“Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti qachon ochilishi maʼlum boʻldi
Joriy yilning 21 dekabr kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida “Amirsoy” zamonaviy togʻ-changʻi kurorti ochiladi. Bu haqda kurort ochilishiga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabariga koʻra, loyihaning birinchi bosqichi 2019 yilning IV choragida, ikkinchi bosqichi esa 2022 yilning III choragida yakunlanishi rejalashtirilgan
“Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti 892 gektar maydonda joylashgan boʻlib, 580 oʻringa moʻljallangan. Loyiha boʻyicha 300 yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 100 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi.
Qishki dam olish maskani umumiy hisobda uzunligi 3 km. dan ortiq 2 ta osma dor yoʻli va jami 10 km. boʻlgan turli murakkablikdagi 8 ta togʻ-changʻi trassalariga ega. Bundan tashqari, togʻ-changʻi kurortida qish mavsumi uchun umumiy uzunligi 21,93 km. boʻlgan dor yoʻli mavjud boʻlib, uning oʻtkazuvchanlik qobiliyati soatiga 2400 kishini tashkil qiladi.
Argentina, Ispaniya va Daniya mutaxassislari nazorati ostida turli murakkablikdagi 15 km. uzunlikdan iborat togʻ-changʻi yoʻllari qurildi. Ularning 4 tasi kurortning eng yuqori nuqtasidan boshlanadi, eng uzun trassa esa 3550 metrni tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, “Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti Oʻzbekistonda qurilayotdagi eng yirik va kutilgan turistik obʼyektlardan biri. Loyiha mamlakatdagi birinchi zamonaviy togʻ-changʻi kurorti boʻlib, unda mijozlarga qulay, xavfsiz va sifatli, jahon talablari darajasida xizmat koʻrsatiladi.
Eslatib oʻtamiz, “Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti 2018 yil dekabrida ochilishi kerak edi. Biroq elektr energiyasini yetkazib berish va avtomobil yoʻllari qurilishidagi muammolar tufayli ochilish marosimi ortga surilgan edi.
Korrespondent.uz