O‘zbekiston Prezidentining murojaatnomasi — mamlakatni tizimli “qayta yuklash” yo‘nalishidir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi dasturiy ko‘rsatmalar va yo‘nalishlar nafaqat mamlakatimiz, balki chet el OAV va ekspertlari o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otishda davom etmoqda. Ko‘pchilikning fikricha, Murojaatnoma — bu O‘zbekiston rahbariyatining respublikaning tizimli yangilanishga to‘sqinlik qiladigan muammolarni izchillik bilan hal qila turib, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini isloh etish yo‘lidan harakatlanishini og‘ishmay davom ettirish bo‘yicha qat’iy jasoratining tasdig‘idir.
Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo va Afrika muammolarini tadqiq qilish markazi direktori A.Kazansevning fikricha, Shavkat Mirziyoyev “universitet ziyolisidan chiqqan aqlli yetakchi sifatida”, jamiyatning o‘zgarishga bo‘lgan talabini chuqur tushungan holda o‘zining islohot strategiyasini amalga oshirib kelmoqda. Belarus strategik tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari T.Shendikning so‘zlariga ko‘ra, Murojaatnoma “Shavkat Mirziyoyevning o‘tmishni unutmaydigan, zamon bilan hamnafas yashaydigan va kelajak haqida o‘ylaydigan rahbar” ekanligini namoyish qildi. Xalqaro strategik tadqiqotlar assotsiatsiyasi prezidenti G.Kopli Murojaatnomani milliy siyosat haqida Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining eng muhim bayonoti sifatida ta’riflagan.
Nima uchun Murojaatnoma yurtimizda va chet ellarda bunchalik katta qiziqish uyg‘otdi? Nima uchun u kelajagimiz uchun bunchalik muhim? Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” deganda nimani ko‘ryapti?
O‘zining mavqei va belgilangan vazifalari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan islohotlarning uzoq muddatli strategiyasi, eng avvalo, mamlakatning modernizatsiya sohasidagi olg‘a intilishini ta’minlashni maqsad qilgan. Bunda Li Kuan Yu tomonidan amalga oshirilgan mamlakatni yuksaltirish dasturi — Singapur tajribasi bilan hamohang olib borilyapti. O‘z vaqtida “Singapur mo‘‘jizasi” me’mori mamlakatning muvaffaqiyatli rivojlanish asosiga quyidagi hal qiluvchi yo‘nalishlarni qo‘ygan:
1) investitsion-innovatsion rivojlanish vektorini taqdim etuvchi iqtisodiy islohotlar;
2) ijtimoiy modernizatsiya;
3) korrupsiya bilan samarali kurashish;
4) zarur siyosiy shart-sharoitlar yaratish.
O‘zbekiston Prezidenti ilgari surayotgan maqsadlar ham shunga hamohang. Shu o‘rinda Murojaatnomaning
Prezidentning “islohot ruhi”ni yanada aniq ko‘rsatadigan, ishning eski samarasiz shakllar va usullarini his qilish, boshqaruvning demokratik va bozor usullarini hamma yerda joriy etish bilan bog‘liq jihatlariga to‘xtalishni xohlardim.
Prezident belgilab bergan muhim vazifalar — bu kuchli ishonchli hokimiyatni shakllantirish.
Shu faktga e’tibor qaratish lozimki, Prezidentning yangi saylangan parlament oldida chiqishining asosiy mazmuni — bu deputatlarni islohotlar olib borishda faolroq ishtirok etishga, qat’iyatli va jasur bo‘lishga, ijro hokimiyatiga qaramasdan, saylovchilarning manfaatini ifodalaydigan o‘zining prinsipial nuqtai nazariga ega bo‘lishga chaqiriqdan iborat.
Samarali faoliyat olib boruvchi parlamentga tayangan holda, Prezident bosiqlik va qarama-qarshiliklar barqaror tizimini ketma-ket shakllantiradi. Shavkat Mirziyoyev barcha hokimiyat organlari faoliyatining “qat’iy yo‘nalishi”ni belgilab berish va “o‘z qobig‘iga o‘rab olish” samara bermasligini his qiladi. Total nazorat rejimi o‘zini oqlamadi va u yangilanishlarni to‘xtatib qo‘yadi.
Bu borada Prezident “boshqariladigan parlament”ga ehtiyoj yo‘qligini aniq tushuntirdi. Uning uchun saylovchilar manfaatidan hamda milliy manfaatdan kelib chiqib, ketma-ket qonun tashabbusi bilan chiqishga va qabul qilishga qodir “fikrlaydigan Oliy Majlis” ustuvordir. Boshqacha aytganda, Prezident qabul qilingan qarorlar ijrosini Konstitutsiyaga muvofiq talabchanlik bilan nazorat qiluvchi, hukumat va mansabdorlarni yo‘l qo‘yilgan xato va yanglishishlar uchun javobgarlikka tortuvchi mamlakatning oliy qonunchilik organi bo‘lgan parlament zarurligini aniq bayon etdi.
Shu maqsadda Prezident, xususan, vazirlar va idoralar rahbarlarining deputatlik so‘roviga javob berishning qonuniy majburiyat ekanligini taklif etib, parlament a’zolarining mavqei va nufuzini oshirib boryapti. Prezidentning yangi qonuniy tashabbuslariga binoan, O‘zbekiston tarixida birinchi marta Bosh vazir Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni parlamentga ma’qullash uchun kiritdi.
Shuningdek, deputatlarning o‘zlarining faoliyatiga bo‘lgan talabi sezilarli darajada oshiriladi. Endi so‘zsiz va bir ovozdan “Qonun qabul qilish” o‘tmishda qoladi. Qonunchilik palatasining avvalgi tarkibida 16 ta qonun loyihasi muhokamadan o‘tmagan va kamchiliklarini to‘ldirish uchun tashabbuskorlarga qaytarilgan. Qiyoslash uchun 2010 – 2014 yillarda deputatlar tomonidan bironta ham qonun qaytarilmagan.
To‘xtatib turish va qarama-qarshiliklar tizimining amaldagi harakatini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi element — bu ommaviy axborot vositalaridir. Bugun Prezidentning davlat boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim muammolarini hal etishda fuqarolarning faol ishtiroki uchun sharoit yaratishga qaratilgan siyosati tufayli OAV “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida tobora muvaffaqiyatli harakat qilmoqda.
Ayni paytda odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb muammolarni aniqlab, ular aholining o‘zini ijtimoiy ahvolini his etish islohotlarning muvaffaqiyatliligi bo‘yicha “barometr”iga, jamoat fikrining samarali shakllanish vositasiga aylanib bormoqda. Bularning hammasi “qayta aloqa” mexanizmini shakllantirish, islohotni odamlarni tashvishlantiradigan real muammolardan kelib chiqqan holda “pastdan yuqoriga” prinsipi asosida amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, aholi birinchi marta qonunchilik hujjatlarini qabul qilish jarayoniga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi. 400 dan ortiq qonun loyihalarining oddiy fuqarolar bildirgan takliflarga asosan keng muhokamadan so‘ng qayta ishlangani quvonarli holdir.
Fuqarolik jamiyati institutlari ham chetda qolmayapti. NNTlarning jamoat nazorati tizimidagi rolini kuchaytirish uchun sharoitlar yaratilyapti. Bugun ular tomonidan inson huquqlari va erkinligini himoya qilish sohasida, kichik biznesni, xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakatini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi davlat dasturlarining bajarilishi holatini monitoring qilish bo‘yicha 700 dan ziyod tashabbus amalga oshirildi.
Siyosiy tizimni keng miqyosda isloh etish iqtisodning haqiqiy bozor prinsipiga asoslangan yangi modelini yaratish bilan birga olib borilyapti.
Prezident bu yo‘nalishda yengil-elpi chora ko‘rib bo‘lmasligini, zamonaviy bozor iqtisodini yaratishda real bozor mexanizmlariga tayanish kerakligini va bu o‘rinda boshqa yo‘l yo‘qligini aniq tushuntirib beryapti. Bu sohadagi boshqaruvning maqsadi iqtisodiy jarayonlar ustidan total nazorat o‘rnatish emas, o‘zini o‘zi rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish va buning natijasida xalq turmush farovonligini oshirishdir.
Jahon iqtisodining so‘nggi bir necha yuz yillik davomida rivojlanish jarayoni oddiy haqiqatni isbotladi: faol tadbirkorlik erkinligi ta’minlangan mamlakatlardagina fuqarolar farovonligi oshgan. “Iqtisodiyotning otasi” Adam Smit bironta tadbirkor jamiyatga foyda keltirish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi, lekin ular orasidagi sog‘lom raqobat jamiyatni arzon tovar va xizmatlarni tanlashning keng imkoni bilan ta’minlaydi, deb yozgan. Raqobat ishlab chiqarishdagi chiqimlarni qisqartirishga, innovatsiyalarni joriy etishga, fanning rivojlanishini rag‘batlantirishga va hokazolarga majbur etadi.
