Chorvachilik va bogʻdorchilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 16-oktabr kuni chorvachilik va bogʻdorchilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasi rivojida ushbu tarmoqlarning muhim ekanligi inobatga olinib, keyingi ikki yilda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Chorvanasl”, Bogʻdorchilik va Uzumchilikni rivojlantirish agentliklari tashkil etildi.
Yigʻilishda chorvachilik tarmogʻida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi. 2019-yilda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida chorvachilikni rivojlantirish uchun 1 trillion 603 milliard soʻm, parrandachilikka 332 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada mayda shoxli chorva soni 550 ming boshga, parranda soni 6 million 130 mingtaga koʻpaydi.
Yigʻilishda aholini arzon goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlash borasida qilingan ishlar yetarli emas, deb baholandi. Chorvachilik tarmogʻining dolzarb muammosi hisoblangan uzluksiz ozuqa-yem taʼminotini yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi. Bugungi kunda chorvachilikda ozuqaga boʻlgan ehtiyoj faqatgina 30-35 foizga qondiriladi. Xususan, parrandachilikda ozuqaning 85 foizi import hisobiga taʼminlanadi.
Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir, Qoʻngʻirot, Kegeyli va Moʻynoq tumanlarida 1 million gektar pichanzor va yaylov yerlarida 182 ming bosh chorva mollari boqishga moʻljallangan 486 ta loyiha ishlab chiqildi.
Mutasaddilarga 2019-2021-yillarda 300-500 bosh chorva boqishga moʻljallangan 270 ta boʻrdoqichilik kompleksi va 260 ta sutchilik korxonasini tashkil etish ishlarini jadallashtirish topshirildi.
Chorvachilik sohasida mahsuldorlikka erishish uchun avvalo naslchilik masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarur. Yigʻilishda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga xorijiy tajriba asosida naslchilikni rivojlantirish va mahsulot narxini pasaytirish uchun xarajatning bir qismini subsidiyalash mexanizmini ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.
Bogʻdorchilik sohasiga doir masalalar ham kun tartibiga qoʻyildi. Joriy yilning 9 oyida meva-sabzavot eksporti qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Boʻsh yerlardan unumli foydalanish, talab yuqori boʻlgan ekin navlarini yetishtirish natijasida kelgusida ushbu koʻrsatkichni yanada oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Prezidentimiz bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hali talab darajasida emasligini taʼkidladi. Xususan, Qibray va Toshkent tumanlarida mavjud bogʻlarning 912 gektari yoki 20 foizi, tokzorlarning 164 gektari yoki 13 foizi eski va samarasizligi aniqlangan. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan 1 400 gektar lalmi, shuningdek gʻalla ekilayotgan 4 040 gektar yerlar mavjud. Ushbu tumanlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi 19 ta korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda.
Shu bois, meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda bogʻdorchilik sohasida mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Unga koʻra, xorij bozorlarida oʻz tovar belgisiga ega boʻlgan eksportchilar hamda qayta ishlash korxonalari ishtirokida ushbu tumanlarda kooperatsiyalar tashkil etiladi. Har bir tumanda ekinlarni joylashtirish kooperatsiyalar taklifi boʻyicha amalga oshiriladi, ular bogʻ va tokzorlarga koʻchatlarni yetkazib berish, hosildorlikni oshirish yuzasidan koʻmaklashadi. Shuningdek, bogʻdorchilikka ixtisoslashgan har bir tumanda agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri amalga oshirish uchun oʻquv markazlarini ochish vazifasi qoʻyildi.
Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yangi tizimni joriy etish, kooperatsiyalarni moliyaviy taʼminlash yuzasidan aniq amaliy takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Yigʻilishda belgilab berilgan vazifalarning pirovard maqsadi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga 5 milliardga yetkazishdan iborat.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
O'zA