Oʻzbekiston: Suv taʼminoti tizimi tubdan isloh qilinadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 5-sentabr kuni aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, 11 mingdan ziyod qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash oʻta dolzarb masala boʻlib qolmoqda.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan ushbu tadbirda davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, oxirgi 2 yilda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard soʻm ajratildi. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablagʻdan 2 barobar koʻp demakdir.
Shunga qaramasdan, mamlakatimizda aholini markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 68 foizni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich, jumladan, Qoraqalpogʻistonda 52 foiz, Buxoroda 53, Qashqadaryo va Surxondaryoda 54, Xorazmda 56 foiz, xolos.
Yigʻilishda qayd etilishicha, Toshkent shahrida suv taʼminoti korxonalari rentabelligi 7 foiz, Andijon va Qashqadaryoda 6, Navoiy viloyatida 3 foizni tashkil etadi.
27 ming kilometr yoki 38 foiz suv tarmoqlari avariya holatida boʻlsa, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. Yurtimiz shaharlarining faqat 79 tasida (57 foiz) kanalizatsiya tizimi mavjud, uning ham 23 foizi taʼmirga muhtoj.
Yigʻilishda, shuningdek, bugungi kunda ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlarining 85 foizida hisobga olish tizimi mavjud emasligi ham tanqid qilindi.
Jami 3 million 280 ming suv isteʼmolchilaridan atigi 44 foiziga, yaʼni 1 million 425 ming xonadonga hisoblagich oʻrnatilgani sohada ishlar sustkashlik bilan amalga oshirilayotganini koʻrsatmoqda.
Ayniqsa, qishloqlarda koʻplab egasiz suv inshootlari mavjud (birgina Boʻka tumanida, masalan, 60 dan ortiq shunday obyekt bor).
Davlatimiz rahbari shu va shunga oʻxshash boshqa muammolarni hal etish uchun sohada olib borilayotgan ishlarni keskin jadallashtirish lozimligini taʼkidladi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2030-yilga qadar suv taʼminotini shaharlarda 98, qishloqlarda 85 foizga, kanalizatsiya tizimini 31 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun 4,5 milliard dollar mablagʻ kerak boʻladi.
Bunday ulkan maqsadlarga erishish uchun esa hozirdanoq muhim vazifalarni hal etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Avvalo, tariflarni erkin bozor talablari asosida belgilash va sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish kerak. Qolaversa, toza ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlari hamda isteʼmolchilarni 2022-yil oxiriga qadar 100 foiz hisoblagichlar bilan taʼminlash lozimligi qayd etildi.
Shu maqsadda Moliya va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklariga 2020-yil 1-yanvardan tariflarni xizmatlar tannarxini toʻliq qoplash va modernizatsiya xarajatlarini hisobga olgan holda belgilash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, olis va togʻli hududlar aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy qilinishi belgilab qoʻyildi.
Bundan tashqari, tajriba tariqasida suv va kanalizatsiya tizimini tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida berish choralari koʻrilishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan soha rahbarlari axborot berdi.
O‘zA