Samarqandda 10-11-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “Valday” Xalqaro munozara klubining 10-Osiyo konferensiyasi toʻgʻrisida
Samarqand shahrida 10-11-noyabr kunlari “Valday” Xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Joriy yil oʻninchi bor oʻtkaziladigan mazkur konferensiya oʻtgan davr mobaynida mintaqaviy muammolar va umumiy global tahdidlar boʻyicha ekspertlar muloqotini tashkil etish maydonga aylandi.
Bu galgi konferensiyaning mavzusi – “Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklarning oldini olish boʻyicha keng qamrovli hamkorlik”. Klubning yubiley tadbirini oʻtkazish uchun Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlaridan biri boʻlgan Oʻzbekiston tanlandi.
Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qoʻshni davlatlar tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish siyosati Markaziy Osiyodagi oʻzaro munosabatlar muhitini ijobiy tomonga oʻzgartirgani alohida eʼtiborga olindi.
Bugungi kunda Osiyo mintaqasi zamonaviy dunyoning muhim geosiyosiy markazlaridan biriga aylanib, jahon iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashda alohida oʻrin tutmoqda. Bu esa konferensiyaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin “Anʼanaviy Valday konferensiyasi – 2019” yalpi sessiyasidagi chiqishida Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik tamoyillari xususida soʻz yuritarkan, mohiyatan yangi dunyoviy tartibnining kelajagini tasvirlab berdi. Oʻninchi bor oʻtkaziladigan mazkur konferensiya ishtirokchilari ham jahon va mintaqa yetakchilari qarashlarini tahlil qilib, hududning kelajagiga daxldor gʻoyalarni ilgari surishadi.
“Valday” munozara klubi 2004-yilda tuzilgan. Tuzilma taniqli xalqaro ekspertlarning rossiyalik olimlar, siyosatchilar va davlat arboblari bilan uchrashuvlari uchun qulay platforma sifatida qayd etiladi. Klubning bugungi kundagi faoliyati, asosan, global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni tadqiq etishga yoʻnaltirilgan. Tashkil etilgan kundan boshlab klub ishida 74 mamlakatdan mingdan ziyod ekspert qatnashdi.
Nisbatan yosh boʻlishiga qaramasdan, ushbu munozara maydoni xalqaro ekspertlar jamoatchiligi tomonidan eng nufuzli tuzilmalardan biri sifatida tan olindi.
“Valday” klubi tadbirlari doirasida dunyoda muayyan taʼsir kuchi va doirasiga ega uchli ekspertlar, tahlilchi va mutaxassislar toʻplanadi. Ular muhim muammolar yechimi boʻyicha qarorlar ishlab chiqish jarayonida ishtirok etishadi, jahon iqtisodiyoti va siyosatining dolzarb masalalalariga oid takliflarni muhokama qiladi.
Bu galgi konferensiyani tashkil etishda “Valday” klubining mamlakatimizdagi yetakchi tadqiqot markazi, xalqaro siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamkor hisoblanadi.
“Valday”ning Samarqand shahrida oʻtadigan konferensiyasida 11 davlat, jumladan, Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Hindiston, Tojikiston, Germaniya, Filippin, Yaponiya, Shvetsiyadan 70 dan ortiq ekspert ishtirok etishi kutilmoqda.
Bu yilgi tadbirda ilk bor Gʻarb davlatlaridan vakillar, jumladan, Frankfurtdagi Dunyoni oʻrganish instituti muxbir-aʼzosi Xans-Yoaxim Shpanger, Uppsal universiteti Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari instituti (IRES) dotsenti Gregori Saymons, Germaniya-Rossiya forumi ilmiy direktori Aleksandr Rar singari taniqli mutaxassislar qatnashadi. Osiyoning eng yirik davlatlaridan keladigan ekspertlar orasida “Sasakawa Peace Foundation” katta ilmiy xodimi Taysuke Abiru, Fudan universiteti Xalqaro tadqiqotlar instituti professori Chjao Xuashen, Filippin futurologiya markazi ijrochi direktori Alan Ortiz va boshqalar bor.
Rossiya tomonidan konferensiyada Yevroosiyo iqtisodiyot komissiyasi Protokol va tashkiliy taʼminot departamentining tahliliy kuzatuv boʻlimi boshligʻi Viktor Shaxmatov, SKOLKOVO Moskva boshqaruv maktabining Yevroosiyo tadqiqotlari laboratoriyasi rahbari Gauxar Nurgaliyeva, “Valday” Xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi raisi Andrey Bistriskiy, “Valday” Xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ilmiy ishlar boʻyicha direktori Fyodor Lukyanov, “Valday” klubi dasturiy direktori Timofey Bordachyov va boshqalar ishtirok etadi.
Konferensiyaga mezbon sifatida mamlakatimizdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Akmal Saidov qatnashadi.
Konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Doniyor Qurbonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro, iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Sherzod Abdullayevlar ekspertlar darajasida ishtirok etadi.
Konferensiyada mintaqaviy dolzarb masalalar jahon miqyosidagi yirik evrilishlardan kelib chiqib muhokama etiladi. Kun tartibiga qoʻyilgan masalalar orasida xalqaro xavfsizlik va makromintaqaviy barqarorlikni rivojlantirish mavzulari muhim oʻrin tutadi.
Mintaqaviy hamkorlikni birgalikda rivojlantirish, global barqarorlik darajasini oshirish yoʻllarini qidirishga bagʻishlangan shoʻba majlislari ham tashkil qilinadi. Osiyo mintaqasi istiqbolini belgilashdagi yondashuvlar muhokamasiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama muloqotlar kelajagi alohida shoʻba majlislarida muhokama qilinadi. Unda oʻzaro aloqalarning joriy holati, ikki davlat hamkorligining yangi shakl va yoʻnalishlarini topish masalalariga alohida eʼtibor beriladi.