Ochiqlik va erkinlik sari yo‘naltirilgan kurs, shuningdek, avvalgi buyruqbozlik usullarining sinishi hozirdanoq salmoqli natijalar beryapti.
O‘zbekiston investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha hududda tan olingan peshqadamga aylanyapti. YaIM tizimidagi asosiy kapitalga jalb etilgan investitsiya hajmi 37,1 foizga oshdi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasining o‘sishi esa salkam 4 barobar ko‘paydi.
BMTning savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi YuNKTADning ma’ruzasiga muvofiq Markaziy Osiyo mamlakatlarida chet el investitsiyalari hajmining o‘sishi o‘rtacha 8 – 10 foizni tashkil etgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 2018 yil ko‘rsatkichlari (2,9 milliard dollar) bilan solishtirganda 3,2 marta oshgan (9,3 milliard dollar).
O‘zbekistonning pozitsiyasi nufuzli dunyo reytinglarida mustahkamlanib bormoqda. 2019 yilda mamlakatimiz ishchanlik muhitini yaxshilash bo‘yicha eng yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan yigirmatalik davlatlar tarkibiga kirgan, “Doing Business” indeksi bo‘yicha esa 2020 yilda 69-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston, shuningdek, birinchi marta S&P, Fitch Ratings, Moody’s, xalqaro agentliklardan suveren kredit reytingini qo‘lga kiritdi. Milliard dollarga teng obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirish esa bir qator chet el yetakchi OAV tomonidan 2019 yildagi hudud rivojlanishining muhim moliyaviy voqeasi, deb tan olingan.
Murojaatnomada aks etgan paxta va g‘allani sotib olishga davlat buyurtmalarining bekor qilinishi bo‘yicha vazifalar “bozor iqtisodiyoti” relsiga o‘tish kompleks siyosatining hal qiluvchi elementi sanaladi. Ekspertlarning tan olishicha, agromahsulotlar ishlab chiqarishni tanlash erkin va davlat buyurtmasining mavjud emasligi mamlakatning 3,6 million odam band bo‘lgan muhim sohasining keskin transformatsiyasiga olib keladi.
Buyruqbozlik bosimining olib tashlanishi fermerlarga sohada ishlab chiqarish quvvatini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish imkonini beradi. Bir vaqtning o‘zida ham agrarlarning fikrlashi o‘zgaradi, ham tijorat yuritishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi. Jahon bankining baholashicha, davlat buyurtmasining olib tashlanishi qishloq xo‘jaligida iqtisodiy burilishga olib keladi va yanada o‘sish uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.
Sir emaski, uzoq yillar davomida qo‘llangan davlat buyurtmasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida samarasizlik, korrupsiya va ishchilarning huquqlarini suiiste’mol qilishdan to fermerlarning qashshoqlashib qolishigacha bo‘lgan bir qator asoratli muammolarni keltirib chiqargan.
Bu borada paxta va g‘allani sotib olishda bozor prinsiplariga o‘tish bo‘yicha tashabbusning ilgari surilishiga nafaqat talab bo‘lgan, balki bu o‘ta muhim masala sanalgan. Bu qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining manfaatdorligini, ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifatini oshiradi, korrupsiyaning bartaraf etilishiga, agrosanoat kompleksidagi rahbar xodimlar ish uslubining o‘zgarishiga olib keladi.
Bundan tashqari, taklif qilinayotgan choralar davlat boshqaruvi barcha tizimining oshkoraligini oshirish va korrupsiyaga qarshi turish bo‘yicha birgalikdagi harakatning tarkibiy qismi sanaladi.
Davlatimiz rahbari adolatli ta’kidlaganidek, bugun korrupsiya yanada rivojlanishning jiddiy to‘sig‘i bo‘lib turibdi. BMTning ma’lumotiga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti korrupsiyadan yiliga 2,6 trillion dollar yoki dunyo miqyosidagi YaIMning deyarli 5 foizi miqdorida zarar ko‘radi. O‘zbekistonda esa mansabdor shaxslarning korrupsiyaga oid jinoyatlaridan ko‘rilgan zarar 2019 yilning birinchi yarmida salkam 200 million dollarni tashkil qildi.
Ushbu noxush holatlarni bartaraf etish uchun korrupsiyaga qarshi kurashning tashkiliy-huquqiy va boshqa ta’sirchan choralari o‘rnatilmoqda, uning jamiyatdagi total qabul qilmaslik sharoitlari shakllanib kelyapti. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi. Parlamentning ikkala palatasida ham sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etilgan.
