Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi toʻgʻrisida axborot
Toshkent shahrida 2020-yilda 21-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda hukumat aʼzolari, markaziy idoralar rahbarlari, mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Deputatlar va senatorlar qoʻshma majlisni oʻtkazish boʻyicha muvaqqat kotibiyat va majlisda elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat guruhini sayladilar, kun tartibi tasdiqlandi.
Qoʻshma majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish yuzasidan ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratdi. Bu borada muhim takliflarni ilgari surib, ularni amalga oshirish boʻyicha yangidan tasdiqlanadigan hukumat oldida turgan asosiy vazifalar xususida toʻxtaldi.
Qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati oʻrtasidagi oʻzaro samarali hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ijroiya organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng Bosh vazir nomzodi hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi koʻrib chiqildi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrnini qoʻlga kiritgan siyosiy partiya tomonidan yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlariga sazovor boʻlgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylovda 53 nafar deputatlik oʻrnini egallagan edi. Partiyaning yaqinda boʻlib oʻtgan Siyosiy kengashi majlisida Bosh vazir nomzodi koʻrib chiqildi va Prezidentga taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etdi.
Abdulla Aripov qoʻshma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi haqida nutq soʻzladi.
Majlisda soʻzga chiqqanlar Prezidentimizning maʼruzasida bayon etilgan ustuvor yoʻnalishlarni qoʻllab-quvvatlagan holda oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni maʼqulladilar.
Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi oʻz ishini yakunladi.