O‘zbek fenomeni
Shavkat Mirziyoyev siyosatining o‘ziga xos jihati - barkamol avlodni tarbiyalashdir.
Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda mamlakatimiz bosib o‘tgan yo‘lga baho berar ekanmiz, O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi, xalqimiz turmush darajasi yanada ko‘tarilishiga olib keluvchi yangi maqsadlarni ham belgilab olamiz. Bu borada davlatimiz rahbari iqtisodiyotning jadal o‘sishini ta’minlash va muhim ijtimoiy masalalarni hal etish bilan bir qatorda, har tomonlama rivojlangan yosh avlodni tarbiyalash, buning uchun barcha sharoitni yaratish masalasini birinchi galdagi vazifalar sirasiga kiritmoqda.
Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslarni Prezidentlikka saylanmasdan ancha oldin, xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ishlab yurgan vaqtlaridayoq ko‘ngliga tugib yurgan. O‘sha paytlarda Shavkat Miromonovich bilan birga ishlagan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik
Oqil SALIMOVdan shu haqda gapirib berishini so‘radik.
— Oqil Umurzoqovich, yaqinda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezidentimiz “Maktab, bu — hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi”, deb aytish orqali O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotida yoshlar tarbiyasi naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladilar...
— Mamlakat rahbarining bu so‘zlari isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ota-onalar o‘z farzandlariga juda kichikligidan boshlab ezgulik, halollik, kattalarga hurmat tuyg‘ularini singdirishi lozim. Bolalarda rostgo‘ylik, ilmga intilish, bezorilik qilmaslik kabi xislatlar odatga aylanishi kerak. Agar bu narsa bilan oilada shug‘ullanilmasa, natijasi yaxshi bo‘lishi qiyin. Negaki, maktabda o‘quvchi nafaqat bilim oladi, balki uning fe’l-atvori ham shakllanadi. Xulq-atvor esa insonning kelajakdagi taqdirini belgilaydi. Demak, ijobiy fazilatlarni shakllantirish, qobiliyat va iqtidorni rivojlantirish, qiziquvchanlik va faollikni rag‘batlantirish bolalikdan boshlanadi.
Shavkat Miromonovich institut partiya tashkilotida ishlagan paytlar hamisha iqtidorli, faol yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlardi. O‘sha vaqtlarda buning uchun alohida imkoniyatlar bo‘lmagan. Lekin baribir munosib yoshlar taqdirlanar edi. Masalan, oddiygina — ataylab tayyorlangan ko‘krak nishonlarini eslaylik. Faol talabalarga shunday nishonlar topshirilganda, boshqalar ham ularga tenglashish uchun o‘qishda va jamoat ishlarida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilar edi.
Vatanini jon-dildan sevuvchi Shavkat Mirziyoyev o‘shandayoq siyosiy tuzum va mafkuradan qat’i nazar, O‘zbekistonni yoshlar quradi, degan g‘oyani o‘rtaga tashlagan. Boshqa sohalarda ham muammolar talaygina bo‘lishiga qaramasdan, keyingi uch yildagi islohotlar aynan ta’lim sohasidan boshlangani bejiz emas.
Bu davlatimiz rahbari o‘sha davrdayoq, o‘zi yosh bo‘lsa-da, bilim bilan bir qatorda, voqealar rivojini oldindan ko‘ra olish qobiliyatiga ega bo‘lganidan darak beradi. Bunday xislat esa ko‘pchilikda yetishmasdi. Shavkat Miromonovichga yana keng dunyoqarash ham yordam berdi. Natijada iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada va nihoyat, odamlar ongida o‘zgarish yasash uchun, eng avvalo, ta’lim sohasini yangilash umummilliy maqsadga aylanishi kerak, degan tezis ilgari surildi. Bugungi kunda ta’lim-tarbiya, ma’rifat sohasini qamrab olgan chuqur islohotlarning ildizi ham aynan shunda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev iste’dodli, faol va tashabbuskor yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga avvalgiday tayyor. Albatta, hozir buning uchun imkoniyat ko‘proq. Har kuni guvohi bo‘layotganimizdek, yoshlarga vazirlik va idoralardagi yuqori lavozimlar ishonib topshirilmoqda, alohida o‘rnak ko‘rsatganlarga davlat mukofotlari va unvonlar berilyapti, avtomashina, uy-joy taqdim etilmoqda. Bu nafaqat taqdirlanganlar, balki ularning tengqurlari uchun ham rag‘batdir. To‘g‘ri-da, shunga erishmoqchi bo‘lsang, sen ham harakat qil, o‘qishda, san’at yoki sportda o‘zingni ko‘rsat!
