Oʻzbekistonda 2020-yil 1-martdan tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimi joriy etiladi
“Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qarori (8-son, 08.01.2020-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-martdan boshlab respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimi joriy etiladi.
2020-yil 1-martga qadar tadbirkorlikni rivojlanganlik darajasi koʻrsatkichlarini hisoblash va baholash boʻyicha “BUSINESS INDICATOR” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi ishga tushiriladi.
Ushbu tizimni ishlab chiqish, unga texnik xizmat koʻrsatish yuzasidan, istisno tariqasida, tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni saralab olish yoʻli bilan shartnoma tuziladi.
Qaror bilan Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, baholash yarim yillik va yil yakuni boʻyicha oʻtkaziladi.
Baholash natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tuman va shaharlar reytingi tuziladi, reytingda yuqori koʻrsatkichlarga ega hududdagi tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlari moddiy ragʻbatlantiriladi.
Baholash Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali