YeXHTning yana bir organidan 50dan ortiq kuzatuvchi O‘zbekistonga keladi
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligi uchun saylovlarga tashkilotga a'zo davlatlar parlamentariylarini jo‘natish borasidagi ilk qarorini qabul qildi.
Tashkilot rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, YeXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi tarkibiga YeXHTga a'zo bo‘lmish 25 davlat, jumladan, Daniya, Shvetsiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Estoniya, Latviya va boshqa davlatlar parlamentlarning 50dan ortiq vakillari kiradi.
Delegatsiyaga YeXHT Parlament assambleyasi vitse-prezidenti, norvegiyalik Kari Henriksen boshchilik qiladi.
YeXHT PAning rasmiy bayonotida delegatsiyani jo‘natish haqidagi qaror O‘zbekistonda keng miqyosdagi islohotlar, jumladan, saylov qonunchiligida ham juz'iy yangilanishlar boshlangani bilan bog‘liqligi ta'kidlab o‘tilgan.
YeXHT parlamentariylari bo‘lajak saylovlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar uchun sinov tariqasida ko‘rmoqda va mamlakatda demokratik o‘zgarishlarga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanlarini bildirishgan.
Ma'lumot uchun, 1993 yildan buyon saylovlarni kuzatib kelayotgan YeXHT Parlament assambleyasi shu kunga qadar YeXHTning 30dan ortiq davlatida, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlarda bo‘lishgan. YeXHT PA delegatsiyasi xulosalari va baholari O‘zbekistonga saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish imkonini beradi.
So‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston YeXHT PA bilan hamkorlikni sezilarli faollashtirgan, mamlakat delegatsiyasi Assambleya sessiyalarida muntazam ishtirok etmoqda.
2017 yilda YeXHT Parlament assambleyasi raisi Kristin Muttonen O‘zbekistonga keldi. 2018 yilda YeXHT PA raisi Georgiy Tsereteli va bosh kotibi Roberto Montellaning rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
2018 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida ishtirok etgan G.Tsereteli O‘zbekiston prezidenti tomonidan tashabbus ko‘rsatilayotgan, inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini, sud tizimining mustaqilligini ta'minlash borasidagi islohotlarga yuqori baho berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilgi O‘zbekistondagi parlament saylovlarida ilk bor YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning to‘liq miqyosdagi missiyasi kuzatuvchilik qiladi. Ular shu yilning 25 noyabridan boshlab O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan.
Kuni kecha YeXHT DIIHBning 25 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan oraliq hisoboti e'lon qilindi. Unda saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish borasida sezilarli yutuqlarga erishilgani, mamlakat hukumatining jamoatchilik va davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha sa'y-harakatlari e'tirof etilgan. Umuman, bu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rishga ijobiy baho berilgan.
Shu yilning 17 dekabr kuni YeXHTga a'zo 30 davlatdan 224 nafar qisqa muddatga kuzatuvchilar kelishi kutilmoqda. Ular saylovlarni bevosita hududlarda kuzatishadi.
YeXHT DIIHB kuzatuvchilarining qisqa muddatli missiyasiga rahbarlik va maxsus muvofiqlashtiruvchisi funksiyasi YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti Georgiy Tsereteli zimmasiga yuklangan.
Xorijiy ekspertlar parlament saylovlarini kuzatish uchun YeXHTning ikki missiyasi (DIIHB va PA)ni jo‘natish haqidagi qarorini O‘zbekistonda demokratik islohotlar e'tirof etilganligi, shuningdek, mamlakatda demokratik islohotlarning borishiga parlament ta'sirini oshirishda katta rol o‘ynashga chorlovchi saylov jarayoniga yuqori ishonch ko‘rsatilayotganligi sifatida baholashmoqda.
Qayd etilishicha, parlament saylovlarida xorijiy kuzatuvchilarning keng jalb etilishi O‘zbekistonning xalqaro standartlar va umum qabul qilingan me'yorlarga mos keluvchi halol, shaffof va chin demokratik saylov o‘tkazishga bo‘lgan dadil qat'iyatiga yorqin dalildir.
Kun.uz