«Hech kim, hech qanday kuch bizni oʻz tanlagan yoʻlimizdan qaytara olmaydi»
Bugun mahalla jamoatchilik nazoratining yetakchi boʻgʻini sifatida maydonga chiqmoqda. Tuzilmaning ayni jarayondagi ishtiroki odamlarni qiynayotgan muammolar hal qilinishi, rahbarlarning qonunlarga rioya etishi hamda vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishini taʼminlayotir.
Har yili Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni yuqori kayfiyat bilan kutib olamiz, oʻzgacha shukuhda nishonlaymiz. Bu sana arafasida erishilayotgan natijalarni sarhisob qilib, oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab olamiz. Yakunlanayotgan yilda bajarilgan ishlar koʻz oldimizdan oʻtadi, nimalarga erisha oldigu qaysi vazifalarni uddalashda sustkashlikka yoʻl qoʻyildi, degan savol koʻndalang boʻladi...
Yigirma yetti yil — tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi, tom maʼnoda ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Ana shu mashaqqatli va sharafli yoʻlda erishgan hamda erishayotgan yutuqlarimizni Konstitutsiyamiz bilan bogʻlashimiz bejiz emas. Zero, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlgan Asosiy Qonunimiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilyapti.
Bosh Qomusimiz negizida yaratilgan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishda beqiyos oʻrin egallamoqda. Xalq bilan doimiy muloqotda boʻlish, odamlar dardu tashvishlarini hal etish, ularni rozi qilish davlat va barcha boʻgʻindagi rahbarlar faoliyati bosh mezoniga aylandi. Mustaqillikning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ayni shu fikrlarni eʼtirof etdi. Maʼruzada davlatimiz rahbari tomonidan soʻnggi yillarda barcha soha va tarmoqlarda olib borilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, samarasi haqida aniq fikrlar, mushohadalar bildirildiki, bu oʻz Vatanini sevadigan, uning taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan qaraydigan har qanday odamni quvontiradi.
Bugun xalqimiz tom maʼnoda uygʻondi
“Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi”. Sohibqiron Amir Temur bobomiz olti asr muqaddam aytgan bu oʻgit bugun ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Aksincha, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni boʻlib xizmat qilayotir.
Masalaning yana bir jihati borki, xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini taʼminlash qiyin boʻladi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda esa jamoatchilik nazoratidan ham koʻra samarali vosita yoʻqligini ayni paytda hayotning oʻzi isbotlab turibdi. Shu maʼnoda, bugun jamoatchiligimiz uygʻondi, turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, oʻz fikrini erkin ifoda etayotganini koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz.
Misol uchun, yakunlanayotgan yilda Davlat byudjeti ilk bor keng muhokamaga qoʻyilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir soʻmni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq koʻrsatib berildi. Bildirilgan fikrlar asosida maktablarga parta, doska va kompyuterlar xarid qilish uchun byudjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi. Bu ham, oʻz navbatida, odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan masʼuliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini koʻrsatadi. Bunday tajriba mamlakatimiz tarixida birinchi marta yuz berayotgani esa yanada ahamiyatlidir.
Yana bir jihat: jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omilidir. Xoʻsh, ayni jarayonlarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻrni va ahamiyati qanday? Jamoatchilik nazorati subyekti sifatida ular oʻz vazifasini qay darajada bajarmoqda? Umuman, bu jarayonda mahallalarning roli sezilyaptimi?
Mahalla — jamoatchilik nazoratida yetakchi boʻgʻin
Davlatimiz rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq millat qaddini, qadrini tiklaydigan olamshumul ishlarga qoʻl urdi. Eʼtibor bering: qabul qilinayotgan har bir Farmon yoki qarorda, hududlarga tashriflarda, maʼruzalarda faqat bir jihat bot-bot tilga olinadi: “xalqimiz ishonchini qozonishimiz, ularni rozi qilishimiz lozim”.
