Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari turmushga faol tatbiq etilmoqda, bu qoidalar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari millatidan qat’i nazar O‘zbekiston xalqini tashkil etishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini e’lon qiladi va kafolatlaydi.
Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilgan bo‘lib, u o‘z faoliyatini yuritmoqda hamda jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.
Amalga oshirilayotgan ustuvor yo‘nalishlar sur’atini, keng ko‘lamli demokratik islohotlarni, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy jihatdan erkinlashtirish va jamiyat hayotining boshqa jabhalarida erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlar tahlili O‘zbekiston xalqi yagona g‘oya – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olijanob maqsadlar va g‘oyat muhim vazifalarga erishishdan iborat yagona maqsad atrofida birlashganligini ta’kidlash uchun barcha asoslarni beradi.
Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy munosabatlarda davom etayotgan globallashuv va transformatsiya, dunyoda iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib, axborot va kibermakonlarida qarama-qarshi kurash ortib borayotgan bir sharoitda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida o‘z yechimini taqozo etayotgan bir qator dolzarb masalalar saqlanib qolmoqda, quyidagilar shular jumlasidan:
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini yanada oshirish;
jamiyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish bo‘yicha faoliyatni tashkil etish asosi sifatida joylarda millatlararo munosabatlar holatini monitoring qilish tizimi va mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish;
millatlararo muomala madaniyatini tarbiyalash, O‘zbekiston xalqining tarixi va an’analarini o‘rganish bo‘yicha ta’lim, axborot va madaniy-ma’rifiy chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari mutaxassislarini, shuningdek, boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarni takomillashtirish.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish va yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Quyidagilar millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
jamiyatda ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, mamlakat hududida va undan tashqarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro hamkorlikni va chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xorijdagi o‘zbek diasporalari bilan yaqin hamkorlik qilish, O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘-e’tibori va imijini oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining davlat va jamiyatni rivojlantirishdagi ustuvor maqsadlarni, ilg‘or xorijiy tajribani e’tiborga olgan holda millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.
2. Quyidagilar:
Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2019-2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Qo‘mitaning uning tuzilmasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza bo‘limi o‘rniga yuridik shaxs tuzmasdan, shtatdagi xodimlar soni 4 nafardan iborat Millatlararo munosabatlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar tashkil etilayotgan Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
millatlararo munosabatlar sohasida tizimli asosda ilmiy, shu jumladan, ijtimoiy tadqiqotlar, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi jarayonlar rivojining monitoringini olib borish;
millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy maqolalar, kitoblar, ilmiy-tadqiqot materiallari, axborot-tahliliy sharhlar tayyorlash va e’lon qilish;
yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida millatlararo munosabatlar sohasida ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, ma’ruzalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;
millatlararo munosabatlar sohasidagi muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda xorijiy tajribani tahlil qilish hamda O‘zbekiston sharoitida ana shu tajribadan foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
millatlararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda millatchilik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish, shuningdek, mazkur sohadagi xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash.
4. Qo‘mita bir oy muddatda:
boshqaruv xodimlarining Qo‘mita zimmasiga yuklangan vazifalarni professional darajada amalga oshirishga qodir bo‘lgan, zarur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda davlat organlari xodimlarining, shuningdek, millatlararo munosabatlar sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining (ular roziligi bilan) malakasini oshirish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilishini ta’minlasin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga:
milliy madaniy markazlarni rivojlantirishga, ular bilan hamkorlikni mustahkamlashga, jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlashda ularning salohiyatini to‘la-to‘kis amalga oshirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
millatlararo totuvlikning holati va uni rivojlantirish tendensiyalari to‘g‘risida tegishli axborot, axborot-tahliliy hujjatlar, hisobotlar tayyorlash va ularni keyinchalik Qo‘mitaga kiritish vazifalari yuklansin.
6. Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tuzilsin va uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jamiyatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodlari, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldidagi tengligini ta’minlashga qaratilgan millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish;
millatlararo munosabatlar sohasida ishlar holatining joylarga chiqib tizimli o‘rganilishini tashkillashtirish, Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda Qo‘mita, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, qilingan ishlar to‘g‘risida ularning rahbarlari hisobotlarini doimiy ravishda eshitish.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2020 yil 1 yanvarga qadar millatlararo munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini;
2020 yil 1 fevralga qadar millatlararo munosabatlar sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish maqsadida mazkur soha holatini monitoring qilish tizimini tashkil etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
8. Qo‘mita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda
bir oy muddatda:
xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish maqsadida do‘stlik jamiyatlari faoliyati takomillashtirilishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar kompleksini;
milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga hamda millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatni amalga oshirishda ularning rolini kuchaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Qo‘mita:
Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga;
vazirlik va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari (bir nusxada) majburiy tarqatiladigan tashkilotlar ro‘yxatiga;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining hamda boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti majburiy tarqatiladigan reestrga kiritilsin.
10. Quyidagilarga:
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning rahbarlariga – Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi hamda ularning amalga oshirilishi to‘g‘risida Qo‘mitaga har chorakda axborot taqdim etilishi yuzasidan;
davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari – do‘stlik jamiyatlari raislariga – rahbarlik qilayotgan organlar va tashkilotlarning ma’muriy binolarida xizmat xonalari do‘stlik jamiyatlariga beg‘araz berilishi, shuningdek, belgilab qo‘yilgan vazifalarning samarali bajarilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi yuzasidan;
Qo‘mita raisi R.D.Qurbonovga – Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi” amalga oshirilishi to‘g‘risidagi yig‘ma axborot mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq takliflar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda taqdim etilishi yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil qilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–2993-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
13. Qo‘mita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYОYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 15 noyabr