Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 9-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi chet ellik hamda mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar va investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun markazlashtirilgan investitsiyalar bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solmaydi.
Konsessiya faoliyati, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzish, ularni bajarish va bekor qilish, investitsiya, pay va venchur fondlari, kapital bozorini, shu jumladan qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq operatsiyalarni tartibga solish, davlat-xususiy sheriklik, maxsus iqtisodiy zonalar sohasidagi huquqiy munosabatlar alohida qonunlar bilan tartibga solinadi.
2-modda. Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiya loyihasi – iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, oʻzaro bogʻliq boʻlgan tadbirlar majmui;
investitsiya majburiyati – belgilangan maqsadlarga erishish uchun investor tomonidan qabul qilinadigan majburiyat;
investitsiya siyosati – Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotida va uning alohida tarmoqlarida investitsiyalarning zarur darajasini va tuzilmasini taʼminlashga, investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiya manbalarini topishga va ulardan foydalanishning ustuvor tarmoqlarini aniqlashga yoʻnaltirilgan investitsiyaviy faolligini oshirishga doir oʻzaro bogʻliq tadbirlar majmui;
investitsiya faoliyati – investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyatining ishtirokchisi – investitsiyalarning amalga oshirilishini buyurtmalarni bajaruvchi sifatida yoki investorning topshirigʻi asosida taʼminlaydigan investitsiya faoliyati subyekti;
investitsiya shartnomasi – investitsiya faoliyati subyektlari oʻrtasida tuziladigan, investitsiya shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan yozma bitim;
investitsiyalar – investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar boʻlib, ular quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
mablagʻlarni, shu jumladan pul mablagʻlarini (shu jumladan chet el valyutasini), maqsadli bank omonatlarini, paylarni, ulushlarni, aksiyalarni, obligatsiyalarni, veksellar va boshqa qimmatli qogʻozlarni;
koʻchar va koʻchmas mol-mulkni (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklarni);
intellektual mulkka doir mulkiy huquqlarni, shu jumladan u yoki bu ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur boʻlgan, texnik hujjatlar, koʻnikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa qimmatliklarni;
investor – foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati obyektlariga oʻzining mablagʻlarini va (yoki) qarz mablagʻlarini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
mahalliy investorlar – investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti maqomiga ega boʻlgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
reinvestitsiyalar – investitsiyalardan olingan, tadbirkorlik faoliyati va boshqa faoliyat turlari obyektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqlari, texnik yordam, texnik xizmatlar uchun toʻlovlar va haqlarning boshqa turlari;
toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari – chet ellik investorning hukumat kafolatlarisiz, tavakkalchilik sharoitlarida oʻz mablagʻlari yoki qarz mablagʻlari hisobidan investitsiyalari;
chet el investitsiyalari – chet ellik investor tomonidan ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
chet ellik investorlar – chet davlatlar, chet davlatlarning maʼmuriy yoki hududiy organlari, davlatlar oʻrtasidagi bitimlarga yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tuzilgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyekti boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va faoliyat koʻrsatadigan yuridik shaxslar, har qanday boshqa shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar, chet davlat fuqarolari
va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar – aksiyalarining (ulushlarining, paylarining) yoki ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn besh foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar.
4-modda. Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
oshkoralik va ochiqlik;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
adolatlilik va investitsiya faoliyati subyektlarining tengligi;
investorlarga nisbatan kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi.
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining asosiy prinsiplari investitsiya qilish va investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonining barcha bosqichlarida qoʻllaniladi.
2-bob. Investitsiyalar, investitsiya faoliyatining obyektlari va subyektlari
5-modda. Investitsiyalarning moʻljallangan obyektiga koʻra turlari
Investitsiyalar moʻljallangan obyektiga koʻra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga boʻlinadi.
Asosiy fondlarni yaratish va takror koʻpaytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kapital investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligatsiyalariga, shuningdek qimmatli qogʻozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investitsiyalar moliyaviy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Inson salohiyatini, koʻnikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
6-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yoʻli bilan ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, oʻzlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;
mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulk huquqini, mualliflik huquqlarini, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obroʻsini (gudvillni), shuningdek savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlariga boʻlgan mulk huquqini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda olish;
yer uchastkalariga egalik qilish va ulardan foydalanish (shu jumladan ijara asosida egalik qilish va foydalanish) hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olish.
Investorlar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda ham investitsiyalarni amalga oshirishi mumkin.
Investitsiya faoliyati investitsiyalar kiritishning turli shakllarini birlashtirish vositasida amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarning birlamchi yoki takroran kiritiladigan shakllari oʻzgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi darajasi oʻzgarishiga olib kelmaydi.
7-modda. Investitsiya resurslari
Investitsiya resurslari jumlasiga quyidagilar kiradi:
pul mablagʻlari (shu jumladan chet el valyutasi) va boshqa moliyaviy mablagʻlar, shu jumladan kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar;
koʻchar va koʻchmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga boʻlgan huquqlar;
intellektual mulk obyektlari, shu jumladan u yoki bu turdagi ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur boʻlgan, texnik hujjatlar, koʻnikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlar;
yer uchastkalariga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqi, shuningdek mulk huquqlaridan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.
8-modda. Investitsiya faoliyatining obyektlari
Ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarining obyektlari investitsiya faoliyati obyektlaridir.
Barpo etilishi va foydalanilishi qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan obyektlarga investitsiya qilish taqiqlanadi.
9-modda. Investitsiya faoliyatining subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, yakka tartibdagi tadbirkorlari va yuridik shaxslari – rezidentlari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, chet davlatlar, chet davlatlarning maʼmuriy yoki hududiy organlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet ellik yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar investitsiya faoliyatining subyektlaridir.
10-modda. Investorning huquqlari
Investor:
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlmagan investitsiya faoliyatini erkin amalga oshirishga, investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlarini, turlarini, shakllarini, sohasini va yoʻnalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
oʻz investitsiyalariga va investitsiya faoliyati natijalariga egalik qilishga, ulardan foydalanishga hamda ularni tasarruf etishga, shuningdek investitsiya faoliyati natijalarini sotishga va olib chiqishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlarni soliqlar, yigʻimlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar (bundan buyon matnda soliqlar va toʻlovlar deb yuritiladi) toʻlanganidan soʻng mustaqil va erkin tarzda tasarruf etishga;
oʻzi qabul qilgan barcha turdagi majburiyatlarning, shu jumladan qarz mablagʻlarini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarning taʼminoti sifatida oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulk va har qanday mulkiy huquqlardan foydalanishga;
oʻz investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilingan taqdirda munosib kompensatsiya olishga;
kreditlar va qarzlar tarzidagi pul mablagʻlarini jalb etishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari
va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlar uchun tovon olishga haqli.
11-modda. Investorning majburiyatlari
Investor:
soliqlar va toʻlovlarni toʻlashi;
investitsiya qilish munosabati bilan oʻzi qabul qilgan shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan raqobat toʻgʻrisidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi, mehnat toʻgʻrisidagi, shaharsozlik toʻgʻrisidagi, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga, shuningdek texnika xavfsizligiga, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishi;
shartnoma shartlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashi;
vakolatli davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyiladigan talablarini bajarishi shart.
12-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi:
birja, tanlov va tender savdolarining, elektron doʻkonlarning va kim oshdi savdolarining ishtirokchisi boʻlishga;
investorlar bilan ularning buyurtmalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzishga;
agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, oʻzining investor oldidagi majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb qilishga haqli.
13-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining majburiyatlari
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi:
qonun hujjatlarida belgilangan normalar, qoidalar va standartlarga, shu jumladan raqobat toʻgʻrisidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi, mehnat toʻgʻrisidagi, shaharsozlik toʻgʻrisidagi va atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;
shartnoma shartlarini oʻz vaqtida va lozim darajada bajarishi;
shartnoma shartlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli investorga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyiladigan talablarini bajarishi shart.
14-modda. Investitsiya faoliyatida narxni shakllantirish
Investitsiya faoliyati jarayonida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati shartnomaviy narxlar boʻyicha belgilanadi, bundan qonun hujjatlarida qatʼiy belgilangan narxlar mustasno.
Investitsiya qilish obyekti boʻlgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxlari birja, tanlov, kim oshdi savdolarida va boshqa uyushgan savdolarda ham shakllantirilishi mumkin.
Birja, tanlov, kim oshdi savdolarida va boshqa uyushgan savdolarda shakllangan, realizatsiya qilinadigan davlat aktivlarining narxlari, mazkur aktivlarning balans va baholangan qiymatidan qatʼi nazar, bozor narxlari deb tan olinadi.
3-bob. Investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining davlat kafolatlari va investitsiyalarni himoya qilish
15-modda. Investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari
Davlat investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular oʻzlari vakolatli boʻlgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq choralarni koʻrishi mumkin.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiya faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklab qoʻyish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat investorlarning fuqaroligi, yashash joyi, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish joyi bilan bogʻliq holda, shuningdek investorlarning
yoki investitsiyalarning kelib chiqish mamlakatiga qarab investorlarni kamsitishga yoʻl qoʻymaslikni kafolatlaydi.
Investor tomonidan huquqlarning amalga oshirilishi boshqa investorlarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak. Bunda davlat tadbirkorlik subyektining hamtaʼsischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) sifatida boshqa taʼsischilar (aksiyadorlar, ishtirokchilar) kabi teng huquqlar va majburiyatlarga ega boʻladi.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini taʼminlash bilan bevosita bogʻliq qonun hujjatlarini qabul qilishga, oʻzgartirishga, toʻldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
16-modda. Mablagʻlardan foydalanish kafolatlari
Investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlari soliqlar va toʻlovlar toʻlanganidan keyin uning xohishiga koʻra reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin.
Chet el va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning hisobvaraqlaridagi mablagʻlardan foydalanishni davlat organlari tomonidan cheklash yoxud ularni majburan yechib olish faqat qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
17-modda. Mablagʻlarni erkin oʻtkazish kafolatlari
Investorlarga soliqlar va toʻlovlarni toʻlash sharti bilan chet el valyutasidagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasiga va Oʻzbekiston Respublikasidan cheklovlarsiz erkin oʻtkazish, shu jumladan valyutani repatriatsiya qilish uchun ayirboshlash kafolatlanadi. Bunday oʻtkazmalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
chet el investitsiyalarini saqlab turish yoxud koʻpaytirish uchun boshlangʻich va qoʻshimcha summalar;
investitsiyalarni amalga oshirishdan olingan daromad;
yetkazilgan zararlarning oʻrnini ushbu Qonunga muvofiq qoplash sifatida olingan mablagʻlar;
shartnomalar shartlarini bajarish tartibida amalga oshirilgan toʻlovlar;
chet el investitsiyalarini toʻliq yoki qisman sotishdan tushgan tushum;
nizoni hal qilish oqibatida, shu jumladan har qanday sud yoki arbitraj qarori oqibatida yuzaga keladigan toʻlovlar;
xodimlarning ish haqi va boshqa toʻlovlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablagʻlar.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat chet ellik investorning mablagʻlarini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona toʻlovga layoqatsiz va bankrot boʻlgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs boʻlgan chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni toʻxtatib turishning boshqa zarurati boʻlganda qonun hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qoʻllash shartlari asosida toʻxtatib turishi mumkin.
18-modda. Investitsiya faoliyati tugatilishi munosabati bilan chet el investitsiyalarini qaytarish kafolatlari
Chet ellik investor Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyatini tugatish huquqiga ega.
Chet ellik investor investitsiya faoliyatini tugatgandan soʻng investitsiya faoliyatini tugatish natijasida olingan oʻz aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasiga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriatsiya qilish huquqiga ega.
19-modda. Qonun hujjatlarining investor uchun noqulay oʻzgarishlariga qarshi kafolatlar
Agar qonun hujjatlarining bajarilishi investorga yoki investitsiyalarga zarar yetkazadigan boʻlsa, ushbu qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega boʻlmaydi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda boʻlgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan eʼtiboran oʻn yil mobaynida qoʻllaniladi. Investor oʻzining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonun hujjatlari qoidalarini oʻz xohishiga koʻra qoʻllash huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirgan taqdirda, investitsiya qilish paytida amalda boʻlgan qonun hujjatlarini oʻn yil mobaynida qoʻllash toʻgʻrisidagi kafolat quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
repatriatsiya tartib-taomilini murakkablashtiruvchi yoki investorning chet elga oʻtkaziladigan daromadlari (foydasi) miqdorini kamaytiruvchi qoʻshimcha talablar joriy etilganda, bundan investorning mablagʻlarini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona toʻlovga layoqatsiz va bankrot boʻlgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs boʻlgan chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni toʻxtatib turishning boshqa zarurati boʻlganda qonun hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qoʻllash shartlari asosida toʻxtatib turish mustasno;
investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlariga son jihatdan cheklovlar va investitsiyalarning miqdori boʻyicha boshqa qoʻshimcha talablar, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda chet el investitsiyalarining eng kam miqdorini koʻpaytirish tarzidagi qoʻshimcha talablar joriy etilganda;
chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasi korxonalarining ustav fondlaridagi ulushli ishtiroki boʻyicha cheklovlar joriy etilganda;
chet ellik investorlarning vizalarini rasmiylashtirish va uzaytirish boʻyicha qoʻshimcha tartib-taomillar, shuningdek chet el investitsiyalarini amalga oshirish boʻyicha boshqa qoʻshimcha talablar joriy etilganda.
Investor uchun noqulay oʻzgarishlarga qarshi kafolatlarning amal qilishi quyidagi hollarda boshlanadi:
korxona tashkil etilganda – u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran;
mol-mulkni, ulushlarni, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan emitentlangan aksiyalarni va boshqa qimmatli qogʻozlarni, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlariga, turar joylarga va ular joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqini, shuningdek yerga egalik qilish va undan foydalanish (jumladan, ijara asosida egalik qilish va foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olishda – mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqni mustahkamlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan eʼtiboran;
intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni, shu jumladan mualliflik huquqlarini, patentlarni, tovar belgilarini, foydali modellarni, sanoat namunalarini, firma nomlarini va nou-xauni, shuningdek ishchanlik obroʻsini (gudvillni) kiritishda – intellektual mulkka boʻlgan huquqlar kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan eʼtiboran;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirishga, oʻzlashtirishga, qazib olishga yoxud ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olishda – konsessiya shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasida bir vaqtning oʻzida investitsiya majburiyatlarini mustahkamlab qoʻygan holda investitsiya qilishda – shartnoma kuchga kirgan sanadan eʼtiboran;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda investitsiya qilishda – investor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan eʼtiboran.
Ushbu modda xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplariga muvofiq belgilanadigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga doir manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlarini qabul qilishga, oʻzgartirishga, toʻldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
20-modda. Oshkoralik va ochiqlikni taʼminlash kafolatlari
Hammaning eʼtibori uchun rasmiy ravishda eʼlon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kirmagan hujjatlar sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, ushbu hujjatlardagi koʻrsatmalarni bajarmaganlik uchun investitsiya faoliyati subyektlariga nisbatan biror-bir sanksiya qoʻllash uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan oʻz rasmiy veb-saytida investitsiya faoliyati sohasida oʻzining ishtiroki va qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisidagi axborotni eʼlon qilishi shart.
Jismoniy va yuridik shaxslarga ochiqlik hamda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiya faoliyati sohasidagi faoliyati toʻgʻrisida va oʻzlari qabul qilayotgan qarorlar toʻgʻrisidagi axborotdan moneliksiz foydalanish imkoniyati taʼminlanadi.
21-modda . Investitsiyalarni himoya qilish
Davlat investitsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishini kafolatlaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiylar va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa hollar mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya va ekspropriatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror rekvizitsiya yoki ekspropriatsiya qilishning quyidagi talablariga rioya qilingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi:
investorlarning ushbu modda uchinchi qismida koʻrsatilgan holatlardan kelib chiqadigan vazifalarni hal qilish uchun zarur boʻlgan investitsiyalari yoki boshqa aktivlarining minimal hajmi bilan cheklansa;
kamsitilmaydigan asosda amalga oshirilsa;
yetkazilgan zararga monand kompensatsiya toʻlash bilan birga amalga oshirilsa. Davlat mazkur kompensatsiya toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishining kafili sifatida ish yuritadi.
Investor sud va arbitraj tartibida, xususan, quyidagilar yuzasidan nizolashishga haqli:
rekvizitsiyani (ekspropriatsiyani) amalga oshirish uchun foydalaniladigan maqsadning qonuniyligi;
rekvizitsiyaning (ekspropriatsiyaning) miqdori;
rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinayotgan investitsiyalarni va boshqa aktivlarni baholash;
toʻlanishi lozim boʻlgan kompensatsiya toʻlovining muvofiqligi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rekvizitsiyani (ekspropriatsiyani) amalga oshirish chogʻida rioya etgan tartib-taomil.
Investorlarning investitsiyalarini va tavakkalchiliklarini sugʻurtalash ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
22-modda. Investitsiyalarni himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlari va choralari
Investitsiyalarni himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlari va choralari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolatlar berishni, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga koʻmaklashishni, maxsus soliq va toʻlov rejimini yaratishni, investitsiya loyihalari amalga oshirilishi yuzasidan davlat monitoringi oʻtkazilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomalariga asosan boshqa choralarni oʻz ichiga olishi mumkin.
23-modda. Ziddiyatli qoidalar
Ushbu Qonunning qoidalari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari yoki xalqaro shartnomalari oʻrtasida biror-bir nomuvofiqlik boʻlgan taqdirda, investorlar uchun eng qulay boʻlgan qoidalar ustuvor kuchga ega boʻladi.
4-bob. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish
24-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish maqsadlari
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasini va uning hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat vazifalari bajarilishini taʼminlaydigan investitsiya siyosatini amalga oshirish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi turli investitsiya obyektlariga qoʻyilmalar uchun xavfsiz shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
25-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish usullari
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
investitsiya faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida maxsus iqtisodiy zonalarni va kichik sanoat zonalarini barpo etish;
asosiy fondlarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish;
texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablarini belgilash;
raqobatni qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash;
yer uchastkalariga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish
hamda ulardan foydalanish shartlarini belgilash.
Investorlarga bozorda ularni ustuvor mavqega qoʻyuvchi mutlaq qoidalar va huquqlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
26-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari boʻyicha maslahat berish hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va koʻmak koʻrsatish;
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda investitsiya faoliyatini tartibga solish sohasidagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
hamkorlik yoʻnalishlarini va loyihalarini majburiy ravishda kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining chet el vakolatli organlari, chet el hukumat moliya tashkilotlari hamda xalqaro moliya institutlari, shuningdek kompaniyalar va salohiyatli chet ellik investorlar bilan investitsiyaviy hamkorlik masalalariga doir oʻzaro aloqalarni taʼminlash;
investorlar bilan doimiy ikki tomonlama aloqani taʼminlash, hududlar va mahalliy yuridik shaxslarga investitsiyalarni jalb qilishda koʻmaklashish, investitsiya takliflari ishlab chiqilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash va xalqaro investitsiya hamjamiyatlari ishida ishtirok etish;
investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya muhitini rivojlantirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi investitsiya faoliyatini takomillashtirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va kiritish.
27-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish boʻyicha vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshiradi:
mahalliy darajada mamlakatning tegishli hududiga investitsiya qilish hajmlarini kengaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan investitsiya siyosatini olib borish, shu jumladan investitsiyalarni jalb qilish, hududda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tegishli hududdagi korxonalarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash;
investitsiya qilishni talab qiladigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini hamda yer uchastkalarini hududlarning ehtiyojlari va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat va h. k.) kelib chiqqan holda oʻrganish va aniqlash;
investorlarning faoliyati bilan bevosita bogʻliq masalalarni, shuningdek zarur hollarda, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish vositasida istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
tegishli hududdagi investitsiya loyihalarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishini tahlil qilish asosida tegishli hududning iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
tegishli hududning chet el banklari, fondlar, agentliklar va kompaniyalar bilan investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishlarini oʻzaro manfaatli asosda rivojlantirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
investitsiyalarni tegishli hududga jalb etish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni va yanada qulay shart-sharoitlar yaratish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
28-modda. Investitsiyalar jalb etishni amalga oshiruvchi davlat organlarining funksiyalari
Investitsiyalarni jalb etish, amalga oshirish va himoya qilish maqsadida investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi, boshqa davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari:
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatining imkoniyatlari va shart-sharoitlari haqidagi axborotni tayyorlaydi hamda tarqatadi;
salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari boʻyicha maslahat beradi hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va koʻmak koʻrsatadi;
chet el investitsiyalari masalalari boʻyicha xalqaro munosabatlarda oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi.
29-modda. Investorlar faoliyatini nazorat qilish boʻyicha davlat organlarining vakolatlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga investorlar va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Nazorat funksiyalarini amalga oshirishda davlat organi tijorat siri saqlanishini taʼminlashi shart.
5-bob. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
30-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning maqsad va usullari
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash qulay investitsiya muhitini yaratish, yangi raqobatbardosh hamda innovatsion, eksportga yoʻnaltirilgan va (yoki) import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir investitsiyalarni ragʻbatlantirish, mavjud ishlab chiqarishlarni zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan hamda zamonaviy boshqaruv tajribasini joriy etgan holda kengaytirish va yangilash maqsadida amalga oshiriladi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
imtiyozlar va preferensiyalar qoʻllash;
investitsiya loyihasini birgalikda moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan investitsiyalar ajratish;
moliyaviy, maslahat berish va axborot jihatidan qoʻllab-quvvatlash.
31-modda. Investorlarga va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda koʻmaklashish
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi investorlarga boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda koʻmaklashish maqsadida ishni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tashkil etadi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi va uning hududiy boʻlinmalari ishlarni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tashkil etish maqsadida davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi, shu jumladan tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali taʼminlaydi.
Ishlarni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tashkil etish quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
mavjud davlat xizmatlari masalalari boʻyicha qabul qilish va maslahat berish;
davlat xizmatlarini olish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda yordamlashish;
elektron raqamli imzoni, elektron arizani va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordamlashish;
davlat xizmatlarini olishda investorga davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida hamrohlik qilish.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga chet el investitsiyalarini va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda ular ishtirokida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq muammolarni hal etishda koʻmaklashadi.
32-modda. Maslahat berish va axborot jihatidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro moliya institutlari huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi vakolatxonalari investorlarning muammolari va masalalarini hal etish maqsadida oʻz vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha ularga maslahat va axborot yordami koʻrsatadi.
33-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning investitsiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (bundan buyon matnda Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil deb yuritiladi) investitsiya faoliyati sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha investorlarning
va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularni hal etish uchun tavsiyalar beradi, shu jumladan mazkur masalada davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilgan holda tavsiyalar beradi;
yuzaga keladigan masalalarni suddan tashqari va sudga qadar tartibda hal etishda investorlarga koʻmaklashadi;
investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi;
investorga uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shu jumladan ularni himoya qilish shakllari va usullariga taalluqli masalalarni tushuntiradi;
investorlarning murojaatlari va davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining eshituvlari natijalarini tahlil qiladi;
qonun hujjatlarini tahlil qiladi va investorlarning huquqlarini buzadigan yoki xoʻjalik faoliyatini yuritishni qiyinlashtiradigan normalarni aniqlaydi hamda natijasi boʻyicha investorlarning buzilgan huquqlarini, erkinliklarini tiklash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqadi;
tegishli davlat boshqaruvi organiga investorlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashga qaratilgan tavsiyalar kiritadi.
Tavsiyalar olgan davlat boshqaruvi organi va mahalliy davlat hokimiyati organi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga tavsiyalarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida yozma javob taqdim etadi.
Zarur boʻlgan taqdirda, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar
va tashkilotlardan investorlarning hamda investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan axborotni soʻrab oladi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborot mustasno.
6-bob. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha imtiyoz hamda preferensiyalar
34-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha imtiyoz hamda preferensiyalar berish
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻllaniladigan imtiyoz hamda preferensiyalar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
davlat mulki boʻlgan obyektlarni yoki ularga boʻlgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki nolga teng xarid qiymati boʻyicha investorga berish;
soliqlar va toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berish;
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investor tomonidan olinadigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini subsidiyalash.
Imtiyozlar va preferensiyalar quyidagilarga qarab beriladi:
investitsiyalar hajmiga;
investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan joyning shart-sharoitlariga;
kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaraga va yangi ish oʻrinlarini yaratishga;
investitsiya loyihasini amalga oshirish sohalari va tarmoqlariga.
Soliqlar va toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar qonunda belgilangan tartibda beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻllaniladigan preferensiyalar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan, shu jumladan munitsipal obyektlarga nisbatan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari hisobidan berilishi mumkin.
Imtiyozlar va preferensiyalar tegishli hududga investitsiyalar kiritishni nazarda tutuvchi investorlarga mazkur hudud infratuzilmasining rivojlanish darajasidan kelib chiqqan holda beriladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb qilgan holda tashkil etilgan va qonun hujjatlari bilan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishga (xizmatlar koʻrsatishga) ixtisoslashgan korxonalarga Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda alohida soliqlar yuzasidan imtiyozlar qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutiladi.
35-modda. Investitsiyaga oid soliq krediti
Investorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga investitsiyaga oid soliq krediti berilishi mumkin va ushbu kredit soliq majburiyatini bajarish muddatini oʻzgartirish shakli boʻlib, bunda soliq toʻlovchi boʻlgan investorga belgilangan muddat ichida ushbu investor toʻlashi kerak boʻlgan soliq toʻlovlarini kredit summasini va hisoblangan foizlarni Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq keyinchalik bosqichma-bosqich toʻlagan holda kamaytirish imkoniyati beriladi.
36-modda. Investitsiya subsidiyasi
Zarur muhandislik-kommunikatsiya sharoitlarini taʼminlash, shuningdek imtiyozlar berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha investitsiya preferensiyasi tarzida taqdim etiladigan moliyaviy koʻmak sifatida investitsiya subsidiyasini berishi mumkin.
Investorga zarur muhandislik-kommunikatsiya sharoitlari shaklidagi investitsiya subsidiyasi investitsiya faoliyati obyektiga olib boriladigan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qurish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Investitsiya subsidiyasi soliq va bojxona imtiyozlari sifatida ham berilishi mumkin.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda investorning investitsiya subsidiyasi berish toʻgʻrisidagi arizasini Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartib va muddatlarda koʻrib chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga taklif kiritadi.
7-bob. Markazlashtirilmagan investitsiyalar
37-modda. Markazlashtirilmagan investitsiyalarning manbalari
Markazlashtirilmagan investitsiyalarning manbalari quyidagilardan iborat:
investorning shaxsiy mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan, shu jumladan chet el banklaridan olingan bank kreditlari;
toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalardan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
38-modda. Markazlashtirilmagan investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar qabul qilish
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qaror investor, tijorat banki, shu jumladan chet el banki tomonidan qabul qilinadi.
39-modda. Investitsiya loyihalarining ekspertizasi
Markazlashtirilmagan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari sanitariya-gigiyena, radiatsiyaviy, ekologik, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar bajarilishiga taalluqli qismi boʻyicha davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Kichik tadbirkorlik subyektlarining banklar kredit resurslari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tijorat banklari tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.
8-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasi
40-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorlar tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida oʻzaro kelishuvga koʻra qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) beriladigan investitsiya shartnomasini tuzishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorga investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasida qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralarini (imtiyozlar va preferensiyalarni) taqdim etgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasi majburiy tartibda tuziladi.
Chet ellik investorlarga qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) har bir aniq holatda quyidagilarga investitsiya qilish chogʻida taqdim etiladi:
barqaror iqtisodiy oʻsishni, mamlakat iqtisodiyotidagi ilgʻor texnologik oʻzgarishlarni taʼminlovchi ustuvor tarmoqlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini mustahkamlash va kengaytirishni, uning jahon xoʻjalik aloqalariga integratsiyasini taʼminlovchi ustuvor loyihalarga.
Bunda soliqlar va toʻlovlarni toʻlash boʻyicha qoʻshimcha imtiyozlar chet ellik investorlar tomonidan tashkil etilgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga faqat aniq belgilangan muddatga beriladi
va bu imtiyozlar muddatsiz xususiyatga ega boʻlishi mumkin emas.
Ushbu modda investitsiya loyihalari boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bir tomondan investor va boshqa tomondan investitsiya faoliyati subyektlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida tuziladigan, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) berilishini talab qilmaydigan investitsiya shartnomalarining amal qilishini hech qanday tarzda cheklamaydi.
41-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasining taraflari
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasining taraflari sifatida chet ellik investor hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ish yuritadi.
42-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasining shartlari
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
investitsiyalar obyekti va hajmi, loyihaning boshlanish hamda tugallanish muddatlari;
investitsiya shartnomasining amal qilish muddati va shartlari;
korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish sharti;
chet ellik investorning huquq va majburiyatlari, shu jumladan investitsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi, mahalliylashtirish, mahsulotning sifati, tovarlar va xizmatlar eksportining hajmi, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan normalar, qoidalar va standartlarga, shu jumladan raqobat toʻgʻrisidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi, mehnat toʻgʻrisidagi, shaharsozlik toʻgʻrisidagi va atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi boʻyicha huquq va majburiyatlari;
chet ellik investorning xalqaro standartlarga, shuningdek energiya samaradorligi va ekologik normalar boʻyicha zamonaviy talablarga muvofiq boʻlgan zamonaviy uskunalar va texnologiyalarni yetkazib berishga doir majburiyatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining huquq va majburiyatlari, shu jumladan investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilanganiga qoʻshimcha kafolatlar hamda qoʻllab-quvvatlash choralarini (imtiyoz va preferensiyalarni) taqdim etishga doir huquq va majburiyatlari;
loyihani moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish jadvallari, investitsiya loyihasi amalga oshirilishining borishi ustidan texnik nazorat tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
chet ellik investor tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish tartibi va muddatlari;
taraflarning investitsiya shartnomasi shartlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi, shu jumladan chet ellik investorga davlat organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, shuningdek investitsiya shartnomasiga muvofiq chet ellik investor oʻz majburiyatlariga rioya qilmaganda yoki lozim darajada rioya qilmaganda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan
oʻz majburiyatlarini bajarishni bir tomonlama tartibda rad etish huquqi;
oʻzgartirishlar kiritish tartibi;
tugatish tartibi;
investitsiya shartnomasi taraflari oʻrtasidagi investitsiya shartnomasi qoidalari bilan bogʻliq nizolarni hal etish tartibi, joyi va nizolarni koʻrib chiqadigan organ.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasida investitsiya loyihasining oʻziga xos xususiyatlariga qarab boshqa shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar ham boʻlishi mumkin:
hududning ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha taraflarning oʻzaro majburiyatlari;
chet ellik investorning shartnoma shartlarini bajarish natijasida ishlab chiqargan, oʻziga tegishli boʻlgan mahsulotni va olingan foydasini (daromadlarini) Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish huquqi;
chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan ishchilarni yollash va oʻqitishga doir majburiyatlari, texnologiyalardan foydalanish shartlari, shuningdek investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallanganidan soʻng tashkil etilgan tashkilot xodimlarini oʻqitish boʻyicha majburiyatlari.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasida chet ellik investorga uni bozorda ustun mavqega qoʻyadigan mutlaq qoidalar va huquqlar berilishi taqiqlanadi.
43-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish boʻyicha takliflar kiritish tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish boʻyicha taklif kiritish tashabbusi chet ellik investor tomonidan mustaqil ravishda yoki davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish uchun chet ellik investor mustaqil ravishda yoki loyihaning tegishli tashabbuskorlari bilan birgalikda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organiga yoki uning tasarrufidagi chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi tashkilotga quyidagilarni taqdim etadi:
investitsiya shartnomasini tuzish va investitsiya faoliyati obyektiga investitsiyalarni amalga oshirish maqsadi, shuningdek investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha mavjud tajriba (agar mavjud boʻlsa) toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatilgan ariza;
investitsiya shartnomasining loyihasi;
vakolatli organlarda qonun hujjatlarida belgilangan hollarda ekspertizadan oʻtgan texnik-iqtisodiy asoslash (texnik-iqtisodiy hisob-kitob) asosida bajarilgan biznes-reja loyihasi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi yoki uning tasarrufidagi
chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi tashkilot investitsiya shartnomasi loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, investitsiya loyihasini moliyaviy-iqtisodiy baholash, chet ellik investorlarga va (yoki) investitsiyalar ishtirokida tashkil etilayotgan korxonaga qonun hujjatlarida belgilanganidan qoʻshimcha ravishda kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) berishga taalluqli qismi boʻyicha davlat boshqaruvi organlarining xulosalarini keyinchalik ularni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga koʻrib chiqish uchun kiritish maqsadida oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ijobiy xulosasi yakunlariga koʻra investitsiya shartnomasi chet ellik investor va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi orqali yozma shaklda tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan imzolangan investitsiya shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ushbu shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran, agar ushbu qarorda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomalari ijrosining monitoringi hamda nazoratini investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
44-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasini bekor qilish shartlari
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasidagi qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralarining (imtiyozlar va preferensiyalarning) amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilish muddati tugagach bekor qilinadi yoxud ushbu moddada belgilangan tartibda bunday muddatning tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin:
taraflarning oʻzaro kelishuviga binoan;
bir tomonlama tartibda.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi boʻyicha majburiyatlar chet ellik investor tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi chet ellik investorga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga oʻzgartirishlar kiritish uchun investitsiya loyihasini toʻxtatib turish va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish zarurligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuboradi.
Agar chet ellik investor tomonidan yozma xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran uch oy mobaynida investitsiya loyihasini toʻxtatib turish
va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishini muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdimnoma kiritadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining xulosasini olganidan keyin chet ellik investorga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi muddatidan oldin bir tomonlama tartibda bekor qilinganligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bekor qilingan taqdirda, chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi boʻyicha berilgan qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferensiyalar) tufayli byudjetga toʻlanmagan soliqlar va toʻlovlarning summalarini toʻlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzgan chet ellik investorning tashabbusiga koʻra bir tomonlama tartibda bekor qilingan taqdirda, mazkur chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi boʻyicha berilgan qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferensiyalar) tufayli byudjetga toʻlanmagan soliqlar va toʻlovlarning summalarini toʻlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi taraflarning kelishuviga koʻra muddatidan oldin bekor qilinganda majburiyatlarni bundan buyon ijro etish ularning oʻzaro kelishuvi bilan belgilanadi.
45-modda. Chet el investitsiyalari boʻyicha davlatning majburiyatlari
Davlat faqat chet ellik investorlar bilan tuzilgan, vakolatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan shaxslar tomonidan imzolangan tegishli shartnomalarda oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar yuzasidangina javobgar boʻladi.
Davlat chet el investitsiyalarini jalb etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi, bundan ushbu majburiyatlar davlat tomonidan kafolatlangan hollar mustasno.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, banklar tomonidan chet ellik investorlarning va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha talablar va cheklovlar belgilash taqiqlanadi.
9-bob. Chet el investitsiyalarining huquqiy rejimi
46-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorlar va ularning investitsiyalari uchun huquqiy rejim
Chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalariga adolatli va teng huquqli rejim taqdim etiladi, ularni toʻliq va doimiy ravishda himoya qilish hamda ularning xavfsizligi taʼminlanadi. Bunday rejim Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan rejimga nisbatan noqulayroq boʻlishi mumkin emas.
Chet el investitsiyalari uchun huquqiy rejim Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalarning tegishli rejimiga nisbatan noqulayroq boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq iqtisodiyotning hamda aholi sogʻligʻini, hayvonot va oʻsimlik dunyosini, atrof-muhitni muhofaza qilishning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga doir manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashning belgilangan sohalariga chet el investitsiyalarini kiritish uchun cheklovlarni yoki taqiqni oʻz ichiga olishi mumkin.
Chet ellik investorlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan kafolatlangan, buzilgan huquq va manfaatlarini tiklash Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
47-modda. Chet ellik investorlarning huquqlari
Chet ellik investor ushbu Qonunning 10-moddasida nazarda tutilgan huquqlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati natijasida olingan, oʻziga tegishli boʻlgan ixtirolarni, foydali modellarni va sanoat namunalarini xorijda hamda Oʻzbekiston Respublikasida patentlash toʻgʻrisida mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqiga ega.
Chet davlatlarning fuqarolari boʻlgan chet ellik investorlarga, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish korxonalarini tashkil etishga investitsiyalar kiritgan muassislariga (ishtirokchilariga) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan shartlarda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning muassislari (ishtirokchilari) boʻlgan chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan shartlarda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqmasdan muddatini uzaytirish imkoniyati bilan “investitsiya vizasi”ni, ularning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi, ota-onasi va farzandlari) esa “investitsiya vizasi” amal qilish muddatiga
mos ravishda “mehmon vizasi”ni olish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisida boʻlgan chet ellik investorlarga “investitsiya vizasi” turidagi viza Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet ellik investorlarga esa Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
Chet ellik investorlarga “investitsiya vizasi” turidagi vizani va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud “investitsiya vizasi”ga ega boʻlgan chet ellik investorlar hamda ularning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi, ota-onasi va farzandlari) quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishga joylashish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan teng huquqlar asosida tibbiy va taʼlim xizmatlaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim muassasalarida oʻrta va oliy taʼlim olish.