Bu bejiz taʼkidlanmayapti. Zero, Oʻzbekistonda yangi davr shunday boshlandi. Bu jarayonda esa hech bir soha eʼtibordan chetda qolmayapti. Jumladan, mahalla tizimi, uning odamlarni oʻylantirayotgan masalalarni tezkor aniqlash va hal etishdagi ishtiroki, jamoatchilik nazorati sohasidagi faoliyati Yurtboshimizning doimiy eʼtiborida. Bu haqda soʻz borganda, davlatimiz rahbarining: “Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining koʻzgusiga aylanishi kerak. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy boʻlishi lozim. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor boʻlishi, kim nima bilan mashgʻul — hammasini bilishi darkor. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad — mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan xabardor boʻladigan maskanga aylantirishdir” degan gaplarini keltirish oʻrinlidir.
Ayni fikrlarning oʻziyoq mahallaning jamoatchilik nazoratidagi oʻrni naqadar beqiyos ekanini koʻrsatib turibdi. Sohaga qaratilayotgan eʼtibor natijasi oʻlaroq, bugun mazkur institut jamoatchilik nazoratining asosiy subyekti sifatida maydonga chiqmoqda.
Birgina mahalla tarixiga nazar solsak, bu boradagi eng taʼsirchan maskan ekani yaqqol koʻzga tashlanadi. Jamoatchilik nazorati azal-azaldan urugʻ, qabila va oqsoqollar kengashi koʻrinishlarida amalda boʻlib kelgan. Jumladan, har bir oilada ota-onalar tomonidan farzandlar tarbiyasiga befarq boʻlmaslik kabi fazilatlar singdirilgan, mahallada hududga kirib-chiquvchilarga nisbatan ogoh boʻlish, ularni nazoratga olish kabi shakllarda jamoatchilik nazoratining maʼlum bir meʼyorlari belgilab berilgan. Ularning barchasiga oqsoqollar kengashi bosh-qosh boʻlgan.
“Mahalla raisi kelajakda hokim boʻlishi mumkin, ammo hokim mahalla raisi boʻla olmaydi”. Prezidentimizning ushbu taʼkidi faollar zimmasidagi masʼuliyat zalvori nechogʻli ulkan ekanini anglatadi. Chindan ham, bugun mahalla raislariga katta ishonch bildirilgan. Uni oqlash, ishonchga munosib boʻlish uchun tinimsiz mehnat, faollik va fidoyilik talab etiladi. Zero, mahalla ahlini hech kim yigʻin raisichalik yaxshi bilmaydi.
Nazorat bor joyda ish sifati, faoliyat samaradorligi ochiq va shaffof boʻladi. Ayni jihatdan jamoatchilik nazoratining mustahkam oʻrnatilishi davlat uchun ham, jamiyat uchun ham birdek foydalidir. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: fuqarolar yigʻinlari tomonidan davlat tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilishining muhimligi nimada?
Avvalambor, jamoatchilik nazorati faqatgina jamiyat uchun emas, balki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini samarali tashkil qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Zero, jamoatchilik nazorati qonunlar samarali ishlashini taʼminlashga, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish bilan birga, uni himoya qilishga daʼvat etadi, davlat tuzilmalari takomillashuvini taʼminlaydi. Bu esa, pirovardida jamoatchilik nazorati orqali bugun oʻta dolzarb hisoblanib kelinayotgan davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi hamda masʼuliyatini oshirishga zamin yaratadi.
Ayni paytda jamoatchilik nazorati orqali fuqarolar fikr-mulohazalarining ijtimoiy hayotdagi taʼsirchanligi ortadi, davlat kelajagiga befarq boʻlmagan va ijtimoiy faol aholi qatlami shakllanib boradi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatda islohotlarning yanada samarali olib borilishini taʼminlaydi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari jamoatchilikning ishonchi va koʻmagida oʻz faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkoniga ham ega boʻladi.
Nazorat qanday shaklda olib borilmoqda?
Amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq, mahallalar tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning asosiy tamoyil va shakllari aniq belgilab berilgan. Jumladan, bugun fuqarolar yigʻinlari qonun hujjatlari, shuningdek, oʻz qarorlari ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda.
