O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi to‘g‘risida axborot
Toshkent shahrida 2020-yil 20-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Majlisda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov majlisni ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Majlisda Oliy Majlis Senatini shakllantirish ochiqlik va transparentlik kabi demokratik tamoyillar asosida milliy saylov qonunchiligi talablariga muvofiq amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining Senat a’zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlislarida 84 nafar senator saylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 13 nafar Senat a’zosi tayinlandi.
Senatning yangi tarkibi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida, shuningdek, davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolardan shakllantirilgani qayd etildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat a’zolarini yuksak nomga sazovor bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.
Prezident mamlakatimiz parlamentining yuqori palatasi oldida turgan masalalar haqida so‘z yuritar ekan, Senat o‘z faoliyat rejasini hududiy muammolardan kelib chiqib shakllantirishi, mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozimligini ta’kidladi.
Davlat byudjeti loyihasini ko‘rib chiqish va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlarni tatbiq etish bo‘yicha hisobotlarini muntazam muhokama qilib borish, yoshlar va ta’lim masalalari senatorlarning doimiy e’tiborida bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Oliy Majlis yuqori palatasi mamlakatimizda korrupsiyaga va umuman jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish muhitini yaratish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi ishlari ustidan nazoratni kuchaytirishda faol bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, xalqaro aloqalarini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish ham Senatning muhim vazifasi bo‘lib qoladi.
Majlis ishtirokchilari Oliy Majlis yuqori palatasi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni taqdim qildi.
Yuqori palata a’zolari yashirin ovoz berish yo‘li bilan Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga Tanzila Norboyevani sayladi.
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan Sodiq Safoyev saylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga muvofiq Senat Raisining o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘ladi. Ushbu normaga asosan Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan Musa Yerniyazov saylandi.
Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan Zayniddin Nizomxo‘jayev saylandi.
Majlisda senatorlar tomonidan xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari, byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, mudofaa va xavfsizlik masalalari, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari, yoshlar, madaniyat va sport masalalari, agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalari, shuningdek, Reglament va odob komissiyasi tashkil etildi.
Har bir qo‘mita va komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari va a’zolari saylandi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Bosh vazirning Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risidagi arizasi o‘qib eshittirildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi nihoyasiga yetdi.
O'zA