Oʻzbekiston va Yaponiya strategik sherikligida yangi davr
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakat poytaxti Tokioda boʻlib turibdi.
Yaponiya moʻjizasiga duch kelmagan, uning aql bovar qilmas darajadagi yuksak texnologiyalaridan hayratlanmagan odamni topish qiyin. Chunki har kuni bu mamlakatda ishlab chiqarilgan, inson intellektual salohiyatining bemisl kashfiyotlari boʻlgan kundalik roʻzgʻor buyumlaridan tortib yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt yutuqlaridan, boshqa ming-minglab texnikalardan foydalanamiz, ularsiz hayotimizni tasavvur etolmaymiz.
Odamlarda “bu Yaponiyaniki” yoki “Yaponiyada ishlab chiqarilgan” degan tushunchani paydo qilish uchun yapon xalqiga bor-yoʻgʻi yarim asr yetarli boʻldi. Lekin shu qisqa vaqt ichida yaponlar boy tabiiy resurslarsiz, inson tafakkuri bilan ham moʻjiza yaratishga qodirligini isbotlab berdi.
Ha, yapon xalqi oʻz moʻjizalari bilan qancha hayratlantirmasin bundan aslo gʻururlanmaydi, aksincha, yanada koʻproq izlanadi, tinim bilmaydi, kashfiyotlar qilishga intiladi. Shu bois Yaponiya koʻchalarida xotirjam sayr qilayotgan yoki dam olayotgan odamni uchratmaysiz, hamma oʻz yumushiga, kech tushishi bilan uyiga shoshadi. Mubolagʻasiz, vatanparvarlik, mehnatkashlik, tadbirkorlik bu tinim bilmas xalqning qon-qoniga singib ketgan. Shu bois Yaponiya ishlab chiqarish hajmi boʻyicha eng oldingi oʻrinlardan birida turadi, texnologiyalar eksporti boʻyicha dunyoda yetakchilardan sanaladi.
Oʻzbek va yapon xalqlarining oʻxshash jihatlari koʻp. Milliy va axloqiy qadriyatlar, birdamlik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat kabi fazilatlar ikki xalq uchun birdek xosdir. Bu mamlakatlarimizning doʻstligi va oʻzaro hamkorlik munosabatlarida yaqqol aks etmoqda.
Oʻtgan yillarda Oʻzbekiston va Yaponiya ikki va koʻp tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda salmoqli yutuqlarga erishdi. Mamlakatimiz Yaponiya bilan samimiy doʻstlik aloqalarini, strategik sheriklik va hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Yaponiya Oʻzbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkori sifatida eʼtirof etadi.
Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kunchiqar mamlakatga rasmiy tashrifini har ikki tomon oʻzaro munosabatlar tarixida muhim voqea, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnologik sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim qadam deya baholamoqda.
Yaponiyaga tashrifning uchinchi kuni ushbu mamlakat parlamentining quyi palatasida uchrashuvdan boshlandi. Davlatimiz rahbari Vakillar palatasi raisi Tadamori Osima bilan Oʻzbekiston – Yaponiya parlamentlararo munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi faol ishlayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kunchiqar mamlakatning parlamentarizm sohasidagi tajribasini oʻrganish boʻyicha qoʻshma tadbirlar oʻtkazish va oʻzaro almashinuvlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya parlamenti quyi palatasi spikeriga yurtimizda ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan Yaponiya Konstitutsiyasining birinchi nusxasini sovgʻa qildi.
Shavkat Mirziyoyev Vakillar palatasi majlislari oʻtadigan asosiy zal bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti Akiko Santo bilan uchrashdi.
Parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati, ayniqsa, joriy yilda qabul qilingan qoʻshma memorandum doirasida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida faol muloqot olib borilayotgani yuksak baholandi.
Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Taʼlim, madaniyat, sport, gumanitar almashinuv sohalarida keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya parlamenti Maslahatchilar palatasi sessiyalari oʻtkaziladigan tarixiy zal bilan ham tanishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Tokiodagi Akasaka qarorgohida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kitaokani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va ustuvor dasturlarni ilgari surishga qaratilgan koʻp yillik hamkorlik uchun JICA rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Bugungi kunda sheriklikdagi loyihalar qiymati 4 milliard dollardan oshdi. Uzoq muddatli hamkorlik boʻyicha umumiy qiymati 3,5 milliard dollardan ziyod boʻlgan, jumladan, energetika, sanoat va qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, ekologiya, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi loyihalarni oʻz ichiga olgan yangi dastur oʻzaro kelishib olindi.
Kichik va oʻrta biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, taʼlim sohasidagi almashinuvlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va JICA hamkorligidagi har bir loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi.
Tokio shahrida dunyoga mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyini rivojlantirish konsepsiyasiga doir takliflarini taqdim etdi.
Maʼlumki, poytaxtimizdagi muzeyni kompleks rekonstruksiya va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qilmoqda. Yaponiyalik arxitektor Tadao Ando shular jumlasidan.
Uchrashuvda meʼmor tomonidan Venadagi “Albertina” muzeyi direktori Klaus Shryoder va “Alternativ Velt” kompaniyasi prezidenti Adrian Barsan bilan hamkorlikda tayyorlangan taqdimot namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihani muzey ishining zamonaviy talablari va meʼmorlikdagi ilgʻor yechimlarni hisobga olgan holda tayyorlash yuzasidan oʻz taklif va tavsiyalarini berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi asosiy tadbirlari 19-dekabr kuni Tokioda boʻlib oʻtdi.
Kantey qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. Davlatimiz rahbarini Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe kutib oldi. Ular davlat bayroqlari oldida qoʻl berib koʻrishdi.
Davlat madhiyalari yangradi. Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe oliy martabali mehmon sharafiga saf tortgan faxriy qorovul oldidan oʻtdi. Ularga delegatsiyalar tanishtirildi.
Shundan soʻng ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazildi.
Yaponiya hukumati rahbari Prezidentimizni samimiy qutlar ekan, ushbu tashrif “Reyva” (“Goʻzal uygʻunlik”) davrining birinchi yilida oʻtayotganini alohida taʼkidladi.
Tokio mamlakatimiz bilan doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratayotgani qayd etildi.
Sindzo Abe Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi va ularni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Davlatimiz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni jonlantirishga faol hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, Yaponiya hukumati rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yapon xalqini “Reyva” davri boshlangani bilan tabrikladi.
Mamlakatimiz yetakchisi ikki tomonlama koʻp qirrali sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladi.
Yaponiya hukumatiga Oʻzbekistondagi islohotlar va iqtisodiy modernizatsiyani qoʻllab-quvvatlayotgani, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga koʻmaklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Dolzarb xalqaro ahamiyatga molik masalalar boʻyicha tomonlarning yondashuvlari yaqinligi qayd etildi.
Parlamentlararo aloqalar, jumladan, Yaponiya parlamentidagi Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasining faol ishtiroki doirasida jonlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Asosiy eʼtibor mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.
Ikki mamlakat yetakchilari oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirishni taklif etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan ishbilarmonlik tadbirlarining natijalari katta mamnuniyat bilan tilga olindi.
Energetika, qazib olish tarmogʻi, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, turizm va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda, avvalo, Yaponiya yetakchi kompaniya va banklarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilgan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maʼqullandi.
Delegatsiyalar rahbarlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi orqali moliyaviy va moliyaviy-texnik sheriklik kengayib borayotganini olqishladilar.
Bundan tashqari, hududlararo aloqalarni, tartibli mehnat migratsiyasi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Asosiy yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning institutsional mexanizmlari kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara natijalaridan mamnun ekanlarini bildirdilar, doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrini boshlash borasida qatʼiy ekanlarini taʼkidladilar.
Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzi uchun qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifini minnatdorlik bilan qabul qildi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni imzoladi.
Ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida soliq va bojxona sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha imzolangan bitimlar almashildi.
Bulardan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida iqtisodiyot, sanoat, turizm, ilm-fan, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehnat migratsiyasi, taʼlim va sport sohalarida, hududlar oʻrtasida hamkorlik boʻyicha oʻndan ziyod hujjat qabul qilindi.
Shundan soʻng ikki mamlakat yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va yanada kengaytirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
– Bugun siyosiy, parlamentlararo aloqalar, savdo va investitsiya, innovatsiya, kichik va oʻrta biznes, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qildik hamda muhim kelishuvlarga erishdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Tashrif doirasida Yaponiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan yirik loyihalar boʻyicha bitimlar imzolandi. Bu loyihalar, avvalo, Yaponiyaning ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi ilgʻor yutuqlarini Oʻzbekiston iqtisodiyotiga joriy etishga qaratilgani bilan ayniqsa eʼtiborlidir.
Yaponiya Bosh vaziri, oʻz navbatida, Prezident Mirziyoyev rahbarligida mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish boʻyicha olib borilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Imzolangan salmoqli hujjatlar mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
– Biz janob Prezident bilan, Qoʻshma bayonotga asoslanib, Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni hamma sohalarda rivojlantirish boʻyicha yelkadosh boʻlib ishlaymiz, – dedi Sindzo Abe.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar boʻyicha tomonlarning yondashuvlari yaqinligi yana bir bor tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
O‘zA