Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda “Yil odami” deb eʼtirof etildi
Ozarbayjonda 2006-yildan beri nashr etilib kelinadigan “Tarixiy shaxslar” jurnali anʼanaviy ravishda dunyo rahbarlari, jamoat va siyosiy hayotdagi taniqli shaxslar orasidan “Yil odami”ni aniqlaydi.
2017-yilda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon “Yil odami” etib tanlangan edi. 2018-yilda ushbu nominatsiyaga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V. Putinga berilgandi.
Tahririyat kengashining bir ovozdan qabul qilgan qaroriga binoan, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalarini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun, 2019-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Yil odami” deya eʼtirof etildi.
Shu munosabat bilan “Tarixiy shaxslar” jurnalining navbatdagi maxsus soni Oʻzbekiston Prezidentiga va Oʻzbekistonga bagʻishlanib, rus tilida nashr etiladi.
Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi va Bokudagi Ozarbayjon Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi koʻmagida tayyorlanayotgan “Tarixiy shaxslar” jurnalining mazkur maxsus soni taqdimoti Toshkentda ham boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
O’zA