Pekin shahrida saylovchi talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-yilning 3-dekabr kuni Pekin grafik kommunikatsiyalar institutida 22-dekabrda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament sayloviga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra diplomatik vakolatxona huzurida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyasi a’zolari mazkur institutda tahsil olayotgan vatandoshlarimizga saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish, jumladan muddatidan oldin ovoz berish joylari va vaqtlari haqida batafsil axborot berishdi, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Uchastka saylov komissiyalari a’zolari, shuningdek, Yunnan, Shensi, Szyansu, Hubey provinsiyalarida, Pekin, Shanxay, Tyanszin, Guanchjou shaharlarida ham bo‘lib, saylovda ovoz berish huquqiga ega O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.
O‘zbeksiton Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Xitoy Xalq Respublikasi hududida 37 va 48-saylov uchastkalari tuzilib, ular Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha 146-Astrobod saylov okrugiga biriktirildi.
Saylov uchastkalari quyidagi manzillarda joylashgan:
- O‘zbekistonning Xitoydagi Elchixonasi huzuridagi 37-saylov uchastkasi manzili: 100600, Pekin shahri, Liang Maqiao ko‘chasi, 41-uy. Tel.: +86-10-6532-6305, +86-10-6532-2551.
- O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi huzuridagi 48-saylov uchastkasi manzili: 200080, Shanxay shahri, Hong Kou tumani, Wusong Road, 308, Yao Jiang Development Centre, 801-ofis. Tel.: +86-21 6307-1896.