48-modda. Chet ellik xodimlarni jalb qilish
Investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida har qanday chet davlat fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan mehnat shartnomalarini erkin tuzish huquqiga ega. Bunday shaxslar mehnat shartnomasining butun amal qilish davrida tegishli koʻp martalik vizalarni olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida boʻlish huquqiga ega.
Chet ellik xodimlar mehnatiga haq toʻlash, ularga taʼtil berish, ularni pensiya bilan taʼminlash masalalari ushbu xodimlarning har biri bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida hal etilishi kerak. Ushbu xodimlarning ish haqi va qonuniy yoʻl bilan olingan boshqa daromadlari qonunda belgilangan soliq va toʻlov toʻlangandan keyin ular tomonidan boshqa davlatlarga hech bir cheklovlarsiz oʻtkazilishi mumkin.
Investor, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona chet ellik xodim uchun pensiya taʼminoti boʻyicha toʻlovlarni ushbu xodimning doimiy yashash joyi boʻlgan mamlakatning tegishli fondlariga oʻtkazishi mumkin.
49-modda. Harakatlanish erkinligi
Investitsiya faoliyati bilan bogʻliq holda Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan chet ellik investorlar, ularning vakillari va xodimlari Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida erkin harakatlanish
huquqiga ega.
Ayrim cheklovlar, agar erkin harakatlanishga doir bunday cheklovlar qonunda belgilangan boʻlsa, faqat Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini taʼminlash maqsadida qoʻllanilishi mumkin.
50-modda. Investitsiyalarni sugʻurtalash
Investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy ravishda faoliyat koʻrsatayotgan har qanday sugʻurta tashkilotida sugʻurta himoyasiga boʻlgan huquqdan foydalanadi. Investitsiyalarni siyosiy va boshqa tavakkalchiliklardan sugʻurtalash xalqaro tashkilotlar, chet el agentliklari, boshqa sugʻurta kompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarni sugʻurtalashni amalga oshiruvchi sugʻurta tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi. Davlat sugʻurta tashkilotlarining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi, bundan taraflarning bitimlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Investitsiyalarni sugʻurtalash siyosiy va boshqa tavakkalchiliklardan, shu jumladan quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi tavakkalchiliklardan sugʻurta himoyasini hamda kafolatlarini taʼminlaydi:
mulkning rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinishini, shuningdek mulkni olib qoʻyishga yoki uni boshqa shaxsga berishga, uning ustidan yoki undan olinadigan daromadlar ustidan nazoratning yoʻqolishiga olib keladigan har qanday qonunchilik yoki maʼmuriy choralarni;
chet el valyutasini mamlakatdan tashqariga oʻtkazish boʻyicha cheklovlar joriy etishni;
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va ular mansabdor shaxslarining investorlar shartnomaviy munosabatlariga aralashuvini;
urushlarni, fuqarolarning tartibsizliklari va boshqa shunga oʻxshash voqealarni;
investorlar va chet el investitsiyalari bilan bogʻliq boʻlgan siyosiy va oʻzga tavakkalchiliklarning boshqa turlarini.
10-bob. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar
51-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishi va ularga Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar quyidagi
huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek uning tashqarisida har qanday valyutada, har qanday bankda hisobvaraqlarni ochish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish;
ssudalarni chet el valyutasida olish va qaytarish.
52-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning shoʻba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa alohida boʻlinmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan shoʻba korxonalar, filiallar, shuningdek yuridik shaxs boʻlmagan vakolatxonalar va boshqa alohida boʻlinmalar tashkil etishi mumkin.
53-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning xoʻjalik birlashmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ixtiyoriy asosda uyushmalar va boshqa xoʻjalik birlashmalarini tashkil etishi, shuningdek amaldagi xoʻjalik birlashmalariga teng huquqli aʼzo sifatida kirishi mumkin.
54-modda. Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati
Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni, ularning shoʻba korxonalarini, filiallarini hamda boshqa tuzilmalarini, shuningdek xoʻjalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etishga, sotishga, qayta tashkil etishga yoki tugatishga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirishga, ijara shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga doir xoʻjalik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soliqlar va toʻlovlar toʻlaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning oʻz valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobidan taʼminlanishi kerak. Ularning oʻzini-oʻzi valyuta bilan qoplashi tashkil etiladigan birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar faoliyati doirasida ham taʼminlanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar eksport-import operatsiyalarini qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda mustaqil ravishda amalga oshiradi. Shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotlarining eksporti litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyasiz import qilishga haqli. Eksport uchun yetkazib berilayotgan shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotini va korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilinayotgan mahsulotni aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasiga chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan mol-mulk ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil mobaynida bojxona bojini undirishdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod etiladi. Chet ellik investorlarning, chet davlatlar fuqarolarining va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlib turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan bojxona boji undirilmaydi.
Ixtirolarni va sanoat namunalarini investitsiyalar sifatida kirituvchi chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga tegishli boʻlgan ixtirolarni patentlash hamda sanoat namunalarini joriy etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar korxona fondlarining roʻyxatini, ularni tuzish va ulardan foydalanish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yer uchastkasini ellik yilga qadar, biroq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun arizada koʻrsatilganidan kam boʻlmagan uzoq muddatli ijaraga olish huquqiga ega.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlar asosida yer uchastkalarini olishi mumkin.
Qurilishga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi ushbu obyektlar bilan birga boshqa shaxsga oʻtganda yer uchastkalaridan foydalanish huquqi ham qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlar asosida boshqa shaxsga oʻtadi.
Mol-mulkni chet ellik investorlarga ijaraga berish ijaraga beruvchi tomonidan tegishli shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining mehnatga oid munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining pensiya taʼminoti qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
55-modda. Majburiyatlarni taʼminlash
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning mol-mulki va mulkiy huquqlaridan ular oʻz majburiyatlarining barcha turlarini taʼminlash sifatida, shu jumladan qarz mablagʻlarini jalb etishni taʼminlash uchun foydalanishi mumkin. Uning savdo va xizmat koʻrsatish obyektlariga, shuningdek turar joylarga va turar joylar joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi, binolarga, inshootlarga, uskunalarga boʻlgan mulkiy huquqlari, shuningdek boshqa ashyoviy huquqlari majburiyatlarning taʼminoti sifatida koʻrsatilishi mumkin.
Chet ellik investorga mulk huquqlari asosida tegishli boʻlgan barcha mol-mulk va mulkiy huquqlardan, ular qayerda turganligidan qatʼi nazar, investor tomonidan oʻz majburiyatlarining taʼminoti sifatida foydalanilishi mumkin.
56-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) belgilangan muddatda taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlarda shakllantira olmagan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona uni amalda shakllantirib ulgurgan, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlmagan darajagacha kamaytirishi yoki oʻzi boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning aktivlariga ushbu korxonalar tugatilgan taqdirda soliq solinadi. Aktivlarning qolgan qismi, agar taʼsis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona ishtirokchilari oʻrtasida ularning korxona mol-mulkidagi ulushiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Chet ellik investor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona tarkibidan chiqqan yoki ushbu korxona tugatilgan taqdirda korxonaning mol-mulkidagi oʻz ulushini bozor qiymatiga muvofiq pul yoki tovar shaklida qaytarib olish huquqiga ega boʻladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda oʻzlari bilan mehnat shartnomalari tugatilgan xodimlarning huquqlari va manfaatlariga rioya etilishi kafolatlanadi.
11-bob. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish
57-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
Chet davlatlarning hududiga investitsiyalar yuborishni tartibga solish ushbu Qonunga, hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotgan davlatning qonun hujjatlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
58-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasining davlat boshqaruvi organlari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasining mol-mulkini chet davlatlar hududidagi yuridik shaxslarning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritish mulkdorning yoki u vakolat bergan davlat boshqaruvi organlarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
59-modda. Investitsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga yuborish chogʻidagi investitsiya faoliyatining shakllari
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarni, shuningdek ularning shoʻba korxonalarini, filiallarini, vakolatxonalarini va boshqa alohida boʻlinmalarini chet davlatning qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda tashkil etish;
mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni olish;
chet davlatlarning qonun hujjatlariga zid boʻlmagan hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boʻlgan boshqa har qanday shakllar.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
60-modda. Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish
Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish investorning qaroriga, vakolatli davlat organining qaroriga yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinishi mumkin:
investor qonunda belgilangan tartibda bankrot deb eʼlon qilinganda yoki tan olinganda;
favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga boshqa haqiqiy tahdidlar yuzaga kelganda;
investitsiya shartnomasida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasida belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda va (yoki) qoʻpol ravishda buzilganda;
investitsiya faoliyati jarayonida qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiyaviy, ekologik, arxitektura-shaharsozlik talablari hamda boshqa talablar, yuridik va jismoniy shaxslarning talablari, huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlanganda.
Investitsiya faoliyatini tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib turishga yoki cheklashga olib keladigan tarzda cheklash, toʻxtatib turish (bundan investitsiya faoliyatini favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy tahdid yuzaga kelishining oldi olinishi munosabati bilan oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.
61-modda. Davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Davlat organlarining investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan yoki cheklaydigan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
62-modda. Investitsiya faoliyati subyektlariga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash
Investitsiya faoliyati subyektiga investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish munosabati bilan yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash qonunda belgilanadi.
Davlat boshqaruvi organlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini cheklaydigan qarorlar qabul qilingan taqdirda, shuningdek ushbu organlar tomonidan investitsiya faoliyati subyektlarining xoʻjalik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashilgan hollarda yetkazilgan zararlarning oʻrni qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
Davlat organining (mansabdor shaxsning) gʻayriqonuniy maʼmuriy hujjat chiqarishi natijasida investitsiya faoliyati subyektlariga yetkazilgan zararlarning oʻrni sudning qarori asosida davlat tomonidan, birinchi navbatda tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olgan holda qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi lozim.
63-modda. Nizolarni hal etish
Chet el investitsiyalari bilan bogʻliq boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorning investitsiya faoliyatini amalga oshirishi chogʻida yuzaga keladigan nizo (investitsiyaviy nizo) muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi. Agar investitsiyaviy nizoning taraflari muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan nizoni kelishilgan holda hal etishga erishishga qodir boʻlmasa, bunday nizo mediatsiya yoʻli bilan tartibga solinishi kerak.
Muzokaralar oʻtkazish va mediatsiya yoʻli bilan tartibga solinmagan investitsiyaviy nizo Oʻzbekiston Respublikasining tegishli sudi tomonidan hal qilinishi kerak.
Investitsiyaviy nizolarni ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda hal qilish mumkin boʻlmagan taqdirda, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida va (yoki) investor hamda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida tuzilgan shartnomada tegishli va haqiqiy arbitraj sharti nazarda tutilgan boʻlsa, bunday nizo xalqaro arbitraj vositasida hal etilishi mumkin.
Faqat Oʻzbekiston Respublikasining imzolangan va amaldagi xalqaro shartnomalari va (yoki) investor hamda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida xalqaro arbitrajga murojaat qilish paytida tuzilgan shartnoma doirasidagi yozma rozilik Oʻzbekiston Respublikasining investitsiyaviy nizoni arbitraj yoʻli bilan hal etishga boʻlgan roziligi hisoblanadi.
64-modda. Ilgari amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan ushbu Qonunning qoidalarini qoʻllash
Ushbu Qonun ilgari mazkur Qonun kuchga kirguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan faqat investorga eng koʻp qulay boʻlgan qismi boʻyicha qoʻllaniladi.
65-modda. Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
66-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi 609–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 91-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi 611–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5–6, 93-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi 719–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 9-dekabrda qabul qilingan OʻRQ–380-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 342-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 832–I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 229-modda) XXIII boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 568–II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1–2, 18-modda) XXII va XXIV boʻlimlari;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 16-sentyabrda qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda
“Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi OʻRQ–6-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 310-modda);
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ–197-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 23, 24 va 27-moddalari;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 25-dekabrda qabul qilingan «Soliq va byudjet siyosatining 2013-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish davriyligi qisqartirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish
va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–343-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 334-modda) 3-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvarda qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish
va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–365-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 1, 2-modda) 16 va 17-moddalari;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-aprelda qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish
va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–429-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 137-modda) 7-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–446-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 40-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 26-iyulda qabul qilingan “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–488-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 433-modda) 2-moddasi.
67-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida, ayniqsa investitsiya faoliyati subyektlari oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
68-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
69-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019-yil 25-dekabr
№ OʻRQ—598