O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi ishlar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama etildi
Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida “O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi davlat organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar, Vena shahridagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishtirokchilar mamlakatlarining doimiy vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalida “O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash masalalari”, “O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirishda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatining ahamiyati” haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Ushbu ma’ruzalarda keyingi uch yilda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining chinakam “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yetishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va bu borada olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Djon Mak Gregor, YeXHT elchilari va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari vakillari kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Davra suhbati yakunida tashkilotchilar 2020-yilda yurtimizda “Markaziy Osiyoda so‘z erkinligi” mavzuida xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
O'zA