Soliq siyosati: oʻzgarishlar tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 26-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, soliq siyosatida ayrim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
OʻzA muxbiri ushbu islohotlar, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashdagi yangi mexanizmlarning mazmun-mohiyati haqida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod MUSAYEV bilan suhbatlashdi.
– Prezidentimiz farmoniga binoan, 1-oktyabrdan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Ushbu oʻzgarishning ahamiyati haqida soʻzlab bersangiz.
– Mutaxassislar soliq siyosati boʻyicha oʻz fikrlarini bildirgan va qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi yuqori ekanini taʼkidlashgandi. Ammo oʻylab koʻring, Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetiga tushumning uchdan birini qoʻshilgan qiymat soligʻi tashkil etadi. Bu mamlakat oldida turgan koʻplab xarajatlar uchun muhim manba hisoblanadi.
Bugun byudjet tashkilotlarida 1,7 million aholi doimiy ish bilan band, 3 milliondan ortiq pensiya yoshidagi fuqarolar bor. Davlat tomonidan ularga har oy maosh va nafaqalar beriladi. Davlat oʻz oldida turgan ana shunday majburiyatlarni toʻla bajarishi uchun oʻtgan vaqt davomida qoʻshilgan qiymat soligʻini 20 foizda ushlab turishga toʻgʻri keldi.
Oʻtgan yilgi soliq konsepsiyasida 2019-yil 1-yanvardan ish haqi fondiga boʻlgan soliq yukini kamaytirish koʻzda tutilgandi. Natijada ushbu sanadan boshlab jismoniy shaxslarning daromad soligʻi 22 foizdan yagona 12 foizga tushirildi. Sakkiz foizlik ish haqidan sugʻurta badali olish umuman bekor qilindi. Bu bir qaraganda, byudjetga tushumning sezilarli kamayishiga olib kelishini anglatadi. Shu bois mutaxassislar bu oʻzgarishni katta tavakkal, deya baholagandi.
Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻzlab ish tutishi natijasida tadbirkorlar yaratilgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalanib, oʻz faoliyatini yanada jonlantirdi. Buning natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining davlat byudjetiga tushumi ikki baravarga ortishi kuzatildi. Yilning birinchi yarmida qoʻshimcha 571 ming soliq toʻlovchi aniqlandi. Daromad soligʻi davlat byudjetini shakllantiruvchi uchinchi soliq turi ekanini inobatga olsak, bu muhim ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.
Ayni shu natijalar qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini pasaytirish qarorini qabul qilishga turtki boʻldi. Biz 15 foizlik stavkani 2020-yil 1-yanvardan joriy etish taklifini ilgari surgandik. Ammo davlatimiz rahbari bu amaliyotni 1-oktyabrdan joriy qilish va iqtisodiyotda biznes uchun yengilliklar yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasining tushirilishi natijasida respublika miqyosida xoʻjalik yurituvchi subyektlar ixtiyorida 10 trillion soʻmdan ortiq aylanma mablagʻ tejab qolinadi.
– 15 foizli qoʻshilgan qiymat soligʻi amaliyotga joriy etilishi chogʻida tadbirkorlik subyektlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalarga toʻxtalib oʻtsangiz.
– Shu kungacha nazorat-kassa apparatlari xotirasiga yozilgan formulaga muvofiq, xarid qilingan mahsulotlar uchun 20 foizlik qoʻshilgan qiymat soligʻi saqlab qolinardi. 1-oktyabrdan bu amaliyot 15 foiz etib belgilangani bois nazorat-kassa apparatlarini qayta tizimlash zarurati tugʻiladi. Muddati tugamagan shartnomalarga esa tuzatish kiritiladi. Shuningdek, biznes subyektlari imzolagan har bir shartnomani qayta inventarizatsiya qilishi kerak.
– Farmonga muvofiq, yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Ushbu tizimning joriy etilishi va oʻziga xosligi yuzasidan ham oʻz fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
– Bu yildan boshlab yagona ijtimoiy toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadini shakllantiruvchi asosiy toʻlov manbai hisoblanadi. Shu bois yil boshidan mehnat haqiga soliq yukini kamaytirish jarayonida yagona ijtimoiy toʻlovni saqlab qolish va ulardan tushadigan tushumlarni keskin xavf ostiga qoldirmaslik maqsadida ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar uchun avvalgi 25 foizlik stavka saqlab qolingan edi. Qolgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun ushbu raqamlar 12 foizgacha kamaytirildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda davlat ulushi boʻlgan 4 ming 609 korxona mavjud. Ularda qariyb 665 mingga yaqin kishi ish bilan band. Yangi amaliyot sabab ular hisobida 2,7 trillion soʻm mablagʻ jamgʻarib qolinadi. Shu tariqa korxona oʻz faoliyatini rivojlantirish, xodimlarga qoʻshimcha maosh toʻlash imkoniga ega boʻladi.
– Ushbu farmon bilan tadbirkorlar hisob raqamlarini toʻxtatib qoʻyishning amaldagi tartibi bekor qilindi. Qayd etish joiz, bu tartib ijtimoiy tarmoqlarda katta aks-sado berdi. Ushbu amaliyotning ahamiyati haqida gapirib bersangiz.
– Shu kunga qadar, tadbirkor topgan daromadi haqidagi maʼlumotlarni soliq idoralariga taqdim etmagan taqdirda, soliq kodeksiga koʻra, ular mablagʻlarining bankda aylanishiga chek qoʻyilardi. Bunday vaziyatda tadbirkor soliq idoralariga murojaat qilmasa, taqiq belgilanmagan muddatgacha davom etardi.
Hozirgi kunda 18 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektning bankdagi amaliyotlari toʻxtatilgan. Bu iqtisodiyotda pul mablagʻlarining harakatlanishiga chek qoʻyish demakdir.
Prezidentimiz farmoni bilan endilikda soliq idoralari va tadbirkor oʻzaro hamkorlikda ishlashi belgilandi. Shunda ham tadbirkor daromadlarini yashirishda davom etsa, oxirgi chora sifatida cheklov belgilanadi va bu muddat 30 kundan ortiqni tashkil qilmaydi.
– Bugungi kunda soliq maʼmuriyatchiligini amalga oshirishda qanday yondashuvlar ishlab chiqilmoqda?
– Axborot texnologiyalari davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida keng qoʻllanilmoqda, jumladan, soliq siyosati va uning tushumini nazorat qilish sohasida ham. Axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan soliq nazorati mexanizmlari joriy qilinmas ekan, bu islohotlarning toʻla samara bermasligi, davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda kamchiliklarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois soliq organlari faoliyati bugun tubdan oʻzgartirilmoqda. Yetti xil yangi turdagi soliq nazorati mexanizmlari joriy qilinmoqda. Bu qoʻshilgan qiymat soligʻi guvohnomasini olish, bojxona deklaratsiyasi asosida kirib kelgan yuklarning elektron hisob-fakturasini joriy qilish, butun mamlakat tadbirkorlik faoliyati hisobini elektron koʻrinishga oʻtkazish, elektron transport yuk xati joriy qilib, yoʻldagi yuklar harakatini nazorat qilish va mahsulot tayyor boʻlganidan soʻng ular savdosida onlayn nazorat-kassa apparatlarini joriy qilishda namoyon.
Soliq tizimiga bu kabi amaliyotlarni joriy etishda Xitoy, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar tajribalari oʻrganildi. Bu, oʻz navbatida, soliq toʻlovida shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda soliq siyosati, u bilan bogʻliq oʻzgarishlar tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zA