Oʻzbekiston : Ayollarni tazyiqlardan himoyalash toʻgʻrisida qonun imzolandi
Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi Qonun Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolandi (OʻRQ–561-son, 02.09.2019-y.).
Qonunga koʻra tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi sodir etilgan zoʻravonlik yoki tahdid haqida tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish, bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish kabi huquqlarga ega.
Bunda jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy hamda maʼnaviy zararni qoplash toʻgʻrisida ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
Qonunda xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar koʻrsatib oʻtilgan.
Mazkur organlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini unga tushunarli tilda himoya mexanizmlari, koʻrsatiladigan yordam va xizmatlar turlari toʻgʻrisidagi axborot bilan tanishtirishi shart.
Xususan, ichki ishlar organlari tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida ogʻzaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qoʻyish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan yakka tartibdagi chora-tadbirlar koʻrishi shart.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali