12-dekabr kuni Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganiga 2 yil to‘ladi
Prezident tashabbusi bilan 2017-yil 12-dekabrda Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va uning 201 ta Davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi. Agentlikni tashkil etishdan asosiy maqsad davlat xizmatlarini olish tartibini soddalashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi asossiz talablar, byurokratiya va korrupsiya alomatlarining oldini olishdir. Ushbu tuzilma xalq ishonchini qozonib, o‘z faoliyati samaradorligini namoyish eta olgan Xalq qabulxonalari negizida tashkil etildi.
Markazlarni tashkil etish samaradorligi statistik ko‘rsatkichlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, 2017-yil davomida “yagona darcha” markazlari orqali 120 mingdan ortiq xizmatlar taqdim etilgan bo‘lsa, Agentlik tashkil etilgan vaqtdan boshlab bugungi kunga qadar Davlat xizmatlari markazlari 20 millionga yaqin xizmatlarni ko‘rsatdi va ushbu ikki yil ichida taqdim etilayotgan xizmatlar turi 120 taga yetdi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich kengayishda davom etmoqda, ya’ni mamlakatimiz aholisi orasida eng ommabop xizmatlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Aholining markazlarga murojaat qilish madaniyatini oshirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi chekka hududlar aholisi, ayniqsa, o‘z biznesini ochmoqchi bo‘lgan yoshlar va tadbirkorlar uchun uchrashuvlar tashkil etmoqda. Davlat xizmatlarini masofadan olish uchun keng qamrovli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar sohani rivojlantirish yo‘lida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan:
- davlat xizmatlarini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar soni 112 tadan 52 taga qisqartirildi;
- davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari ikki barobarga, ya’ni – 280 kundan 126 kungacha qisqartirildi.
-aholining ortiqcha ovoragarchiligi, vaqt va mablag‘larini tejash maqsadida olis hududlarda Davlat xizmatlari markazlarining shohobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda respublika bo‘ylab 53 ta shohobcha faoliyat yuritmoqda.
Hozirgi kunda har bir DXMda qabul burchagi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni olishlari mumkin, Markaz direktori esa har bir xizmat oluvchini shaxsan kutib oladi.
Shuningdek, so‘rov va takliflar bilan ishlashning samarali qayta aloqa tizimi yaratilgan. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida bugungi kunda qayta aloqa uchun Telegram-bot, Facebookda rasmiy sahifa va “1148” qisqa raqamli “ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirda mamlakat bo‘ylab yangi, shinam Markazlar qurilishi boshlab yuborilgan bo‘lib, butun respublika bo‘ylab 60 ga yaqin bunday binolar foydalanishga topshirildi.
Markazlarning yangi binolari maxsus uslubda bezatilgan bo‘lib, qo‘shimcha qulayliklar inobatga olingan. Jumladan onlayn-xizmatlarni olishga mo‘ljallangan ma’lumot kiosklari, zal bo‘ylab joylashtirilgan ko‘rsatkichlar, taqdim etilayotgan xizmatlarning sifatini baholash uchun pultlar, elektron navbat chiptalari va qulay kutish joylarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Shuningdek, yangi binolarda ona va bola xonasi, tibbiy yordam punkti, davlat bojlarini to‘lash uchun kassa, davlat xizmatlarini olish jarayonlarini hamda navbatingiz tartib raqamlarini namoyish etuvchi monitorlar, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus burchaklar, kutubxona, kafe va bepul Wi-Fi tarmog‘idan foydalanish imkoniyatlari mavjud.
Nogironlar uchun tegishli qulayliklar yaratilgan bo‘lib, bir so‘z bilan aytganda, har bir fuqaroga individual yondashilgan.
Milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, hududlarga investitsiyalarni jalb qilish, aholi orasida tadbirkorlik faolligini oshirish bugungi kunda O‘zbekiston oldida turgan asosiy vazifalardandir.
Ma’lumki, tadbirkorlik dunyosiga birinchi qadam Davlat xizmatlari markazlaridan boshlanadi, chunki aynan shu yerda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni amalga oshiriladi. Davlat xizmatlari agentligi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish uchun yagona vakolatli organ hisoblanadi. Shu sababli ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha xalqaro reytinglarda pozitsiyalarni yaxshilash vazifasi Adliya vazirligi va uning huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan.
Maxsus avtomatlashtirilgan tizimning yaratilishi tufayli hozirda tadbirkorlik faoliyatini Davlat xizmatlari markazlarida atigi 15-20 daqiqada ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, bir vaqtning o‘zida bank hisob raqamini ochish mumkin. Ushbu jarayonni masofadan turib, “onlayn” tartibda bajarish imkoniyati yarartildi. Fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanishlarini rag‘batlantirish maqsadida esa davlat bojlarini to‘lashda turli imtiyozlar va chegirmalar joriy etilmoqda.
Barcha tadbirkorlar uchun ochiq platformaning ishga tushirilishi natijasida investorlar va boshqa tadbirkorlik subyektlari kelajakdagi biznes sherigi haqidagi kerakli ma’lumotlarni, jumladan kompaniyaning nomi, ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, ustav kapitalining hajmi, shuningdek ta’sischilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “onlayn” rejimda olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bu esa, ishbilarmon sherikning nufuzi va professionalligiga ishonch hosil qilishga ko‘maklashib, tadbirkorlar uchun zarar keltirishi mumkin bo‘lgan firibgarlik va boshqa salbiy hamkorlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasi, Jahon bankining «Doing business-2020» yoki «biznesni yuritish» yillik hisobotida zamonaviy O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta tadbirkorlarni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha 190 mamlakat orasida 8-o‘rinni egallab, eng yaxshi o‘ntalikka kirishga muvaffaq bo‘lganida namoyon bo‘ldi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, 2019-yil 1-iyundan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlarining aksariyatini eksterritorial tarzda, ya’ni fuqarolarning doimiy (vaqtincha) yashash joyi va yuridik shaxslarning pochta manzili (joylashuvi)dan qat’iy nazar istalgan Davlat xizmatlari markazlarida olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Davlat xizmatlari agentligi tezkor va sifatli davlat xizmatlaridan aholining 100% foydalanishi imkoniga ega bo‘lishidan manfaatdordir. Shu sababli bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” loyihasini ta’kidlash muhim bo‘lib, unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- qishloq joylardagi aholining zaif qatlamlari, ayniqsa, ayollar, yoshlar va bolalar, qariyalar va nogironlarning turmush darajasini yaxshilash borasida O‘zbekiston hukumatining muhim qadamlaridan biri bo‘lmish davlat xizmatlarining sifatini oshirish. Chunki aynan mana shu guruhlar raqamlashtirish jarayoniga nisbatan ta’sirchan;
- davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimida shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash. Bunga fuqarolarning barcha qatlamlari tomonidan ma’lumot olishning eng ilg‘or tajribalarini o‘rganish va joriy etish, real vaqt rejimida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini monitoring qilish orqali erishiladi;
- davlat xizmatlarini ko‘rsatishning turli bosqichlarida inson omilini cheklash uchun bu jarayonlarni avtomatlashtirish;
- korrupsiyaning oldini olish choralarini qo‘llash.
Shuningdek, loyiha doirasida respublikaning 5 ta viloyati – Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida xalqaro talablarga javob beradigan davlat xizmatlarining yuqori standartlari sinovdan o‘tkaziladi. Yaqin kelajakda esa ushbu tajriba barcha Markazlarda joriy qilinadi.
Bundan tashqari barcha fuqarolarning yashash joyidan qat’iy nazar davlat xizmatlaridan tezkor foydalanishlarini ta’minlash maqsadida loyiha doirasida mahallalarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida davlat xizmatlari markazlarining shohobchalarini ochishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Davlat xizmatlari agentligi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi