1-yanvardan nimalar oʻzgaradi?
1-qism. Qisqarayotgan hujjatlar va vakolatlar
1. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilish uchun javobgarlik borshqaruv organlariga yuklanadi. Davlat xaridlari boʻyicha topshiriqlar va import kontraktlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi”da ekspertizadan oʻtkazilmaydi.
2. 100 boshli chorva va 100 ming parranda boʻlgan xoʻjaliklarda veterinariya vrachi va zootexnik shtati joriy etiladi.
Qoramolchilik yoʻnalishidagi xoʻjaliklardagi hamda aholi qaramogʻidagi sigirlar seleksiya rejasiga asosan naslli buqalar urugʻi bilan sunʼiy urugʻlantiriladi.
Tuman hokimlari kelgusi yilga ozuqa ekinlarini joylashtirish rejasini “Oʻzbekchorvanasl” agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishadi.
3. Respublikaning barcha hududlaridagi koʻchmas mulkka nisbatan huquqlar haqidagi maʼlumotlar Reyestrga faqat elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan elektron kiritiladi va mulkdorga Reyestrdan koʻchirma beriladi.
4. Quyidagilar kadastr organlariga elektron yuboriladi:
• banklar tomonidan uy-joyga nisbatan mulk huquqini hamda ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazishda uy-joyni qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar;
• Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan koʻchmas mulk obyektini “E-IJRO AUKSION”da sotish va rieltorlik xizmatlari koʻrsatish orqali vujudga kelgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur maʼlumotlar.
5. Tut daraxtlarini gʻayriqonuniy kesganlik, shikastlaganlik yoki yoʻq qilganlik uchun undirilgan jarimaning 50 foizi huquqbuzarlik sodir boʻlgan hududda yangi tut koʻchatlari ekish uchun yoʻnaltiriladi.
6. Qora metallar prokatini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan induksion pechlar va kameralarga nisbatan tegishli bojxona imtiyozlari tatbiq etilmaydi.
7. Ogʻir va yirik gabaritli avtomobillarning vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish, ularning avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi uchun yigʻim undirish va harakatlanishiga ruxsatnoma berish Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi.
Yoʻl harakatini tartibga solishning texnik vositalari va ularning konstruksiyalari, shu jumladan foto- va videoqayd etish texnik vositalari Qoʻmita bilan kelishilgan holda oʻrnatiladi.
Avtomobil yoʻllarining qatnov qismlariga uzunasiga joylashgan muhandislik kommunikatsiyalarining yangi tarmoqlarini loyihalashtirish va yotqizish taqiqlanadi, ularning avtomobil yoʻllari bilan koʻndalang kesishishi bundan mustasno.
8. Avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shuningdek, yoʻl-qurilish ishlarini texnik nazorat qilish uchun yangidan boshlanadigan obyektlar boʻyicha shartnomalar faqat davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladigan tanlov (tender) yakunlari boʻyicha tuziladi.
Yoʻl-qurilish ishlari boʻyicha konsalting xizmatlari (texnik nazorat) mustaqil tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Toshkent shahri koʻchalarini qurish va taʼmirlash boʻyicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi.
9. 2020-yil 1-yanvardan boshlab, neft bitumining yoʻllarga moʻljallangan markalarini sotish sohasida foaliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilmaydi.
10. Hokimliklarning alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga oʻtkaziladi.
Hokimliklarning bir qator funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi.
Davlat organlari va tashkilotlari jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan esa ularning berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Prezident va Hukumat hujjatlari bilan tuzilgan (roʻyxati mazkur qarorda keltirilgan) idoralararo kollegial organlari tugatiladi.
11. Ayrim xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatli korxonalar xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida eʼlon joylashtiradi.
12. Tajriba-sinov tariqasida 10 ta oliy taʼlim muassasalari oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtadi.
13. Aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida koʻriladigan zararlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi.
2-qism. Bojlar miqdori pasayadi, soliq imtiyozlari beriladi
1. 2020-yil 1-yanvardan tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021-yil 1-yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.
2. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari:
• respublika, viloyatlararo NNTlar uchun - BHMning 4 baravaridan 3 baravarigacha;
• viloyat NNTlari uchun – BHMning 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.
3. “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:
• direktor va direktor oʻrinbosarlari uchun 1,55 baravarga, toʻgarak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi;
• instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq toʻlash bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshiriladi hamda ularning bazaviy tarif stavkalari toʻgarak rahbarlarinikiga tenglashtiriladi.
4. Yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam boʻlmagan eksport ulushiga ega boʻlgan korxonalar 2023-yil 1-yanvargacha mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
Toʻqimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, va moʻynachilik korxonalarining foyda soligʻi boʻyicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish boʻyicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi.
Chorva mollarini soʻyish boʻyicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023-yil 1-yanvargacha yer soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalarining xorijiy konsultantlari Oʻzbekiston Respublikasidagi daromad manbalari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida toʻlaydi.
5. Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus maʼmuriy hududi fuqarolari uchun tashuvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari boʻlinmalariga yoʻlovchilar toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim qilgan holda qaytish aviachiptasi mavjud boʻlgan shartlarda mamlakatimiz xalqaro aeroportlari orqali 7 kundan koʻp boʻlmagan muddatga Oʻzbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilandi.
6. Quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etiladi:
• fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha boʻlgan jarayonda dalillarni taʼminlash;
• mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;
• mualliflik va turdosh huquq obyektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.
