BMT pasportiga ega chet elliklar uchun vizasiz rejim belgilandi
“BMTning biometrik hujjatiga ega boʻlgan chet el fuqarolari uchun Oʻzbekistonga kirishda vizasiz rejimni belgilash va viza rejimini yengillashtirish toʻgʻrisida” Prezident Farmoni (PF–5896-son, 24.12.2019-y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab BMTning biometrik hujjatiga (qizil rangli Laissez-Passer pasporti) ega boʻlgan chet el fuqarolari uchun Oʻzbekiston hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.
Shuningdek, Farmonga koʻra:
- BMTning biometrik hujjatiga (moviy rangli Laissez-Passer pasporti) ega boʻlgan chet el fuqarolari uchun Oʻzbekistonga kirish vizalari Oʻzbekistondagi taklif qiluvchi tomonning xati asosida 2 ish kuni ichida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasmiylashtiriladi;
- BMTning biometrik hujjatlariga (qizil yoki moviy rangli Laissez-Passer pasporti) ega boʻlgan va Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan chet el fuqarolarida bir vaqtning oʻzida amal qilish muddati mazkur hujjatlarning amal qilish muddatidan kam boʻlmagan milliy pasporti (harakatlanish hujjati) boʻlishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Axborot xizmati