Oʻzbekiston: Yangi mavsumning ilk premyerasi
Oʻzbek Milliy akademik drama teatri oʻzining 105-ijodiy mavsumini boshladi.
Shu munosabat bilan mazkur sanʼat maskaniga keng jamoatchilik vakillari, sanʼat muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev, Oʻzbek Milliy akademik drama teatri direktori Fatxulla Maʼsudov va boshqalar mamlakatimizda milliy sanʼatni ravnaq toptirish, ayniqsa, teatrlarga eʼtiborni kuchaytirish, ustoz sanʼatkorlar ijodini keng oʻrganish masalasi doimiy eʼtiborda ekanini taʼkidladi.
Oʻzbek Milliy akademik drama teatri Vatanimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami arafasida turli mahallalar, yurtimizning chekka hududlari, mehnat jamoalarida, oddiy odamlar orasida “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, jonli muloqotlarni muntazam oʻtkazgani xalqimiz teatr jamoasining soʻnggi ish rejalari, repertuaridagi eng yaxshi asarlaridan bahramand boʻlishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Teatrning yangi mavsumi Uygʻun hamda Izzat Sulton asari asosidagi “Alisher Navoiy” nomli ikki pardali dramasi namoyishi bilan boshlandi. Goʻzal badiiyatga yoʻgʻrilgan ushbu asar buyuk shoir bobokalonimiz yashagan davr, zamon ruhi, u bilan zamondosh boʻlgan tarixiy shaxslar, ulugʻ mutafakkirning serqirra faoliyati, ijodi bilan atroflicha tanishish imkonini beradi. Tomoshabin asrlar oʻtsa hamki, ezgulik va riyo, sadoqat va munofiqlik, el tashvishi bilan yashash hamda xudbinlik oʻrtasidagi kurash hamon dolzarb qolayotganining guvohi boʻlishi tabiiy.
Mazkur spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor – Oʻzbekiston xalq artisti Rustam Hamidov. Sahna bezaklari Oʻzbekiston sanʼat arbobi Baxtiyor Toʻrayev tomonidan tayyorlangan. Alisher Navoiy siymosi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Behzod Muhammadkarimov, artist Tolib Moʻminov ijrosida talqin etiladi. Shuningdek, spektaklda Guli rolini Dilnoza Kubayeva, Nigina Anorboyeva oʻynagan. Husayn Boyqaro siymosi Oʻzbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Tesha Moʻminov, artist Sharofiddin Muzropov ijrosida oʻziga xos tarzda ifoda etilgan.
O'zA