YUNESKO “Lazgi”ni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritdi
2019-yilning 12-dekabr kuni Bogota shahrida (Kolumbiya) YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni himoya qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining (NMMHHQ) 14-sessiyasida Xorazm raqsi “Lazgi”ni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO Bosh direktori Odre Azule bilan uchrashuvlari yakunlariga ko‘ra kun tartibida kiritilgan edi.
Sessiyada ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi “Lazgi” nominatsiyasining tantanali taqdimotini o‘tkazdi. Shuningdek, boy tarixga va bebaho madaniy merosga ega mamlakat sifatida O‘zbekiston YUNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga o‘zbek xalqi nomoddiy madaniy merosining ko‘plab boshqa noyob elementlarini taklif qilishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston tomoni kelgusi yillarda ushbu ro‘yxatga kiritish uchun “Baxshi” san’ati va sportning etnik turlari nominatsiyalarni ilgari surish to‘g‘risida rasman e’lon qildi.
O‘zbekistonning YUNESKOdagi Doimiy vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, NMMHHQ “Lazgi”ni ovoz bermasdan keng konsensus asosida Reprezentativ ro‘yxatga kiritishni ma’qulladi. Shunday qilib, oldinroq Reprezentativ ro‘yxatga qo‘shilgan o‘zbek nomoddiy madaniyatining boshqa elementlari “Shashmaqom” va “Boysun tumanining madaniy makoni” (2008), “Katta Ashula” (2009), “Askia” (2014), “Palov madaniyati va an’anasi” va “Navro‘z” (2016) bilan bir qatorda YUNESKO Xorazm raqsini ham saqlab qolish, rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish majburiyatini oladi.
NMMHHQ baholash komissiyasining vakillari ko‘plab sabablarga ko‘ra Reprezentativ ro‘yxatida bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan “Lazgi” raqsi nominatsiyasini ma’qulladilar.
Birinchidan, raqs boy tarixga ega, uning dastlabki elementlari odam olovni ixtiro qilganida paydo bo‘lgan.
Ikkinchidan, “Lazgi” elementlari mintaqadagi boshqa raqslardan tubdan farq qiladi.
Uchinchidan, raqs o‘zining olovli va jo‘shqin tabiati tufayli ma’lum va mashhurdir.
YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni himoya qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi 14-dekabrgacha o‘z ishini davom ettiradi va boshqa 39 mamlakatning madaniy merosi elementlari nominatsiyalarini o‘rganib chiqadi.