Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi – jamoatchilik fikri ko‘zgusida
“Ijtimoiy fikr“ respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi aholi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi haqida” mavzuida telefon orqali so‘rov o‘tkazdi. Unda davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasida belgilangan 2020 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishning ustuvor maqsad va yo‘nalishlariga fuqarolarning munosabatlari aniqlandi.
Telefon orqali bo‘lib o‘tgan so‘rov respublikamizning barcha viloyatlarida istiqomat qiladigan aholi o‘rtasida o‘tkazildi. Unda shahar va qishloqlarda yashaydigan 18 yosh va undan katta erkaklar va xotin-qizlar, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan turli millat va ijtimoiy guruh vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va 2020 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnoma bilan chiqdi.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizning aksariyat fuqarolari, aniqrog‘i 78,9 foizi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarida jonli efirdan va internet tarmog‘i orqali Prezidentning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi bilan tanishgan. Fuqarolarning Murojaatnomaga yuksak darajadagi qiziqishi keng jamoatchilik qatlamlarining mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlardagi ishtiroki hamda fuqarolarning davlatimiz taqdiri va Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalarni bajarishga daxldorlik tuyg‘usi va mas’ulligidan dalolatdir.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov davomida fuqarolar Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmuni bilan tanishgan asosiy axborot manbalari aniqlandi. Masalan, so‘rovning 80,1 foiz ishtirokchilari davlatimiz rahbarining Murojaatini televidenie orqali jonli efirda kuzatgan. Har o‘ninchi fuqaro mamlakatimiz hayotidagi ushbu muhim siyosiy voqea haqida Murojaatnoma mazmunini keng jamoatchilikka tanishtirish va tushuntirishga qaratilgan yangiliklar va tahliliy ko‘rsatuvlar orqali xabardor bo‘lgan. 6,6 foizi Murojaatnomaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasini internet orqali tomosha qilgan. Bundan tashqari, 3,3 foiz fuqarolar Prezident Murojaatnomasi to‘g‘risida o‘z qarindoshlari, do‘stlari va hamkasblaridan eshitganlarini ma’lum qilishdi. Bu davlatimiz rahbarining nutqi keng jamoatchilik orasida katta aks-sado berganidan dalolatdir.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimiz aholisi Yurtboshimizning parlamentga Murojaatini eng ijobiy tarzda qabul qilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, aksariyat o‘zbekistonliklar – 97,2 foiz ishtirokchi Shavkat Mirziyoevning davlat va jamiyatni har tomonlama va jadal rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bo‘yicha tashabbusi va istiqbolli rejasi mamlakatimiz iqtisodiyotida ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi pozitsiyasini mustahkamlashga, fuqarolarning farovonligi va turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov davomida Prezidentimiz Murojaatnomasidagi qaysi bandlar o‘zbekistonliklarda ko‘proq taassurot qoldirgani haqidagi fikrlari ham aniqlandi.
Aksariyat fuqarolar (67,4 foiz) mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyani ushlab turish va kambag‘allikni kamaytirish Murojaatnomadagi ustuvor vazifalardan biri, deb javob bergan. So‘rov jarayonida fuqarolar davlatimiz rahbarining “ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshiriladi” degan so‘zlari, ularning adolat haqidagi tasavvurlariga mos kelishini qayd etadi hamda ular albatta amalga oshirilishiga umid bildiradi. Shavkat Mirziyoevning “Vatanimiz ichra har bir inson, o‘zining “kichik vatani”ga ega bo‘lishi”ga oid so‘zlari deyarli har bir o‘zbekistonlikning ongi va qalbida alohida aks-sado berdi.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov aholining 61,5 foizida Yurtboshimizning korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratgani katta taassurot qoldirganini ko‘rsatdi. Fuqarolarning fikricha, Prezidentimizning mamlakatda nafaqat poraxo‘rlikka qarshi kurashadigan, balki korrupsiya jinoyatlarini erta aniqlash bilan ham shug‘ullanadigan korrupsiyaga qarshi organni tashkil etish to‘g‘risidagi qarori muhim ahamiyatga ega. Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov ishtirokchilari davlatimiz rahbarining “jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz” degan fikrlariga to‘la qo‘shilishi va uni qo‘llab-quvvatlashini alohida qayd etgan.
