O‘zbekiston: Inqilobiy o‘zgarishlar davri
2020-yilda O‘zbekistonda amalga oshiriladigan islohotlar natijasi har qachongidan salmoqliroq bo‘lishi kutilmoqda.
“Inqilob” so‘zi izohli lug‘atda “jamiyat hayoti va uning sohalarida bo‘ladigan tub o‘zgarish”, deb sharhlangan. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan jarayonlar bu ta’rifga to‘la mos keladi.
Islohotlarning istiqbolli rejasi
Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnoma, ya’ni xalqning xohish-irodasiga asoslangan va izchil ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini o‘zida aks ettiruvchi dasturilamal hujjat taqdim etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Unda ilk bora “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib borayotgani haqida aytildi. O‘z navbatida, jamiyat ham Prezidentimizning chiqishiga juda katta qiziqish bildirdi. So‘rovlardan ma’lum bo‘lishicha, har o‘n nafar vatandoshimizdan sakkiz nafari Murojaatnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rdi. Har o‘ninchi fuqaro ma’ruzaning mohiyatini chuqurroq anglash uchun qo‘shimcha ravishda axborot va tahliliy resurslarga murojaat qildi.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan yo‘nalishlar keng miqyosda ma’qullandi. O‘zbekistonliklarning 97 foizdan ko‘prog‘i Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari— bu davlat va jamiyatning har tomonlama, jadal rivojlanishiga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning istiqbolli rejasidir, deb hisoblaydi. Yangilanishlar mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishida katta rol o‘ynab, aholi farovonligini yaxshilash barobarida, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishga xizmat qiladi.
Murojaatnoma Vatanimizdan juda uzoq-uzoqlarda ham aks sado berdi.
Misol uchun, AQShdagi “Defense & Foreign Affairs” tahliliy guruhi rahbari Gregori Kopli mamlakatimiz rahbarining Murojaatnomasiga bag‘ishlab, “O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda Sovet Ittifoqi davridan keyingi eng salmoqli strategik yondashuvni belgilab berdi” sarlavhasi ostida maqola yozdi. Unda Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini Markaziy Osiyo mamlakati yetakchisi tomonidan ilgari surilgan milliy siyosat bo‘yicha juda katta ahamiyatga molik bayonotlardan biri, deya baholar ekan, mazkur chiqishda ilk bora davlat strategiyasining aniq bosqichlari ko‘rsatib berilganini ta’kidladi.
Muallifning fikricha, ushbu muhim strategiyaning navbatdagi komponenti O‘zbekistonning global miqyosdagi o‘rnini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ladi. Bunga esa mamlakat o‘ziga xosligini va maqsadlarini aniq belgilashga erishganidan so‘ng imkon tug‘iladi. Prezident nigohida yangi eraga qadam qo‘yayotgan davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Amerikalik ekspert O‘zbekistondashiddat bilan o‘zgarayotgan hayotni yangiera deb ataganida, nechog‘li haq ekanini ta’kidlash shart emas. Zero, Murojaatnomada Prezidentimiz fuqarolik, jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, ekologiya vama’muriy javobgarlik sohalarini tartibgasoluvchi oltita kodeksni; tashqi iqtisodiy faoliyat, suv xo‘jaligi, aholining ijtimoiy muhofazasi, yoshlarga oid siyosat va kinematografiyaga taalluqli beshta konsepsiyani; Ilm,ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, “Raqamli O‘zbekiston”, “yashil iqtisodiyot”, kambag‘allikni kamaytirish hamda Mehribonlik uylari bo‘yicha beshta dasturni davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, qurilish sohasi, inson huquqlari, shuningdek, raqobat muhitiga tegishli to‘rtta strategiyani qabul qilish zaruratini aytib o‘tdi. Ko‘rinib turganidek, davlat va jamiyat hayotining har bir yo‘nalishi qamrab olindi.
