Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.
Oʻzbekistonda 1989-yil 21-oktyabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti va mustaqilligi sari qoʻyilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan oʻzbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi.
Istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.
Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda.
Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.
Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va keng jamoatchilikning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilsin va uning tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash
va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha takliflar tayyorlash;
oʻzbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish boʻyicha hamda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
davlat tilini rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
davlat tilini rivojlantirish boʻyicha dasturlar va “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, “Oʻzbek tili bayrami kuni”ni nishonlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʻzbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qoʻllanishini taʼminlash, geografik va boshqa toponimik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish;
davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) uch oy muddatda:
“Oʻzbek tili bayrami kuni”ni belgilash boʻyicha qonun loyihasini;
“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;
b) ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur oʻrgangan holda ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha Atamalar komissiyasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin;
v) 2020-yil 1-iyunga qadar quyidagi asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan 2020-2030 yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihalarini kiritsin:
mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish;
taʼlim muassasalarida davlat tilini oʻrgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining
nutq madaniyatini oshirish;
davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmogʻida munosib oʻrin egallashini taʼminlash, oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish;
davlat tili qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq holatlarni muntazam va har tomonlama oʻrganish, ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan chet el fuqarolari uchun oʻzbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslarni tashkil etish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 21-oktyabr