O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisida Qonun qabul qilindi
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisidagi Qonun (OʻRQ–565-son, 09.09.2019-y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Ushbu Qonunga koʻra, atom energiyasidan foydalanish obyektlari davlat mulki yoki Prezident tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulki hisoblanadi.
Mazkur obyektlar roʻyxati Prezident tomonidan tasdiqlanadi.
Energetika vazirligi ushbu sohadagi vakolatli organ hisoblanadi va atom energetikasini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi esa atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
Qonunga muvofiq, fuqarolar yadroviy qurilmalar xavfsizligi toʻgʻrisida tegishli davlat organlaridan axborot soʻrash va olish, tanishish, yadroviy qurilmalar punktlariga belgilangan tartibda tashrif buyurish huquqiga ega.
Shuningdek, Qonunga koʻra, yadroviy qurilma zonalarida ruxsat etilmagan yigʻilishlar va boshqa ommaviy tadbirlar oʻtkazish taqiqlanadi.
Qonun bilan radioaktiv chiqindilarni Oʻzbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish masalasi ham tartibga solingan boʻlib, unga koʻra respublika hududiga faqat ilgari olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va qayta ishlash mahsulotlari olib kirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali