AQSh va Kanadada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etdilar
2019-yilning 15-dekabr kuni Atlanta shahrida (Jorjiya shtati) O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda muddatidan oldin ovoz berish bo‘lib o‘tdi.
Ovoz berishda mamlakatimizning 70 ga yaqin fuqarolari ishtirok etdilar.
Shu kunning o‘zida Kanadaning Toronto shahrida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazildi. Unda 110 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari ovoz berdilar. Ba’zi saylovchilar Kanadaning uzoq hududlari, jumladan Alberta (3,7 ming km), Ontario (950 km), Kvebekdan (540 km) muddatidan oldin ovoz berish uchun yetib keldilar.
Hamyurtimiz Nodira Yo‘ldosheva so‘zlariga ko‘ra, u va uning oilasi 13 yildan ortiq Kanadada istiqomat qilmoqda va birinchi marta O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi bunday keng ko‘lamli siyosiy tadbirni tashkil etdi.
O‘zbekiston fuqarosi Kseniya Tsoy ta’kidlashicha, bugun u ovoz berish maqsadida Ottavadan kelgan. O‘z vatanida bo‘layotgan voqealar uning uchun juda muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq, AQSh hududida 150-Shayxontohur saylov okrugiga biriktirilgan mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasida 12-sonli va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasida 33-sonli saylov uchastkalari tashkil etilgan.
O‘zbekiston fuqarolari barcha masalalar bo‘yicha quyidagi aloqa ma’lumotlari orqali murojaat qilishlari mumkin:
O‘zbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi – Tel: +1-202-887-5300 (ichki 1), Tel./telegram: +1-202-251-8298, elektron pochta: consul.washington@mfa.uz, telegram-kanal: @ElchixonaUz, veb-sayt: www.uzbekistan.org;
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi – Tel: +1-212-754-7403 // +1-212-754-6178 (ichki raqamlar 107 va 109), Tel: +1-917-539-4664, +1-347-217-4406, elektron pochta: info@uzbekconsulny.org, veb-sayt: www.uzbekconsulny.org.