AQSh siyosatshunosi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2019-yilning 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Nyu-York universitetining Xalqaro hamkorlik markazi direktori Barnett Rubin bilan uchrashdi. U mamlakatimizga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida kelgan.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistonda shakllanayotgan vaziyat, afg‘onlararo tinchlik jarayonini ilgari surish istiqbollari, shuningdek, afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha mintaqaviy va global darajadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Afg‘onistonning inkluziv afg‘onlararo muzokaralar jamoasini yaratish maqsadida afg‘onlararo muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar, ushbu jamoa Afg‘onistonda “Tolibon” harakati bilan mamlakatning kelgusidagi davlat qurilishi bo‘yicha samarali muzokara olib bora olishi muhimligi qayd etildi.
AQSh tomonining taklifiga binoan Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni ilgari surish maqsadida afg‘on muammosi bo‘yicha muntazam ravishda fikr almashish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.