Innovatsion muhim loyihalar iqtisodiyotni yangilash, mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va qurib bitkazilgan yangi sanoat majmualari bilan tanishish maqsadida 2019-yil 28-dekabr kuni ushbu viloyatga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Prezidentimiz yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ushbu loyihaning roʻyobga chiqishiga hissa qoʻshgan quruvchi va kimyogarlarga hamda chet ellik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
– Bunday muhim, zamonaviy va innovatsion loyihalar Navoiy viloyati iqtisodiyoti va uning “lokomotivi” boʻlgan sanoat sohasini yangilash, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, aholi va byudjet daromadlarini jadal oshirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Keyingi yillarda ertangi kunni oʻylab qabul qilingan istiqbolli rejalar samarasida Navoiy jadal yangilanib borayotgan ilgʻor viloyatlar qatoridan joy oldi. Buni aniq raqamlar ham yaqqol tasdiqlaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlarining 10 foizi aynan Navoiy viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Viloyat aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot, investitsiya, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlar boʻyicha mamlakatda birinchi oʻrinni egallaydi. Xizmatlar va chakana savdo boʻyicha poytaxtimizdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi.
Viloyatda joriy yilda umumiy qiymati qariyb 1,4 milliard dollar boʻlgan 7 ta davlat ahamiyatiga ega va 360 ta hududiy investitsiya loyihalari roʻyobga chiqarildi. Xususan, ishga tushirilgan va amalga oshirilayotgan yirik loyihalar orasida “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining 1,7 milliard dollarlik 3 ta loyihasi alohida oʻrin tutadi.
Ushbu loyihalarning birinchi – polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasining ochilishi mamlakatimizda mazkur turdagi mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlashda muhim qadam boʻldi.
Majmuani barpo etish, eng zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozlashga 500 million dollar investitsiya sarflandi. Bu yerda yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi.
Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, toʻqimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda, ayniqsa, talab yuqori. Ular shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinar edi. Joriy yilning yanvar – noyabr oylarida qiymati 86 million 400 ming dollarlik qariyb 90 ming tonna polivinilxlorid import qilingan. Yangi korxona ishga tushirilgach, endi shuncha mablagʻ oʻzimizda qoladi.
Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi yurtimiz korxonalarini zarur xomashyo bilan taʼminlaydi. Shuningdek, har yili 40 million dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan. Yangi majmuada 900 dan ziyod ish oʻrni yaratildi.
Ushbu loyiha Xitoyning “China CAMC Engineering Co., LTD” va “HQC Shanghai Company” kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
“Navoiyazot”da yaqin vaqt ichida qiymati 217 million dollar boʻlgan yangi zamonaviy azot kislotasi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha ikkinchi loyiha yakunlanadi.
Davlatimiz rahbari “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatidagi uchta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish oson boʻlmaganini qayd etdi.
– Har qancha qiyin boʻlmasin, katta marralarni maqsad qilib qoʻyib, tashabbus koʻrsatib, fidoyilik bilan mehnat qilsak, albatta, ularga erishamiz, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatining salohiyati bundan-da yuqori ekani, ularni ishga solish uchun zarur sharoit va mutaxassislar yetarli ekanini qayd etdi.
– Sahro bagʻrida Navoiy va Zarafshon kabi shaharlarni, sanoat mintaqasini barpo etgan viloyatning mehnatkash, mard va olijanob aholisi yangi Oʻzbekiston rivojiga katta hissa qoʻshishiga ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident ramziy tugmani bosib, korxonani ishga tushirdi.
Marosimda “China CAMC Engineering Co., LTD” injiniring korporatsiyasi vitse-prezidenti Vang Yuxang, mehnat faxriysi Rahmat Omonov, “Navoiyazot” AJ Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti yetakchisi Tolmas Roʻzimurodov, “Polipropilen quvurlar” korxonasi rahbari Madiya Sabitova va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishga tushirilgan mazkur yangi majmua mamlakatimiz sanoatini rivojlantirishda ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlishini taʼkidladi.
Prezidentimiz “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida barpo etilayotgan ammiak va karbamid hamda azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishini koʻzdan kechirdi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi, neft-gaz tarmogʻi, energetika va togʻ-kon sanoatiga 70 dan ortiq turdagi mahsulot yetkazib beruvchi yirik korxonalardan biridir. Yuqori sanoatlashgan mahsulotlar ushbu tarmoqlar ehtiyojini qoplash bilan birga, eksportga ham yoʻnaltirilmoqda. Bugungi kunda jamiyat tarkibidagi korxonalarda qariyb 9 ming ishchi-muhandis mehnat qiladi.
