Anqarada ovoz berish davom etmoqda
2019-yilning 22-dekabr kuni soat 8:00da (Toshkent vaqti bilan soat 10:00 da) O‘zbekistonning Anqara shahridagi (Turkiya) Elchixonasi huzurida tashkil etilgan va Toshkent shahridagi 148-Ko‘kcha saylov okrugiga biriktirilgan 3-saylov uchastkasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda ovoz berish boshlandi.
Diplomatik vakolatxona xodimlari va ularning oila a’zolari birinchi bo‘lib ovoz berdilar. Anqara shahrida va uning atrofidagi hududlarda vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ham faol ishtirok etdilar.
Saylov uchastkasida “O‘zbekiston” MTRKning muxbirlar guruhi ishlamoqda va ular saylov jaroyonlari joyidan jonli efirga chiqishmoqda.
Turkiyaning “TRT” davlat teleradiokompaniyasida Anqara shahridagi saylov uchastkasidan jonli reportaj ko‘rsatildi. “TRT” muxbirlari saylov jarayonida asosiy e’tibor saylovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilishiga va OAVning axborot bilan keng ta’minlanganligiga qaratilishini ta’kidladilar.