Ekspertlar qariyb uch soat davom etgan ma’ruzaning xronometrajini ham tahlil qilishdi. Bunda Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishining 64 daqiqasini mamlakat iqtisodiyoti rivojiga bag‘ishlagani ma’lum bo‘ldi. Hayron bo‘larli joyi yo‘q. Negaki, iqtisodiy taraqqiyotsiz odamlar hayotining yanada farovonlashuvi qiyin. Jahon amaliyotida bu — isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Investitsiya masalasiga yangicha yendashuv
Davlat rahbari aholining turmush tarzini yaxshilash haqida gapirar ekan, buning uchun mahalliy iqtisodiyotning sezilarli o‘sishi va raqobatbardoshligi ortishiga erishish zarurligini ta’kidlaydi. Shu maqsadda tegishli qarorlar qabul qiladi va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi.
Shu asosda boshqa sohalar kabi iqtisodiyotda amalga oshirilgan chora-tadbirlarning aksariyati, chindan ham, inqilobiy xarakterga ega.
Masalan, ko‘p yillar davomida kutilgan valyuta siyosatini liberallashtirish masalasini olaylik. Fuqarolar xorijiy valyutani banklarga topshirish va u yerda xarid qilish, xalqaro plastik kartalardan chet davlatlarda bemalol foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Lekin gap faqat bunda emas. Yana ham muhimrog‘i — xorijiy valyutani almashtirishda ilgari mavjud bo‘lgan bir nechta kurs o‘rniga yagona kurs o‘rnatildi. Eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xorijiy valyutadagi tushumni topshirish majburiyatidan ozod etildilar. Mahalliy tadbirkorlar xorijdan o‘z faoliyati uchun kerakli mahsulot, tovar va xizmatlarni olish uchun valyuta xarid qilishlari mumkin bo‘ldi. Xorijiy sarmoyadorlar esa O‘zbekistonda olingan foydani valyutada chetga olib chiqish huquqiga ega bo‘lishdi. Shu va boshqa choralar valyuta “qora bozori”ni, avvallari davlat tomonidan hatssan tashqari tartibga solish natijasida yuzaga kelgan korrupsiya holatlarini bartaraf etishga xizmat qildi.
O‘zbekiston rahbariyatining bu qat’iy qadami mamlakat iqtisodiyoti rivojiga kuchli turtki berdi. Valyuta mablag‘laridan keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan tadbirkorlar yuqori texnologik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy jihoz va texnikani chetdan olib kirishni faollashtirdi. Valyuta siyosatini liberallashtirish ilgari xorijiy sarmoyadorlar duch kelgan muammolarni ham hal qilishga yo‘l ochdi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Xorijiy investitsiyalar har qaysi davlatning iqtisodiy o‘sish sur’atlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi haqida gapirganda, Murojaatnomada keltirilgan quyidagi raqamlarni aytib o‘tish joiz: to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yildagiga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o‘sdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Ko‘rinib turibdiki, o‘sish ancha yuqori. Bunday natijaga investitsiya siyosatini tubdan takomillashtirish va bu ishga barcha tuzilmalarni jalb etish orqali erishildi.
O‘zbekiston rahbarining xorijiy davlatlarga tashriflari vaqtida o‘sha mamlakatning yetakchilari va ishbilarmon doiralari bilan o‘tkaziladigan muzokaralarda investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish masalasi asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Xorijiy investorlarni izlab topish respublikamiz iqtisodiyotining barcha tarmog‘i va hokimiyat mahalliy organlari rahbarlarining ustuvor vazifasi sanaladi. Bu ish bilan O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham shug‘ullanishadi. Ya’ni ular muayyan viloyatlarga biriktirilgan bo‘lib, salohiyatli investorlar bilan joyida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatishadi.
Turli mamlakatlardan kelayotgan ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyalar, shuningdek, Toshkent va viloyatlarda o‘tkazilayotgan biznes-forum, ko‘rgazma singari tadbirlarda chet ellik qatnashchilar sonining ko‘payishi xorijiy sarmoyadorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortayotganidan dalolat. Mart oyida poytaxtimizda o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida xabar berilgach, bu qiziqish yanada kuchaydi.