Tarix guvohlik beradiki, buyuk islohotchi o‘zidan oldingi tartibni butunlay bekor qilib, hamma narsadan butunlay voz kechib emas, balki oqilona, barchasini taroziga solgan holda yondashib, yangiliklarga qo‘l uradi. Axir eski tizimning ham qaysidir jihatlari samarali bo‘lgan, faqat uni zamon talabiga moslash kerakdir? Shunday qilib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimiga yangicha yondashuv joriy etildi. 11 yillik ta’lim qayta tiklandi va bu ota-onalar, butun jamoatchilik tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Bular — puxta o‘ylangan, hech mubolag‘asiz, mamlakatimiz kelajagi, taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan qadamlar.
— Darhaqiqat, yoshlar uchun rag‘bat yetarli. Lekin, avvalo, iqtidorni aniqlash va uni rivojlantirishga yordam berish zarur. Buni qanday amalga oshirsa bo‘ladi?
— Javob berish uchun yana Shavkat Miromonovich bilan Toshkent irrigatsiya institutida birga ishlagan paytlarimga qaytaman. U jonajon o‘lkamiz iste’dodli insonlarga boy, lekin o‘z iste’dodini namoyon etish uchun hammadayam, ayniqsa, qishloq yoshlarida imkoniyat yo‘q, demak, bunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash lozim, derdi. Shuni hisobga olib, biz institutga yaqin joylashgan maktabning rahbari bilan kelishdik-da, qishloqlardan qobiliyatli bolalarni taklif qildik, ularni turarjoy bilan ta’minlab, ovqatlanishini tashkil etdik. Ularga tajribali ustozlar saboq bera boshlashdi. Keyinchalik litseylar aynan ana shu negizda ochildi. Unda ta’lim olgan yigit-qizlar institutga kirib, oliy ma’lumotli bo‘lishdi. Hozirgi kunda ko‘pchiligi agrar sohada samarali mehnat qilyapti.
O‘shanda alohida bir oliy ta’lim muassasasi yo‘nalishidan kelib chiqqan bo‘lsak, endi Shavkat Miromonovich davlat rahbari sifatida shu tashabbusni yanada keng qanot yozdirmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, iqtidorli yoshlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlashga juda katta e’tibor qaratilyapti. Misol tariqasida, iqtidorli bolalar maktablari, buyuk allomalar nomi bilan ataluvchi maxsus o‘quv yurtlari, mashhur yozuvchi va shoirlar nomidagi ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi” va Prezident maktabi singari yangi tipdagi maktablarni keltirish mumkin. Ularda ustoz va murabbiylar iste’dodli o‘quvchilarga ijodiy va ma’naviy salohiyatini to‘la namoyon etishda yordam beradilar.
Albatta, pedagoglarning o‘zi ham e’tibordan chetda qolmadi. Axir ular ham barcha qatori rag‘batni xohlashadi. Agar institutda ishlab yurganida Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilarni imkoniyat darajasida qo‘llab-quvvatlashga, ya’ni tovarlarning imtiyozli narxlarda sotilishi yoki vaqti-vaqti bilan bepul oziq-ovqat mahsulotlari ajratish kabi tadbirlarni amalga oshirishga erishgan bo‘lsa, bugungi kunda birinchi rahbar tashabbusi bilan ustozlarga g‘amxo‘rlik oliy darajaga ko‘tarilmoqda. Ularning oylik maoshi bir necha baravar ko‘paytirildi, jamiyatdagi obro‘si oshirildi.
Esimda, viloyatlardan biriga borganimizda, o‘qituvchilar bilan uchrashuvda: “Tumaningiz hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?”, degan savol tashlangan edi. Mahalliy maktabning matematika o‘qituvchisi tezda javob topa olmay, shoshib qoldi. Tuman miqyosidagi amaldorlardan biri esa, oddiygina savolga javob bera olmaydigan qanaqa o‘qituvchi bu, deya tanbeh berdi. Kamtaringina muallima unday balandparvoz so‘zlarga o‘rganmaganini, kasbiy faoliyatidan tashqari oilaviy muammolari ham borligini o‘sha amaldor qayerdan ham bilsin? Ha, mahalliy hokimiyat vakillari ba’zan oddiy pedagoglarning kundalik turmushidagi muammolaridan bexabar qolgani ham bor gap. Shunday ekan, odamlarda va ayniqsa, rahbarlarda umuminsoniy qadriyatlarni tarbiyalash, ular ongiga ta’lim sifati “hayot-mamot masalasi” ekanini singdirish bugun judayam dolzarb vazifa. Yana shunisi muhimki, ushbu xayrli ishda hokimlar va hukumat ham, butun jamiyat va uning har bir a’zosi ishtirok etishi zarur.
