarayoni ketmoqda. Aslida, amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Shunga qaramay, Prezidentimiz bu boradagi qonun loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etdi.
Lekin, ayrim joylarda masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari ham uchradi. Jumladan, loyihada ko‘zda tutilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirildi. Buning oqibatida 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etildi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Nukus shahriga yetib kelib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala ekani, muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz ko‘plab taklif va tavsiyalarini bildirayotganini ta’kidladi.
Tartibga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi. Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi.
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz, – dedi Prezident.
Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos. Shu bois davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarurligini ta’kidladi. Ya’ni, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
– Takror aytaman: o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir. Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat. Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta birgalikda quramiz, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizdagi barcha islohotlar, muhokamalar, hech shubhasiz, demokratiya va huquqiy mezonlar asosida amalga oshirilishi qayd etildi.
Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilishi, “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda ta’minlash uchun kuch va imkoniyatlar yetarli ekani ta’kidlandi.
Prezident barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, xalqimizning og‘izbirchiligini qo‘llab-quvvatladi.