Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida soliq yukini kamaytirish va tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortishdagi nomutanosibliklarni qisqartirish boʻyicha choralar amalga oshirildi.
Isteʼmol bozorining barqarorligini taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz “zanjiri“ni shakllantirish maqsadida:
1. 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilsin.
2. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning tijorat banklaridagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishning amaldagi tartibi bekor qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasida davlat soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni “tahlika-tahlil” natijalari va oldini olish choralarini koʻrish asosida 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish tartibi belgilanishini nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yilgi Davlat byudjeti loyihasini tayyorlashda:
davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav jamgʻarmasi (ustav kapitali)ning 50 foizi va undan koʻproq qismi davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq boʻlgan yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasining 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishini;
dividend shaklidagi toʻlanadigan daromadlarga soliq stavkasini saqlab qolgan holda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasining 15 foiz miqdorida belgilanishini;
qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi bekor qilinishini nazarda tutsin.
4. Belgilansinki, ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobiga toʻlangan yagona soliq toʻlovi summasi 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga oʻtkaziladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng tushuntirilishini tashkil etsin.
6. 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 26-sentabr