Jahon banki O'zbekistondagi islohotlarning keyingi bosqichini qo'llab-quvvatlaydi
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha vitse-prezidenti Siril Myuller O'zbekiston hukumatining milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasidagi yutuqlarini olqishladi va bankning mamlakatni isloh qilishning keyingi bosqichini qo'llab-quvvatlash niyatida ekanligini yana bir bor ta'kidladi. 16-17 yanvar kunlaridagi Toshkentga tashrifi chog'ida, Prezident Shavkat Mirziyoyev, hukumat va parlamentning yuqori martabali vakillari bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
“O'zbekiston milliy iqtisodiyotni o'zgartirish va fuqarolarning turmush farovonligini oshirish uchun imkoniyatlar yaratishda katta yutuqlarga erishmoqda. Islohotlar orqali aholining turmush darajasini oshirish vaqt talab qiladigan murakkab jarayondir”, - dedi janob Myuller. “Mamlakatda dinamik iqtisodiy model yaratish uchun murakkab islohotlar jarayonining navbatdagi bosqichi boshlanmoqda. Jahon banki, o'z navbatida, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ustuvor yo'nalishlarini qo'llab-quvvatlash uchun O'zbekistonning muhim tarmoqlariga investitsiyalarni va hukumatga maslahat xizmatlarini ko'paytirmoqda”.
Janob Myuller Prezident Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzilya Narbayeva, Bosh vazir birinchi o'rinbosari va Transport vaziri Ochilboy Ramatov, Bosh vazir o'rinbosari va Moliya vaziri Jamshid Kuchkarov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va boshqa yuqori lavozimdagi vakillar bilan uchrashdi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini mustahkamlash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, energetika, transport, moliya, bank va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, davlat organlari va davlat korxonalarini isloh qilish, shuningdek, Markaziy Osiyoda savdo-transport aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, fuqarolarga sifatli davlat xizmatlarini ko'rsatish, ularning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotidagi ishtiroki va gender tengligini ta'minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Bosh vazir o'rinbosari va Moliya vaziri Jamshid Kuchkarov bilan muzokaralardan so'ng janob Myuller shartnoma imzolash marosimida ishtirok etdi. Uning doirasida Jahon banki O'zbekiston hukumatiga 300 dan ortiq qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish uchun 100 million dollar miqdorida zayom beradi. Moliyalashtirilgan loyiha bolalar bog'chalari, maktablar, klinikalar, yo'llar, suv ta'minoti kanalizatsiya va kommunal maishiy chiqindilarni qayta ishlash tizimlarini qurishga yo'naltiriladi.
Jahon banki 2017 yilda keng ko'lamli o'zgarishlar boshlanganidan beri O'zbekistonni qo'llab-quvvatlashni sezilarli darajada oshirdi. Uning mamlakatdagi amaldagi dasturi 3,5 milliard AQSh dollarlik 21 ta loyihani o'z ichiga oladi va Yevropa va Markaziy Osiyoda operatsiyalar hajmi bo'yicha ikkinchi o'rinda turadi. Bank hukumatga qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, ta'lim, suv ta'minoti va sanitariya, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloqlarni rivojlantirish sohalarida iqtisodiy va institutsional islohotlarni amalga oshirishda ko'mak beradi.