Xitoy xalqiga bildirilgan hamdardlik va koʻrsatilgan yordam uchun Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan maktubda bunday deyilgan:
“Muhtaram Prezident janoblari!
Xitoy koronavirus tarqalishiga qarshi olib borayotgan kurashi munosabati bilan yoʻllagan taʼziyanomangiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Aytishganidek, qayerdadir kulfat yuz bersa, har yoqdan yordamga shoshiladilar. Dunyo hamjamiyati, shu jumladan Oʻzbekiston, Xitoy hukumati va xalqiga hamdardlik bildirdi va turli koʻrinishda qoʻllab-quvvatladi. Bu bizga boʻlgan doʻstona munosabatni toʻliq namoyon etdi.
Xitoy epidemiyani profilaktika qilish va nazoratga olish borasida muvaffaqiyatga erishishiga ishonchi komil va bunga qodir, shuningdek, butun jahonda jamoat sogʻligʻini saqlash ishiga hissa qoʻshish yoʻlida xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ishlashga tayyor.
Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdaman hamda Siz bilan yaqin muloqotni davom ettirishga tayyorman.
Sizga mustahkam sogʻlik, faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekistonga esa ravnaq va farovonlik tilayman.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Si Szinpin”