— Qadrdon zaminimiz iste’dodlarga boy. Lekin yoshlarning hammasi ham turli sabablarga ko‘ra muayyan qobiliyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Bunday farzandlar bilan qanday ishlashimiz kerak?
— Iqtidorli bolalarni izlab topish va rag‘batlantirish masalasida, tabiiyki, barcha o‘g‘il-qizlar haqida o‘ylashimiz, ularga o‘z imkoniyatlarini namoyish etish uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. To‘g‘ri, hamma ham ilm-fan, sport yoki san’atda katta yutuqqa erishavermaydi. Ammo har bir yosh haqiqiy inson o‘z Vatanining fidoyisi bo‘lib ulg‘ayishi shart.
Bir misol keltiraman. Barcha oliy ta’lim dargohlarida bo‘lgani kabi, TIQXMIda ham institutga kira olmagan yoki ayrim sabablarga ko‘ra o‘qishini davom ettira olmay qolganlar bor edi. Xo‘sh, ular bilan qanday ish olib borish kerak? Kimdir: bu bilan institut rahbariyatining nima ishi bor, abituriyent kira olmadimi, uyiga qaytadi-da, deyishi mumkin. Bu faqat aytishga oson. Lekin, tasavvur qiling, ota-ona o‘g‘lini yaxshi mutaxassis bo‘lib qaytadi, degan niyatda poytaxtga yuborgan. O‘g‘il ham “bo‘sh qo‘l bilan” qaytishga uyaladi. Oila a’zolari yoki atrofdagilarning noto‘g‘ri munosabati esa uni “sindirib” qo‘yishi mumkin. Chindan ham, bunday sharoitda oliy o‘quv yurtining rahbariyati biror narsaga majbur emas. Ammo... shunday yigitlarga yordam bersa bo‘ladimi?
Toshkent irrigatsiya institutida Shavkat Miromonovichning faol ishtiroki bilan maxsus kurslar tashkil etildi va talabalik baxtiga erisha olmagan abituriyentlarga, deylik, dehqonchilik asoslarini, sohaga tegishli eng zarur bilimlar hajmini egallash taklif qilindi. Ana o‘sha kurslarni tugatgan yigit-qizlarning ko‘pchiligi o‘z uylariga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom bilan bo‘lmasa-da, yaxshigina mutaxassis bo‘lib qaytishdi. Ular bugun — fermerlar. Nafaqat oilasi, balki hamqishloqlarining farovonligini ta’minlashmoqda, o‘z xo‘jaliklarida yangi ish o‘rinlari yaratishmoqda.
Demak, Prezidentimiz aytganidek, bugun yosh avlodning har bir vakili haqida qayg‘urishimiz kerak. Yoshlarga oid davlat siyosati ham aynan shunga yo‘naltirilgan. Bu siyosatni amalga oshirishda hokimiyatning barcha bo‘g‘ini, vazirlik va idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, ya’ni hamma ishtirok etmoqda.
— Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida olib borilayotgan maqsadli ishlar O‘zbekistonni yangi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga qodir bo‘lgan avlodni shakllantirishga qaratilgan. Bunday natijaga qanchalik tez erishish mumkin, deb o‘ylaysiz?
— Bu ishga bir, ikki yo uch... (xullas, nechadir) yil kerak bo‘ladi, deb hisoblash noto‘g‘ri. Ta’lim-tarbiya sohasini takomillashtirish, barkamol avlodni yetishtirish uchun sharoit yaratish bilan bog‘liq muammolar hali talaygina. Ularni hal qilish uchun esa ko‘p mablag‘ va sa’y-harakatlar talab etiladi. Lekin hozirning o‘zidayoq sezilarli natijalarni ko‘rishimiz mumkin. Ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Misol uchun, yoshlarimiz jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning O‘zbekistonda ochilgan filiallarida o‘qishyapti. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida ishlayotgan rahbar xodimlar orasida yoshlar ko‘paymoqda. Yigit-qizlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali mehnat qilishmoqda, tadbirkorlik bilan faol shug‘ullanishayotir. Turli xalqaro tanlov, olimpiada va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lib, sovrinli o‘rinlarni egallashmoqda.
Qisqacha aytganda, jarayon davom etyapti. U so‘zda emas, amalda boshlangan. Eng muhimi, mazkur jarayonga davlat darajasida, jumladan, shaxsan Prezident tomonidan katta e’tibor berilmoqda.
“Xalq so‘zi” gazetasi