Dastavval mahallalar, ayniqsa, odamlarning murojaatlari asosida ish koʻrib kelgan boʻlsa, endilikda ular yilning har choragida tuman, shahar va viloyat hokimliklari rahbarlarining fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish huquqiga egadir. Bunday tadbirlar natijasida aholi tomonidan bildirilgan muammolar va kamchiliklar oʻz yechimini topmoqda. Shu bilan birga, mahallalar atrof-muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish masalalari yuzasidan oʻz vakolati doirasida tegishli hududda joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini tinglab borayotir. Ularda mahallalar hayotiga daxldor, aholini oʻylantirib kelayotgan muammolar muhokama qilinyapti, yechimlari izlanyapti.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan aholi murojaatlari va muammolarini aniqlash hamda hal etishda “mahalla — sektor — Xalq qabulxonasi — mahalla” prinsipi asosidagi hamkorlik tizimi joriy etildi. Endilikda aholini qiynayotgan muammo va masalalarni hal etish “quloqqa chalingan” gaplar asosida emas, balki bevosita uyma-uy yurib, keng jamoatchilik ishtirokida koʻrib chiqilayotgani masʼullar zimmasidagi masʼuliyatni yanada oshirmoqda.
Har qanday muammo loqaydlik yoki eʼtiborsizlik tufayli yuzaga kelishini inobatga olsak, Yurtboshimizning ushbu Farmoni ijro etuvchi organlarni aholi bilan yaqin va hamjihatlikda ishlashga, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotir. Amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, qoʻlga kiritilayotgan natijalardan koʻringan xulosa shuki, mahalla bugun tom maʼnoda jamoatchilik nazorati vakolatini qoʻlga oldi.
Har qanday ish uning natijasi bilan baholanadi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, jamoatchilik nazorati natijalari boʻyicha ham bayonnoma, xulosa, maʼlumotnoma yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda yakuniy hujjatlar tayyorlanishi mumkin. Unda bayon etilgan axborotlar, tavsiyalar va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi va ular yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinadi.
Maqsad kimnidir jazolash emas...
Bugungi islohotlar koʻrsatib beryaptiki, jamoat tashkilotlari, xususan, mahallalarning ishtirokisiz davlat organlari oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalarini samarali hamda toʻlaqonli amalga oshirishlari qiyin. Bunday sharoitda jamoat tashkilotlari davlat bilan xalq oʻrtasidagi vositachi sifatida ijtimoiy muvozanatni yuzaga keltirishga xizmat qiladi.
Jamoatchilik nazoratining maqsadi kimnidir jazolash emas, balki qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, dasturlarda odamlar manfaatlari, fikrlarini hisobga oldirish, ijtimoiy va jamoatchilik ahamiyatiga ega dolzarb vazifalar va funksiyalarni, davlat xizmatlarining samarali koʻrsatilishini taʼminlash hisoblanadi. Umuman, jamoatchilik nazorati yagona bir maqsadga — xalqimizni rozi qilish va uning turmushini yaxshilashga qaratiladi.
Muxtasar aytganda, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong hamda madaniyat har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot va faoliyat tarziga aylanmogʻi kerak. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga tomoshabin boʻlmasligimiz, ularning ichida boʻlib, daxldorlik bilan ishlashimiz, namuna koʻrsatishimiz, kamarbasta boʻlishimiz, Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida yanada jipsroq birlashishimiz lozim.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbekistonda demokratik islohotlar muqarrar tus oldi va hech kim, hech qanday kuch bizni oʻz tanlagan yoʻlimizdan qaytara olmaydi. Bu — bugungi hayot, bugungi zamon talabi. Bu — koʻp millatli, bagʻrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning xohish-istagi”. Shunday ekan, mamlakatimizda uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan, yurtdoshlarimizning manfaati, ezgu orzu-intilishlarini ifoda etadigan adolatli siyosat yangi, yanada yuksak bosqichda davom etadi.
Shavkat JAVLONOV,
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi boshqaruvi raisi.
“Xalq so‘zi online” veb-sahifasi