Korxonaning raqobatbardoshligini va quvvatini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish maqsadida bu yerda uchta yirik investitsion loyiha rejalashtirilgan edi.
Davlatimiz rahbari shulardan ikkitasi – ammiak va karbamid hamda azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishini koʻzdan kechirdi.
Birinchi loyihaning umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar boʻlib, uning samarasida yiliga 660 ming tonna ammiak va 580 ming tonnadan ziyod karbamid olish imkoniyati yaratiladi. 500 ga yaqin ish oʻrni paydo boʻladi. Korxonani kelasi yili ishga tushirish, yiliga 136 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda qurilayotgan yangi korxonada zamonaviy texnologiyalar qoʻllanishi evaziga yiliga 735 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazlari miqdori ham kamayadi.
Prezidentimiz korxonaning ishchi-muhandislari bilan suhbatlashdi. Bunday ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhimligini, yuqori samaradorligi bilan koʻplab tarmoqlarga, xalqimizga katta manfaat keltirishini taʼkidladi.
“Navoiyazot”da qurilayotgan yana bir yirik korxona – azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasidir. Umumiy qiymati 217 million dollarga teng ushbu obyekt Shveysariyaning “CASALE SA” kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda. Korxona yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega boʻladi. Hozirgi kunda uskuna va jihozlar oʻrnatilib, qurilish-montaj ishlari yakunlanmoqda. Uni 2020-yil fevral oyida ishga tushirib, mart oyida birinchi mahsulot chiqarilishi rejalashtirilgan.
Shu tariqa 55 yil oldin qurilgan, har tomonlama eskirgan azot kislotasi sexlari foydalanishdan chiqariladi. Eng muhimi, 1 tonna mahsulot ishlab chiqarish uchun elektr energiyasi sarfi 18 barobar kamayadi, havoni ifloslantiradigan 150 ming tonna gaz tutib qolinadi.
Davlatimiz rahbari bu omillar Navoiy viloyati ekologiyasi, havo musaffoligi, aholi salomatligi uchun gʻoyat muhimligini alohida taʼkidladi.
Aytish joiz, dunyoda bu turdagi zavodlar faqat ikki davlatda – Fransiya va Chexiyada mavjud. “Navoiyazot”da barpo etilayotgani uchinchisidir.
Mazkur obyekt qurilishi 2016-yil dekabr oyida boshlangan edi. Hozirda loyihalash, uskuna va jihozlarni olib kelish, qurilish-montaj ishlari toʻliq yakunlangan.
Loyiha doirasida sozlash ishlari 2020-yil fevral oyida yakunlanib, dastlabki mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Korxona toʻla quvvat bilan ish boshlagach, bir kecha-kunduzda 1,5 ming tonna mahsulot tayyorlanadi.
Mazkur korxona ham eng soʻnggi texnologiyalar asosida barpo etilmoqda. Azot ishlab chiqarish boʻyicha eski korxonada oʻnta agregatda yiliga 320 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, yangi zavodda bitta agregatning oʻzida 500 ming tonna mahsulot tayyorlanadi. Bu ham majmuaning texnologik imkoniyatlari ancha yuqori ekanidan dalolatdir.
2019-yil avgust-sentyabr oylarida “CASALE SA” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “Navoiyazot” AJning ushbu loyihada ishlash uchun tanlangan 80 nafar mutaxassisi oʻqitildi. 18 nafar mutaxassis 2020-yil yanvar oyida Fransiyadagi shunday zavodda malaka oshiradi.
Rivojlanayotgan davlatlarning iqtisodiy barqarorlikka erishishida erkin iqtisodiy zonalarning oʻrni katta. Bu kabi zonalar ahamiyati mamlakat taraqqiyotining iqtisodiy, ijtimoiy, demografik mezonlari bilan belgilanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalari faoliyat yuritmoqda.
Jahon standartlariga javob beradigan, zamonaviy, yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarish maqsadida yurtimizda birinchilardan boʻlib “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bugun bu yerda Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Xitoy, BAA, Hindiston, Singapur, Rossiya davlatlari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. EIZ hududida joylashgan korxonalarda 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish yoʻlga qoʻyilgan.
