BAA TIV rahbari bilan uchrashuv
2019-yilning 24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Nyu-York shahrida Birlashgan Arab Amirliklarining Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Al Nahayon bilan uchrashdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, BMT, IHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi o‘zaro munosabatlarning holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi va mamlakat rahbariyati bilan muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.
Uchrashuvda hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish imkonini beruvchi ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqildi.
So‘nggi majlisi shu yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy, investitsion-moliyaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning sohadagi aniq tadbirlar, dasturlar va loyihalarni ilgari surishdagi alohida o‘rni qayd etildi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turistik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini va buning uchun sezilarli salohiyat mavjudligini tasdiqladilar.
Suhbatda, shuningdek, turli darajalarda bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlarning vaqti va kun tartibiga oid takliflar ko‘rib chiqildi.