“Gʻishtkoʻprik” chegara-bojxona postiga press-tur
Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan jurnalistlar uchun Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Gʻishtkoʻprik” chegara-bojxona postiga press-tur uyushtirildi.
Asosiy eʼtibor chegara-bojxona postlarida Oʻzbekiston va Qozogʻiston fuqarolari, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoit, Prezidentining 2019-yil 7-noyabrdagi “Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib oʻtish tartibini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga qaratildi.
Mavzu yuzasidan jurnalistlarga Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi Otabek Choriyev batafsil maʼlumot berdi.
Mamlakatimizning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro doʻstliq, yaqin qoʻshnichilik va hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan tashabbus va amaliy harakatlar qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarida ham yangi davrni boshlab berdi. Shu tufayli ikki davlat oʻrtasida oʻzaro bordi-keldilar yana-da faollashdi, qardoshlik rishtalari yana-da mustahkamlandi. Iqtisodiyotga sarmoya jalb etish va tovar ayirboshlash hajmi ortdi.
2019-yilda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida tashqi savdo aylanmasi salkam 3,4 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 638 million dollarga koʻp demakdir.
Oʻtgan yilda Respublikamizdan Qozogʻistonga 1 milliard 487 million dollar qiymatidagi salkam 40 turdagi tovarlar eksport qilingan. Qozogʻiston Respublikasidan esa Oʻzbekistonga 1, 9 milliard dollar qiymatidagi 38 turdagi tovarlar import qilingan. Koʻrinib turibdi-ki, ikkala mamlakat oʻrtasida hamkorlikning mustahkamlanishi chegara-bojxona postlarida ham faollik yana-da oshishiga xizmat qilmoqda. Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegara-bojxona postlari orqali 2019-yilda harakatlangan jismoniy shaxslar 16,2 million nafarni, avtotransport vositalari soni esa 718,1 mingtani tashkil qilgan.
Ayni paytda Oʻzbekistoning Qozogʻiston bilan chegarada 6 ta chegara-bojxona posti faoliyat yuritadi. Bular Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Dout ota”, Toshkent viloyatidagi “Gʻishtkoʻprik”, “S.Najimov”, “Navoiy”, “Yallama” hamda Sirdaryo viloyatidagi “Sirdaryo” chegara-bojxona postlaridir. Jumladan, “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti orqali 2019-yilda harakatlangan jismoniy shaxslar 7,8 million nafarni, avtotransport vositalari soni esa 141 mingtani tashkil qilgan.
Press-turda jurnalistlar 2020-yilning 1-yanvaridan eʼtiboran chegara-bojxona postlarida joriy qilingan bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi bilan ham yaqindan tanishishdi. Xususan, respublikamizga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan notijorat maqsadlardagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan meʼyorlaridan ortgan holatlarda bojxona toʻlovlari soddalashtirilgan tartibda undirilishi yoʻlga qoʻyildi.
Yaʼni bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi (15 foiz) va aksiz soligʻi oʻrniga tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 3 dollardan kam boʻlmagan miqdorda yagona bojxona toʻlovi stavkasi joriy qilindi. Mazkur yagona bojxona toʻlov stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar, tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda tatbiq qilinmoqda.
Ushbu oʻzgartirishlar shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlar olib kiradigan fuqarolarning xarajatlarini pasaytirib, bojxona rasmiylashtiruvi tartiblarini tezlashtiradi. Endilikda chegara nazorat punktlarida tirbandlik hosil boʻlmayapti.
Jurnalistlar mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishib, Qozogʻistondan kelayotgan insonlar bilan ham suhbatlashdi.
– Endilikda Oʻzbekistonga kelib-ketish ancha osonlashdi, – deydi Qozogʻiston fuqarosi Svetlana Baymatova. – Oʻzbekistonda mening yaqin qarindoshlarim yashaydi. Ular bilan tez-tez bordi-keldi qilib turamiz. Bu safar ham oʻgʻlimni davolatish uchun mamlakatingizga kelayotgan edim. “Gʻishtkoʻprik” chegara-bojxona postida men kabi yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoit tufayli vaqtimiz tejalib, manzilimizga hotirjam yetib olmoqdamiz.
Press-tur doirasida tashkil etilgan brifingda Davlat bojxona qoʻmitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshligʻi Rustam Qobulov tizimdagi yangiliklar xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Maʼlumki, jismoniy shaxsga havo yoʻllari orqali kirib kelishda 2 ming dollar, poyezdda kirib kelsa, ming dollar, avtomobil yoki yoʻlovchi sifatida kirib kelsa, 300 dollar miqdoridagi shaxsiy ehtiyoj uchun moʻljallangan tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Qachonki, olib kirilayotgan tovarlar ushbu meʼyorlardan ortiqcha boʻlsagina, u holda soddalashtirilgan tartibda bojxona toʻlovi undiriladi. Shu bilan birga jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlar roʻyxati ham tasdiqlandi. Ular sirasiga tibbiyot texnikasi va uskunalari, tibbiyot, xirurgiya, stomatologiya yoki veterinariya mebeli, fotolaboratoriyalar uchun apparatura va uskuna, oʻyin avtomatlari kabi qator tovarlar kiradi.
Jumladan, joriy yilning 1-yanvaridan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali harakatlangan jismoniy shaxslardan jami 2,1 milliard soʻm yagona bojxona toʻlovi undirildi. Ilgari bojxona toʻlovlarini umumbelgilangan tartibda hisoblash va undirish jarayonlariga har bir jismoniy shaxs uchun 40-50 daqiqa, tovarlar ortilgan 1 ta yengil avtotransprot vositasiga esa oʻrtacha 2 soat vaqt sarflangan.
Bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilganidan soʻng tovarlar miqdorini, bojxona qiymatini aniqlash, toʻlovlarni hisoblash kabi bojxona operatsiyalari 6 tadan 3 taga qisqardi. Endilikda 1 nafar jismoniy shaxs uchun oʻrtacha 10 daqiqa, tovarlar ortilgan 1 ta yengil avtotransport vositasi uchun esa 15 daqiqa kifoya qilmoqda.
Tadbirda soha xodimlari jurnalistlarga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroridan kelib chiqib, chegara-bojxona postlarida amalga oshirilgan oʻzgarishlar haqida ham axborot berildi.
Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida davlat nazorati organlari tomonidan oʻtkazish punktida haydovchilar, tovarlar va transport vositalarining nazorat tartib-taomillardan oʻtkazilishi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi asosida
Nizomda oʻtkazish punktlarida avtotransport vositalarining boʻlish vaqti aniq belgilandi. Yaʼni avtotransportning oʻtkazish punktida boʻlish vaqti uning turi va oʻtkazish punktining texnik holatiga qarab quyidagi muddatdan ortiq boʻlmasligi kerak:
yengil avtotransport vositalari – 15 daqiqa;
yuk avtotransport vositalari – 30 daqiqa.
Press-tur davomida jurnalistlar chegara-bojxona posti orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar va avtotransport vositalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi amalga oshirilishiga bevosita guvoh boʻldi. Bu borada oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
OʻzA