Prezidentimizning biznes-muhitni yanada yaxshilash, jumladan, soddalashtirilgan soliq qonunchiligi va soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlarni joriy etish, tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini joriy etish bo‘yicha tashabbuslari so‘rov qatnashchilarining alohida e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Fuqarolar shuningdek, litsenziyalash va ruxsatnoma berish hamda korxonalar faoliyatiga moliyaviy-xo‘jalik tekshiruvlarni tartibga solishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
58,9 foiz fuqarolarning fikricha, ilm-fan, ma’rifat va innovatsiyalarni rivojlantirish, islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali kadrlarning yangi avlodini tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Shuningdek, Prezidentimizning yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish va davlat grantlari hisobiga ta’lim oladiganlar ulushini ikki baravar oshirishga doir taklifi aholi o‘rtasida alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.
So‘rovda ishtirok etgan 56,3 foiz fuqarolarning fikricha, davlatimiz rahbarining xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy faolligini kuchaytirish, turli sohalarda ularning qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlariga amal qilinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan tashabbuslari ham muhim ahamiyatga ega. 5,5 ming nafar xotin-qizning biznes-loyihalarini amalga oshirish uchun 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi bu borada muhim qadamlardan bo‘ladi. Bundan tashqari, davlat 1576 nafar xotin-qizning yangi turar joy xarid qilishlari uchun boshlang‘ich badalni to‘lab beradi.
Tadqiqot jarayonida 53,9 foiz fuqarolar turizm, jumladan, ziyorat va tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. So‘rov ishtirokchilari O‘zbekistondagi yangi ob’ektlarni YuNESKOning moddiy va nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish zarurligini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.
49,3 so‘rov qatnashchilarining fikricha, davlatimiz rahbarining 1995 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatimizga tashrif buyurgan qariyb 50 ming nafar fuqaroga O‘zbekiston fuqaroligini berish to‘g‘risidagi taklifi alohida ahamiyatga ega.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov ishtirokchilari Prezident fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularning daromadlarini oshirish, jamiyatda ularning obro‘sini mustahkamlashga muhim e’tibor qaratmoqda, deb hisoblaydi. Fuqarolar davlatimiz rahbarining dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga chek qo‘yish va dorilarning real narxini kuzatib borish tizimini yaratishni joriy etish zarurligi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaydi.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov 49,2 foiz o‘zbekistonliklar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahallalarning o‘zaro hurmat va birdamlik muhitini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish va rivojlantirishdagi ahamiyati va nufuzini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muhim deb hisoblaydi. Xususan, so‘rov qatnashchilari mahallalar qurish va obodonlashtirish, yo‘l va yo‘laklar qurish, yangi suv ta’minoti tizimlarini ta’mirlash va yotqizish, yurtimizning chekka va olis hududlariga gaz quvurlarini o‘tkazish, aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov jarayonida 98,1 foiz fuqarolar Prezidentimizning 2020 yilni O‘zbekistonda ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlan
tirish yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifini to‘la ma’qullaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. So‘rovda qatnashganlarning fikricha, raqamli texnologiyalarni iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga jadal joriy qilish mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston xalqi orasida yuksak obro‘ va ishonchga ega. Aksariyat fuqarolar (93,6) mamlakat Prezidentiga to‘la ishonishini bildirgan va Yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan maqsadlar mamlakatimizdagi ko‘plab sohalarni yanada rivojlantirish va takomillashtirishga yo‘naltirilgani, mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar fuqarolarimiz hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirayotganiga qat’iy ishonadi.
Umuman olganda, telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov O‘zbekiston fuqarolari Prezidentning Murojaatnomasida taqdim etilgan mamlakatimizni yanada isloh qilish va modernizatsiyalash bo‘yicha strategik kursni qo‘llab-quvvatlashi hamda Yurtboshimiz rahbarligi ostida O‘zbekistonni rivojlantirish, ilmiy hajmdor iqtisodiyotni shakllantirish, sanoat, transport sohasi va energetikani jadal rivojlantirish, biznes va turizm, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xalqimiz salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uni davlatimiz farovonligi va taraqqiyotini ta’minlab beradigan ish bilan qamrab olishda yangi imkoniyatlarni taqdim etishiga ishonishlarini ko‘rsatdi.
O‘zA