"O‘zbekiston Prezidenti keskin va chuqur islohotlar, o‘zgarishlarning yangi bosqichini boshlab berar ekan, qat’iy siyosiy iroda hamda uzoqni ko‘rish qobiliyatini namoyon qildi", — deb yozadi
Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazining ijrochi direktori X. T. Akram o‘zining maxsus ma’ruzasida. Ekspert fikriga ko‘ra, O‘zbekiston qisqa davr mobaynida diqqatga sazovor yutuqlarga erishdi hamda xorijiy investorlar uchun uzoq muddatli ishonchli hamkorga aylandi. U mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganini alohida ta’kidladi. Ya’ni innovatsion tashabbuslar tufayli respublikaning barcha viloyatlarida investorlar huquqlarini himoya qilishning institutsional shakllari ta’minlangani, bu esa xorijiy sarmoyalarni faol jalb qilishga yordam berishini aytib o‘tdi.
O‘tkazilishi mo‘jallangan forum to‘g‘risida bugun dunyoning turli burchaklarida gapirilmoqda. Ozarbayjonda tadbirkorlar O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik o‘rnatish imkoniyatidan foydalanish niyatini ma’lum qilishgan bo‘lsa, Ispaniyada Jihoz ishlab chiqaruvchilar uyushmasining departamenti boshlig‘i Ektor Rodriges O‘zbekistonda iqtisodiyot ustidan davlat boshqaruvi darajasi pasayib, cheklovlar kamayib borayotgani, valyuta siyosati liberallashgani, ishbilarmonlik muhiti yaxshilangani va biznes yuritishga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa jihatlarni olqishladi.
Klaster — ishlab chiqarishning zamonaviy mexanizmi
Lekin ana shunday katta qiziqish, o‘tkazilayotgan uchrashuv hamda muzokaralar amaliy natija berishi uchun xorijiy sarmoyadorlarga barcha sharoitni yaratish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilab borish talab etiladi. Davlatimiz rahbari hamisha bunga alohida ahamiyat qaratadi. Amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, faol ishbilarmonlikka xalaqit beruvchi to‘siqlarni bartaraf etish, investorlarni O‘zbekistonda biznes tashkil etib, rivojlantirishga rag‘batlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar zamirida ham ayni shu maqsadlar mujassam.
Bu yo‘nalishda ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo ularning natijasi muhimroq.
Masalan, Prezident Murojaatnomasida qayd etilganidek, Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o‘rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik. Lekin bu dastlabki qadam, xolos. Kelgusida O‘zbekistonning ushbu reytingdagi pozitsiyasini yanada ko‘tarish, 2022 yilga borib mamlakatimizda tadbirkorlik uchun sharoit yaratish borasida “Top-20”talik darajasiga mos keluvchi ko‘rsatkichga erishish vazifasi qo‘yilgan.
Respublika rahbariyati tomonidan o‘tkazilayotgan islohotlar orasida biz uchun, ayniqsa, tub o‘zgarish hisoblanuvchi yangiliklar ham bor.
Jumladan, qishloq xo‘jaligida klaster tizimini yaratish mamlakatimiz paxtachiligida o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ilgari, bir necha o‘n yilliklar davomida O‘zbekiston paxta xom ashyosini yetishtirish va faqat dastlabki qayta ishlash jarayonini bajarish — uni tolaga aylantirib berishga “mahkum” edi. Paxta sobiq Ittifoqning boshqa respublikalariga kalava ip, mato ishlab chiqarish va kiyim-kechak tikish uchun jo‘natilar yoki chet davlatlarga xom ashyo sifatida eksport qilinib, undan kelgan foyda esa umumiy xazinaga tushar edi. Paxta yakkahokimligi vujudga kelgandi. Shu darajaga borib yetgandikki, hatto ostonamizgacha chigit ekib, g‘o‘za o‘stirardik. Buning ustiga, qishloq aholisining salomatligiga jiddiy ziyon yetkazuvchi kimyoviy vositalar ko‘p miqdorda qo‘llanilar edi. Orol dengizi fojiasini ham paxta dalalarini sug‘orish uchun haddan ziyod suv sarflangani bilan izohlashmokda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach paxta xom ashyosi yetishtirish va undan tola ishlab chiqarish davom ettirildi. Mahsulot, asosan, eksportga jo‘natilib, endigina suveren bo‘lgan davlatga juda zarur hisoblanuvchi valyuta keltirardi. Biz O‘zbekistonning paxta tayyorlash va eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga kirishidan faxrlanib yuraverdik. Ammo shu paytning o‘zida ko‘pgina davlatlar bizdan xarid qilgan paxta tolasini qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarar va katta foyda olardi. To‘g‘ri, sekin-asta paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish yo‘liga o‘tildi. Shunday bo‘lsa-da, bir zanjirning bo‘laklari alohida-alohida harakatlanganday edi. Dehqon g‘o‘zaga bor mehrini berib parvarishlar, paxta tozalash zavodlari uni tolaga aylantirar, to‘qimachilik korxonalarida mato, keyinchalik tikuvchilik fabrikalarida undan kiyim-kechak tayyorlanar edi. Har bir subyektning o‘ziga yarasha maqsadi va manfaati bo‘lishi ham tabiiy.
Keyingi bir necha yil ichida yangi tizim — klaster vujudga keldi. Bu esa paxtani ekishdan boshlab, to tayyor mahsulotga aylangunicha bo‘lgan barcha bosqichni birlashtirib, uzluksiz zanjir holatiga keltirdi. Endi mablag‘ va resurslar "bir qo‘l ostida" jamlanib, hamma tarkibiy qismlar yagona tizim orqali boshqariladigan bo‘ldi, hamma xodimlarning maqsadi ham bir. Klasterlarning samaradorligi tezda o‘z isbotini topdi. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, 73 ta paxtato‘qimachilik klasterining umumiy yetishtirilgan hosildagi ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etdi. Hosildorlik ko‘rsatkichi esa klasterga kirmagan xo‘jaliklarnikiga nisbatan 4,1 sentner yuqori bo‘ldi. Demak, qo‘shimcha ravishda 428 ming tonna qimmatbaho xom ashyo tayyorlandi.
Ayni vaqtda meva-sabzavot klasterlari tuzish vazifasi qo‘yildi. Ya’ni bu meva-sabzavotlar hosilini yig‘ib, uni saqlash, keyin ham ichki, ham tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha bosqichni bir zanjirga birlashtirishga qaratilgan.
Yangi tizim iqtisodiy jihatdan afzalligi bilan bir qatorda majburiy mehnatni bartaraf etish imkonini beradi. Yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurgan “Cotton Campaign” koalitsiyasi a’zolarining fikricha, bugungi kunda bu mamlakatimiz uchun eng maqbul yo‘ldir. Ushbu xalqaro koalitsiyaning hammuassisi Bennet Friman tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi alohida e’tirof etildi.
Yodimizda, O‘zbekiston 2019-yilni ajoyib xushxabar bilan yakunladi: dunyoga mashhur “The Economist” nashri Vatanimizga “Yil mamlakati” maqomini berdi. Prezidentimiz boshlab bergan yangilanishlar so‘nggi yilda yanada jadallashdi va yurtimiz jurnalistlar uchun ham, qo‘shni davlatlar uchun ham yanada ochiqroq bo‘ldi. “The Economist” nashri ta’kidlaganidek, xorijiy mutaxassislar iqtisodiyotni qayta qurishda yordam berish uchun taklif qilinmoqda va mamlakatimiz qisqa fursatda “islohotlar ko‘rgazmasi”ga aylandi.
Shubha yo‘qki, 2020 yil bundan ham mazmundor, yutuqlarimiz bundan-da zalvorli bo‘ladi. Asosiy yo‘nalishlar esa kelgusi davrga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” — Murojaatnomada belgilab berilgan. Eng asosiysi, Prezidentimiz aytganidek, bu g‘oyat dolzarb ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 14.02.2020