Quyidagi qulayliklar yaratiladi:
• koʻchmas mulklar boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklar haqida maʼlumotlar faqat Byuroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;
• agar taraflar turli hududlarda boʻlsa, oʻsha hududdagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;
• ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qogʻoz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega boʻladi;
• respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin boʻladi;
• notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qoʻyish xizmati joriy etiladi;
• notarial arxivda mavjud boʻlgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.
7. Dorilar va tibbiy buyumlarning savdo jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash mazkur faoliyat uchun litsenziya talabi hisoblanadi va talabning muntazam bir yil davomida bir martadan koʻp buzilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos boʻladi.
8. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisining investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.
Qoʻmita tizimiga kiruvchi byudjet tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari 1,5 koeffitsiyentga oshiriladi.
9. Jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:
• quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million soʻmdan;
• quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million soʻmdan;
• gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming soʻmdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.
10. “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (“UzTest” )ga aylantiriladi.
11. Turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonga charter reyslarini tashkil qilish boʻyicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSH dollari miqdorida qoplab beriladi.
Xorijiy kinokompaniyalarning Oʻzbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) bitta mahsulot uchun 300 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Oʻzbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari toʻgʻrisidagi toʻliq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun 3 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qoʻngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi har bir loyiha uchun 10 million soʻm miqdorida qoplanadi.
Tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha moddiy madaniy meros obyektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qoʻyiladi.
YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:
• qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini olib qoʻyish va bir fermer xoʻjaligidan boshqasiga oʻtkazish;
• jismoniy va yuridik shaxslar egaligida boʻlgan, ular foydalanadigan va mulki boʻlgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish.
13. Yuridik shaxslar – sugʻurta brokerlari va sugʻurta agentlari uchun yagona soliq toʻlovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi.
Sugʻurta tashkilotining boshqa sugʻurta tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sugʻurta zaxiralarining minimal darajasi belgilanadi.
3-qism. Elektron mehnat daftarchasi, avtomatlashtirilgan yoʻl haqi toʻlash tizimi va boshqalar
1. 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
• 2023-yil 1-yanvarga qadar Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln soʻmdan 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq toʻlov stavkasi 2 foiz miqdorida toʻlanadi;
• hunarmandchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha yangidan davlat roʻyxatidan oʻtishda toʻlanadigan davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun amalda belgilangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida oʻrnatiladi;
• Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga shogirdlar soni boʻyicha cheklovlar bekor qilinadi.
2. Majburiy ijro byurosining koʻrsatilayotgan suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun toʻlovlarning toʻliqligi va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, isteʼmolchilarning qarzdorligini kamaytirish boʻyicha funksiyalari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga oʻtkaziladi.
3. Toshkent shahrida “Toshshahartransxizmat” AJ va “Toshkent metropoliteni” UKning ayrim yoʻnalishlarida koʻrsatilgan yoʻlovchi tashish xizmatlari uchun yoʻlkira haqini toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
4. Quyidagi talablar bekor qilinadi:
• tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar oʻrtasidagi koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi boʻyicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
• davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchilar tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng arizani hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulk, uning mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni bevosita qogʻoz koʻrinishda taqdim etish;
• meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlaridan toʻlov undirish.
5. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi sport maktablarining direktorlari, direktor oʻrinbosarlari, trener, instruktor-metodistlari hamda olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarining trener, instruktor-metodistlarining bazaviy tarif stavkalari oʻrtacha 1,35 baravarga oshiriladi.
6. Davlat maqsadli jamgʻarmalari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari gʻaznachilik ijrosi bilan toʻliq qamrab olinadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari va xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti tarkibiga kiritiladi.
7. Tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlmagan darajada belgilanadi.
8. Notijorat maqsadlar uchun Oʻzbekistonning Davlat chegarasidan oʻtish punktlari orqali qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi oʻrniga yagona bojxona toʻlovini toʻlashni nazarda tutuvchi bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qoʻl yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta joʻnatmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarish oʻrovining majburiy mavjudligi toʻgʻrisidagi talab oʻrnatiladi.
9. Quyidagilar joriy etiladi:
• “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (“YAMMT” IDAK);
• yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek ularni tugatish holatlarini “YAMMT” IDAKda majburiy roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
• “YAMMT” IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi elektron mehnat daftari.
10. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini, shuningdek, ularni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etiladi.
Byudjet mablagʻlarini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini majburiy ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish talabi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi.
Hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalarini Davlat byudjeti hisobidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibi bekor qilinadi.
11. Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining oʻzini oʻzi band qilishni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni kreditlash Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha ustuvor ravishda AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB (vakolatli banklar) orqali amalga oshiriladi.
Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslariga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi.
Mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun tegishli jamgʻarmalar tomonidan ajratiladigan resurslarning 2020-2022-yillarda soʻndiriladigan qismi har oyda vakolatli banklarga dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi, bunda resurslar boʻyicha foiz stavkasi qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.
12. 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Uzbekistan Airways” AJning xorijdagi vakolatxonalarining barcha tushumlari (ekspluatatsiya xarajatlari va vakolatxonalarni saqlash xarajatlaridan tashqari) majburiy tartibda Oʻzbekiston tijorat banklaridagi hisobraqamlarga tushadi.
13. Davlat ulushi 50 % dan ortiq boʻlgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan oʻrnatiladigan kvotalar boʻyicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi.
Shuningdek, quyidagilar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotiladi:
• texnik moy, omuxta yem, xoʻjalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi;
• mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar (respublikaning olis va yetib borish qiyin boʻlgan hududlarida joylashgan isteʼmolchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida oʻz savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno);
• isitish yoqilgʻisi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi (maxsus isteʼmolchilarga oʻrnatilgan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno).
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Axborot xizmati