Uch yillik sarhisob va 2020-yilga rejalar muhokamasi
Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: Harakatlar strategiyasining uch yillik samarasi va 2020 yilga belgilangan ustuvor vazifalar” mavzuida xalqaro forum tashkil etildi.
Unda davlat boshqaruvi organlari, NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.
Forumda qayd qilinganidek, O‘zbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan jadal taraqqiy etayotgan, iqtisodiyotda barqaror o‘sish sur’atlariga erishayotgan, eng asosiysi, aholining hayot darajasi izchil yuksalayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilayotir.
Anjuman davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlangan “Harakatlar strategiyasi bilan uch yil: kutilgan natijalar, yuqori samaradorlik va yuksak marralar” nomli risolaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu qo‘llanmada davlat dasturlari ijrosining tahlili, qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlar batafsil aks ettirilgan.
Xalqaro forum o‘z ishini Harakatlar strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishi kesimida davom ettirdi. Ma’ruzachilar o‘z taqdimotlarida tegishli vazirlik, idora va davlat organlari tizimida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda bildirilishicha, so‘nggi uch yillikda parlament va siyosiy partiyalarning roli yanada kuchaydi. Oliy Majlis palatalari faoliyatida eng muhim o‘zgarish — bu parlament, shuningdek, deputat va senatorlarning faqat kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bilan cheklanmasdan, bevosita joylarga borib, xalqning turmush darajasini o‘rganish, uni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil etish va hal qilishda ishtirok etishlari bo‘ldi. Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, har ikki palatada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etildi. Qolaversa, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini aniqlash hamda hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Adliya vazirligi huzurida yo‘lga qo‘yilgan Davlat xizmatlari agentligi 2018-yilda 37 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatgan bo‘lsa, 2019-yilga kelib ularning soni 130 taga yetdi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishida valyuta bozori liberallashtirilmoqda, bojxona to‘lovlari stavkalari ikki baravarga kamaytirildi. Yangi soliq konsepsiyasi amaliyotga joriy etildi va soliq islohotlari izchil amalga oshirildi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatning turistik salohiyati sezilarli darajada oshgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, 2019 yilda 6.7 mln. nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va bu 2016 yildagiga nisbatan 4.7 mln.ga ko‘p. Ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi 52 foizga yetgan.
Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘z pozitsiyasini bildirish imkoniyati kengaydi.
Xalqaro forum ochiq muloqot ruhida o‘tkazilib, har bir ma’ruzadan so‘ng qizg‘in muhokamalar tashkil etildi.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 15.02.2020