Oʻzbekiston: Havoni ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish boʻyicha avtomatik stansiyalar majburiy tartibda oʻrnatiladi
Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
5-sentabr kuni qabul qilingan ushbu qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan atrof tabiiy muhitga taʼsir qilish xavfi yuqori boʻlgan yangi ishga tushiriladigan xoʻjalik subyektlarining havoni ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish boʻyicha avtomatik stansiyalar majburiy tartibda oʻrnatiladi.
Qaror bilan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga atrof tabiiy muhit monitoringi sohasida barcha vazirlik va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi.
Shuningdek, 2021-yil 1-yanvargacha respublika va viloyat darajasidagi barcha idoraviy tahlil laboratoriyalari akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.
Qarorga koʻra, atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasi 2021-yil 1-yanvardan toʻliq faoliyat koʻrsatishi belgilandi.
Shuningdek, 2021-yil 1-dekabrdan respublikada atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi avtomatlashtiriladi.
Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, monitoring boʻyicha ishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan va kamida 5 yilda bir marta qayta koʻrib chiqiladigan Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi dasturiga asosan oʻtkaziladi.
“Xalq so‘zi online” veb-sahifasi