O‘zbekiston YUNESKOning Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchisiga aylandi
2020-yil 15-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi uchun YUNESKOning Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi konvensiyasi kuchga kirdi.
Konvensiya 2005-yil 20-oktabrda Parij shahrida imzolangan va 2007-yil 18-martda kuchga kirgan. O‘zbekiston Konvensiyani 2019-yil 14-oktabrda ratifikatsiya qilgan. Hozirgi vaqtda hujjat 148 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyaning asosiy maqsadi – madaniy o‘zini ifodalashning turli hil shakllarini himoya qilish va rag‘batlantirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘li bilan turli madaniyatlarning o‘zaro erkin aloqa qilishi va rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Hozirgi vaqtda mamlakatda Konvensiyaning asosiy qoidalarini hayotga tadbiq etish uchun tegishli chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, jumladan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Maqom san’ati xalqaro forumi, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilishi bunga yaqqol misol bo‘ladi.