O‘zbekiston: Kelajakka qadam
Mamlakatimizda katta tantanalar bilan yangi o‘quv yili boshlandi.
Kecha mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida Mustaqillik darslari tashkil etildi.
Ularda yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimiga, xususan, maktab ta’limini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, o‘qitish sifatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgani e’tirof etildi. Ayniqsa, joriy yilning 23-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan maktab ta’limiga doir belgilab berilgan ustuvor vazifalar sohani zamon talablari darajasiga olib chiqish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, pirovardida mamlakatimiz uchun munosib kadrlar tayyorlash ishiga yangicha sur’at bag‘ishlagani qayd etildi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-umumta’lim maktabida ham “Bilimlar kuni” tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Maktab uzra yangragan davlatimiz madhiyasi har bir o‘g‘il-qiz qalbida jonajon Vatanimizdan faxrlanish hissini yanada yuksaltirgani bilan birga, ularni yaxshi o‘qib, ilm cho‘qqilarini zabt etishga undagani, shubhasiz.
Bilimlar kuni 1740 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktabning 1-sinfiga bu yil 160 o‘g‘il-qiz qabul qilindi. Ta’lim dargohi ostonasiga katta orzu-umidlar bilan qadam qo‘ygan ana shu jajji bolajonlar kabi ota-onalar ham o‘zlarida yo‘q xursand. Ular zurriyotlarining ilm dargohida puxta bilim olib, kelajakda yurt ravnaqiga hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib yetishishini chin dildan istashadi.
Qizim Soliha bugun birinchi sinfga qadam qo‘ydi, bundan cheksiz quvonchdaman, — deydi Ma’mura Jo‘rayeva. — Shu bois o‘zgacha hayajon ila maktabga keldik. “Bilimlar kuni” tadbiri juda ajoyib tashkil qilinibdi. “Prezident sovg‘asi” xam unutilmas tuxfa bo‘ldi. Bu sovg‘a bolalarimizning ham yodida bir umr qoladi, deb o‘ylayman. Ularni yaxshi o‘qishga undaydi.
Mustaqillik darsida o‘quvchilarga go‘zal va maftunkor yurtimiz, davlatimiz ramzlari xaqida atroflicha ma’lumot berildi. Shundan so‘ng televizor orqali Vatanimiz tarixi, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida hikoya qiluvchi maxsus videorolik namoyish etildi.
— Har gal yangi o‘quv yili boshlanishini o‘zgacha intiqlik bilan kutaman, — deydi maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Saida Yusupova. — Boisi maktabimizga ilmga chanqoq jajji bolajonlar birinchi sinfga qabul qilinadi. Bugun har bir o‘quvchining ko‘zlarida quvonch va shodlik aks etib turibdi. Aminmanki, bu yoshlar chuqur bilimi, keng dunyoqarashi va aqlu zakovati bilan kelajagimizning munosib egalari bo‘lishadi.
Sergeli tumanidagi 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi ham yangi o‘quv yili boshlanishiga bayramona bezatildi. Bu yerda “Bilimlar kuni” tadbiri katta tantana tusini oldi. Maktab ma’muriyatining ma’lum qilishicha, ta’lim dargohidan har yili turli iste’dodlar yetishib chiqib, fan olimpiadalari, sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Ayniqsa, joriy yilda ushbu ilm maskanining bir qancha o‘quvchilari Prezident maktabida o‘qish uchun kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilingani faxr bilan tilga olindi. Tadbirda boshqa yoshlarning ham ana shunday marralarga erishishlari uchun ezgu tilaklar bildirildi. Darvoqe, bu yil ushbu maktabga 458 nafar bola 1-sinfga qabul qilindi.
— Maktab boshlanishini rosa kutgandim, — deydi ulardan biri Zarina Zokirjonova. — Bugun juda erta turdim. Maktabga ota-onam bilan birga keldim. Birinchi o‘qituvchim Shoxida opa bilan ko‘rishib, u kishiga gul berdim. “Asal qizim, baraka top, raxmat!” deb yuzlarimdan o‘pib, bag‘riga bosdi. Keyin sinf xonamizga kirsak, bizga sovg‘a tayyorlab qo‘yishgan ekan. Prezidentimiz sovg‘asi ekan! Shoshib ochib ko‘rdim, ichi to‘la o‘quv qurollari, hamma narsa bor. Juda xursand bo‘ldim, hamma xursand bo‘ldi. Barchamiz bir ovozdan “Rahmat!” dedik. Endi astoydil o‘qiymiz.
Navoiy viloyati markazidan 400 kilometr olisda joylashgan Uchquduq tumanining Mingbuloq ovulidagi 11-umumta’lim maktabida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” mavzuida yangi o‘quv yilining birinchi darsi o‘tkazildi. Tuman hokimi maktab o‘quvchilarini yangi o‘quv yili bilan qutlab, ulug‘ ne’mat — Mustaqillikning qadriga yetish, mamlakatimizda istiqlol yillarida, xususan, so‘nggi uch yil ichida erishilgan yutuqlar, ta’lim tizimidagi islohotlar samarasiga atroflicha to‘xtaldi. Dars nixoyasida maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi” topshirildi.
Viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bu yil 17598 nafar bola 1-sinfga qabul qilindi. Ularning barchasi “Prezident sovg‘asi”dan bahramand bo‘ldi.
Bunday tadbirlar viloyatdagi 365 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, ularda viloyat, tuman va shaxar sektor hamda viloyat korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirok etdi. Xususan, viloyat hokimi Q.Tursunov Karmana tumanidagi 21-maktabga tashrif buyurib, Mustaqillik darsini o‘tdi.
Mamlakatimizning boshqa xududlarida ham yangi o‘quv yilining boshlanishi — “Bilimlar kuni” katta tantana bilan o‘tkazildi.
“Xalq so‘zi” gazetasi