Prezidentimizning 2018-yil 5-iyundagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida investitsiyalarni faol jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, raqobatbardosh yangi zamonaviy ishlab chiqarishlar va kichik korxonalarni rivojlantirishning yangi tizimi yaratildi. Shuningdek, ularni qoʻllab-quvvatlash, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirish, ishlab chiqarish sohasida yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash mexanizmlari ishlab chiqildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari 2018-yil 2-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqboldagi rejalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Taqdimotda davlatimiz rahbariga 2017-2019 yillarda 32 loyiha amalga oshirilib, 1650 dan ziyod ish oʻrni yaratilishi, bunda elektrotexnika, farmatsevtika va tibbiy buyumlar, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgani haqida maʼlumot berilgan edi.
Prezidentimiz joriy yil 13-mart kuni mazkur hududga navbatdagi tashrifi chogʻida Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zonaga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.
Bu galgi tashrifda davlatimiz rahbari ana shu tashabbus va loyihalarning amalga oshirilishi bilan qiziqdi.
2019-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, iqtisodiy zonada umumiy qiymati 276,2 million dollarlik 39 korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida iqtisodiy zonada 27 yangi tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtgan va ular tomonidan jalb etilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 437 million dollarni tashkil qiladi. Hududdagi tadbirkorlik subyektlarining soni esa 66 taga yetdi.
“Navoiy” EIZning umumiy maydoni 564 gektar. “Navoiy” xalqaro aeroporti, Ye-40 avtomagistrali va xalqaro ahamiyatdagi temir yoʻlga yaqin joylashgani, Navoiy viloyatining multimodal transport-logistika tarmogʻidan foydalanish imkoniyati mavjudligi qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.
– Viloyatda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun barcha sharoit mavjud. Iqtisodiyotni rivojlantirishdagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini jadallashtirish va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Albatta, investitsiyalarni jalb qilishda, investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim qadam boʻldi.
Navoiy viloyatida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi beriladi. Tabiiyki, bunday ishlab chiqaruvchilar erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi uchun belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanadi.
Prezidentga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari “National plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoatning yangi tarmogʻi PVXdan profil va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi.
Mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qurilish bozorida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonnadan ortiq. Korxonada 400 dan koʻproq yangi ish oʻrni yaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
– Bu kabi korxonalarni qurishda birinchi navbatda sifatga eʼtibor qaratish kerak. Binolari ixcham boʻlsa ham, asosan, jahon talablariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish muhim, – dedi davlatimiz rahbari.
Asosiy material ekologik toza va xavfsiz plastik xomashyo hisoblanadi. Barcha xomashyo resurslari Italiyaning zamonaviy texnikalari asosida toʻliq avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Natijada ekstuziya jarayoni uchun tayyor polimer vujudga keladi. Ekstruder qurilmalari yordamida polimer qorishma yuqori haroratda katta bosim ostida haydalib, polimer qorishmadan plastmassa hosil boʻladi. Ayni paytda korxonada 44 ekstuziya liniyasi ishlab turibdi.
Profillarga qolip va kabel yordamida shakl beriladi. Ushbu mahsulotlar yuqori sifati va turli sharoitlarga oʻta chidamliligi bilan ajralib turadi.
Prezidentga korxona loyihasining ikkinchi bosqichi haqida maʼlumot berildi. 2020-yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan ushbu loyiha natijasida 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish, 10 million dollarlik mahsulotni esa eksport qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, iqtisodiy hududda “Green Line Profil” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham davlatimiz rahbari eʼtiborida boʻldi.
Korxona tomonidan alyumin profil va alyumin mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Umumiy qiymati qariyb 40 million dollar boʻlgan mazkur korxona 2018-yilda ishga tushirilgan. 650 ish oʻrni yaratilgan. Joriy yilda 18,6 ming tonna mahsulot tayyorlandi va 10 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yangi yildan ishlab chiqarish hajmini 22 ming tonnadan oshirib, eksport miqdorini 14 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar MDH davlatlari, Ukraina, Litva, Polsha, Chexiya, Germaniya, Kanada, AQSH va boshqa xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Korxonaning alyuminiy eritish sexida avtomatik koʻtariluvchi 15 va 30 tonnalik pechlar boʻlib, ularda oʻrtacha 700-750 daraja haroratda eritiladi. Shundan soʻng suyuq metall quyish stoli orqali oʻrtacha bir soatda quyiladi.
Quyish sexidan chiqqan alyuminiy billetlar (yarim tayyor mahsulot) turli profillar ishlab chiqarish uchun ekstuziya sexiga yoʻnaltiriladi. Hozirgi kunda 4000, 2000, 1000 tonnalik presslar ishlab turibdi. Ushbu texnologiyalar zamonaviy va tejamkorligi boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonaning ish jarayoni, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirdi. Import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirib, aholini arzon va sifatli qurilish materiallari bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.
O'zA