Samimiy qutlovlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va jamoat arboblaridan mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan qutlovlar kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga va butun Oʻzbekiston xalqiga qizgʻin tabriklarim va salomlarimni yoʻllashdan bagʻoyat mamnunman.
Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Siz, Janobi Oliylarining joriy yil yanvar oyida Gujarat shtatiga va undan avval Hindistonga amalga oshirgan tashriflaringiz ikki tomonlama munosabatlar rivojini yangi bosqichga koʻtardi. Ishonchim komilki, strategik munosabatlarimiz yaqin yillarda yanada rivojlanadi va bundanda keng qamrovga ega boʻladi.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik, farovonlik, doʻst Oʻzbekiston xalqiga tinchlik va bardavom taraqqiyot tilayman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Narendra MODI,
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga qizgʻin tabriklarimni yoʻllash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Pokiston va Oʻzbekistonni umumiy din, mustahkam tarixiy va madaniy mushtaraklikka asoslangan samimiy va ishonchli munosabatlar bogʻlab turadi. Pokiston oʻzaro manfaatli sohalarda aloqalarimizni bundan buyon ham kengaytirishdan manfaatdor. Aminmanki, hamkorligimiz kelgusida ham xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida mustahkamlanib boraveradi.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston xalqiga bardavom ravnaq va farovonlik tilayman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul etgaysiz.
Orif ALVIY,
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Pokiston Hukumati, xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni, Janobi Oliylari, Oʻzbekiston Hukumati va xalqini chin yurakdan muborakbod etish menga katta mamnuniyat baxsh etadi.
Mushtarak madaniy va tarixiy ildizga ega ikki tomonlama munosabatlarimiz oʻtgan yillar davomida mustahkam birodarlik aloqalariga aylandi. Pokiston ushbu doʻstona hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishdan manfaatdor. Biz, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamfikrlikni yuqori qadrlaymiz.
Hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Siz, Janobi Oliylarini oʻzingiz uchun qulay vaqtda Pokistonda qutlashdan umidvorman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik va omonlik, doʻst Oʻzbekiston xalqiga bardavom ravnaq va farovonlik tilayman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul etgaysiz.
Imron XON,
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Siz, Janobi Oliylarini, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va xalqini mamlakatingiz Mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar kun sayin rivojlanib, chuqurlashib bormoqda. Ishonchim komilki, bu jarayon har ikki tomon manfaatlarini taʼminlash hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida davom ettiriladi.
Fursatdan foydalanib, Xudovandi Karimdan Siz, Janobi Oliylariga osuda hayot, doʻst va birodar Oʻzbekiston Respublikasi xalqi va Hukumatiga baxt-saodat hamda yuksalish tilab qolaman.
Hasan RUHONIY,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va timsolingizda butun Oʻzbekiston xalqini oʻz nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Birodar Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida roʻy berayotgan muhim oʻzgarishlar, mamlakatning xalqaro nufuzi kun sayin ortib borayotgani bizni xursand qiladi.
Ozarbayjon – Oʻzbekiston davlatlararo munosabatlari va strategik sherikligi yanada mustahkamlanib, oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlashga asoslangan hamkorligimiz ikki va koʻp tomonlama tarzda rivojlanishi xalqlarimiz farovonligiga bundan buyon ham xizmat qiladi.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, ushbu tarixiy kunda Sizga mustahkam sogʻlik, ishlaringizga muvaffaqiyat, birodar Oʻzbekiston xalqiga bardavom tinchlik va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom ALIYEV,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Belarus xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizni milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan muborakbod etaman.
Doʻst Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi salmoqli muvaffaqiyatlari, mamlakatning jahondagi oʻrni muttasil yuksalib borayotganidan Belarus xalqi nihoyatda mamnun.
Belarus bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv va qoʻllab-quvvatlash anʼanalariga asoslangan munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholab, davlatlarimizning strategik sherikligi yanada mustahkamlanishiga ishonch bildiraman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyul – 1-avgust kunlari Belarus Respublikasiga amalga oshirgan tarixiy tashrifi mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda qoʻshma loyihalarni samarali amalga oshirish uchun kuchli turtki boʻlganiga ishonchim komil.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin yurakdan sihat-salomatlik, tuganmas gʻayrat-shijoat, oʻz oldingizga qoʻygan barcha maqsadlar roʻyobini, birodar oʻzbek xalqiga farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Aleksandr LUKASHENKO,
Belarus Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillik bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Menda chuqur taassurot qoldirgan Oʻzbekistonga tashrifimni, Siz bilan ishonch ruhida batafsil fikr almashganimizni katta mamnuniyat bilan eslayman.
Ushbu tashrif Sizning shu yil boshida Germaniyaga amalga oshirgan tashrifingiz kabi oʻzaro munosabatlarimizni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratishga hissa qoʻshdi.
Germaniya Sizni qatʼiy islohotlar siyosatingizni davom ettirishingizda bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Sizga baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqiga erkinlik, xavfsizlik va bardavom farovonlik sharoitida tinch-osoyishta kelajak tilayman.
Frank-Valter SHTAYNMAYER,
Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami munosabati bilan oʻz nomimdan va Fransiya xalqi nomidan Sizni samimiy muborakbod etishdan hamda Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va ravnaq tilashdan baxtiyorman.
Mamlakatlarimiz bir-biriga yaqinlashib borayotganini olqishlayman. Bu Sizning 2018-yil oktyabr oyida diyorimizga rasmiy tashrifingiz hamda joriy yil aprel oyida Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri huzuridagi Davlat kotibi Jan-Batist Lemuanning Toshkent va Samarqandga tashrifida oʻz aksini topdi.
Ushbu tashriflar ikki davlat siyosiy sohadagi muloqotni jadallashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlamoqda. Joriy yil Parij shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar bu borada navbatdagi qadam boʻladi.
Iqtisodiyot, turizm infratuzilmasi, aviatsiya va barqaror taraqqiyot hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishlaridir. Umid qilamanki, Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo aloqalari Sizning mamlakatimizga rasmiy tashrifingiz davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq yanada mustahkamlanadi.
Sizning mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va Afgʻonistondagi vaziyatni hal etish borasidagi saʼy-harakatlaringizni olqishlayman. Fransiya Sizning mazkur yoʻnalishdagi intilishingizni qoʻllab-quvvatlaydi.
Prezident janoblari, Sizga boʻlgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz.
Emmanuel MAKRON,
Fransiya Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Oʻzbekiston davlat mustaqilligi eʼlon qilingani bayrami munosabati bilan Sizga eng iliq tabriklar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tilaklar bildirishga ijozat bergaysiz.
Italiyaga boʻlajak tashrifingiz xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlash hamda Toshkent va Rim oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi sharoitlar yaratadi.
Shunday umidlar va Kvirinal saroyida Siz bilan uchrashish niyati ila Sizga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, mamlakatingizga ravnaq tilayman.
Serjo MATTARELLA,
Italiya Respublikasi Prezidenti
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.
O‘zA