Orol dengizining 700 ming gektar qurigan maydonida o‘rmonzorlar barpo qilish boshlandi
Orol dengizining qurigan maydoniga “yashil qoplama“ – himoya o‘rmonzorlarini barpo qilishning navbatdagi mavsumi boshlandi
Mo‘ynoq tumaniga qarashli sobiq Vozrojdeniye oroli hududida samolyotda urug‘ ekish ishlari boshlandi.
—2019—2020-yillarda dengizning qurigan maydoniga, ya’ni Vozrojdeniye va Aqpetkey hududlaridagi 700 ming gektar maydonda “yashil qoplama“ — himoya o‘rmonzorlari barpo qilish uchun cho‘l o‘simliklarini ekish belgilangan. Shu maqsadda 100 ming gektar maydonda ko‘chat ekish, 510 ming gektar maydonda samolyot yordamida urug‘dan ekish hamda 90 ming gektar maydonda texnika yordamida urug‘dan ekish rejalashtirilmoqda, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Erniyaz Akimniyazov.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi tarkibidagi davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 241 gektar maydonda saksovul urug‘idan ko‘chatxona tashkil etilib, shundan 61 million dona saksovul ko‘chati yetishtirildi hamda 700 tonnaga yaqin cho‘l o‘simliklarining urug‘lari tayyorlandi. Urug‘ tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, 2018—2019-yillarda Orol dengizining qurigan maydonlarida 1500 nafarga yaqin ishchi kuchi yordamida 1532 tonna cho‘l o‘simliklari urug‘i (saksovul urug‘idan 1459 tonna va qorabaraq urug‘idan 73 tonna) tayyorlangan edi.
Keng qamrovli obodonlashtirish ishlarida 2 ta samolyot (AN-2) va 500 ga yaqin maxsus texnikadan foydalanilgan. Ular yordamida 1 million 126 ming gektar maydonda qariq (borozda) tortish ishlari olib borildi va 461 ming gektar maydonda saksovul urug‘lari ekildi, ko‘chatlari o‘tqazildi.
Ekish ishlari mart oyiga qadar davom etadi.
Daryo.uz