O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga bo‘lajak tashrifi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov va Bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya 2019-yil 19-21-dekabr kunlari Malayziyaga tashrif buyuradi.
Mamlakatimizning Malayziyadagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi “Milliy suverenitetni qo‘lga kiritishda taraqqiyotning roli” mavzusidagi Kuala-Lumpur sammitida ishtirok etadi.
Sammit 2014-yildan beri mamlakat yetakchilari, turli davlatlarning jamoatchilik, ishbilarmonlik, akademik va ilmiy doiralari vakillarining mulusmon olami oldida turgan tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha fikr-mulohaza va ilg‘or tajribalarni almashish hamda ilsom tamaddunini qayta tiklashning eng yaxshi yo‘llarini izlab topish bo‘yicha hamkorlik maydoni sifatida o‘tkazib kelinmoqda.
Malayziya Bosh vaziri Mahathir Mohammad Sammitning raisi hisoblanadi.
Tadbir ishida Osiyo va Yaqin Sharqning davlat va hukumat rahbarlari hamda boshqa mamlakatlar hukumatlarining yuqori mansabdorlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi dasturida Kuala-Lumpur shahrida qator vazirlik va idoralar, Malayziyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasining Malayziyaning qator yetakchi islom universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan amaliy hamkorligi to‘g‘risida Bitim imzolash ham rejalashtirilgan.