Shuningdek, Prezidentning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mamlakatimizdagi eng korrupsiyalashgan sohalar sanaladigan kapital qurilish va ta’lim sektorlarida “Korrupsiyasiz soha” tajriba loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.
Qabul qilingan tizimli yondashuv samarasi aniq natija berib, O‘zbekistonning “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi reytingidagi pozitsiyasi yaxshilanishiga xizmat qildi. Yangilangan reytingda respublikamiz 5 pog‘ona ko‘tarildi. Lekin tan olish kerakki, shunga qaramay, mamlakatimiz Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa hududidagi reytingda hali past pozitsiyalarda turibdi.
Prezident tomonidan taklif etilgan alohida korrupsiyaga qarshi organning tashkil etilishi bu sohadagi vaziyatning keskin yaxshilanishiga olib kelishi kutilmoqda. Chet el tajribasining ko‘rsatishicha, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida butunlay mustaqil tizimning shakllanishi ularning ish samaradorligining keskin oshiradi.
Singapurda shaxsan Bosh vazirga bo‘ysunadigan Korrupsiya bilan kurash byurosining tashkil etilishi ushbu mamlakatdagi hokimiyatning oliy tabaqasida korrupsiyani sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi. 2013 yilda deputatlar palatasi raisini va 21 nafar deputatni, 6 nafar senator va 9 nafar vazirni jinoiy javobgarlikka tortgan Ruminiyaning Moliyaviy va yuridik mustaqil bo‘lgan korrupsiyaga qarshi boshqarmasi tajribasi ham ibratlidir.
Jahon demokratik tajribasiga muvofiq, O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadi va mulkini deklaratsiyalash mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda. Yaqinda Prezidentimiz har bir mansabdor shaxs “qanaqangi uyda yashayapti, uyining qurilishini, avtomashina sotib olishini qanday asoslab beradi” kabi savollarga javob berishi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytib o‘tdi.
O‘zbekiston uchun bu — korrupsiyaga qarshi kurash, noqonuniy pul oqimini qisqartirish, manfaatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf qilish va noqonuniy boyish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani amalga oshirish borasida oldinga tashlangan katta qadam.
Ijtimoiy siyosatning takomillashishi mamlakatning tizimli yangilanish jarayonining muhim elementidir. Aynan xalqning farovonligi va to‘kinligi barcha amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi bo‘lib xizmat qiladi.
Aholi turmush darajasining oshishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘zining sezilarli natijalarini bermoqda. So‘nggi ikki yil ichida aholining real daromadi 49 foizga oshdi. Ijtimoiy ko‘mak oluvchilar soni 1,3 barobarga, nafaqalar hajmi esa ikki barobarga ko‘paydi. Iste’mol savatchasini hamda yashash minimumi miqdorini hisoblash tartibini ishlab chiqish hamda ijtimoiy ko‘mak oluvchilar yagona reyestrini shakllantirish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Bundan tashqari, ijtimoiy sohaga salkam 700 million dollar mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Bu nafaqat aholi himoyasiz qatlamining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, balki, ularning o‘z imkoniyatlarini ishga solish, mavjud salohiyatni hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni amalda namoyon etish imkonini beradi.
Umuman olganda, davlat va jamiyat qurilishi, davlat strukturalari va fuqarolik jamiyatlari institutlari faoliyati strategiyasini qayta yuklash tizimi bo‘yicha jarayonni yo‘lga qo‘yib, Murojaatnoma o‘zining bosh maqsadiga erishdi.
Prezident o‘z nutqida oldimizda turgan murakkab davr, boshlangan o‘zgarishlar yanada katta qiyinchiliklar bilan davom etishini quyidagicha ta’kidladi: islohotlar mexanizmi ishga tushgan va “o‘tmishga qaytish bo‘lmaydi”.
Zamon talabini his etmayotgan, yangicha sharoitlarda ishlashga qodir bo‘lmagan mansabdor shaxslar chekkaga chiqishi, o‘z o‘rnini ijodiy fikrlovchi, yosh, yuqori malakali, Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni zimmasiga oladigan kadrlarga bo‘shatib berishi kerak.
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bayon etilgan “Yangi O‘zbekiston”ni qurish g‘oyasi atrofida jamiyatni birlashtirishning ahamiyati har qachongidan ham ortib bormoqda. Dinamik rivojlanishning asosiy tamoyili — “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan g‘oyani ilgari surgan Prezidentimiz aslida barcha fuqarolarni mamlakatni har tomonlama yangilash jarayonida hamkorlikka chorladi.
Endi gap biz va jamiyatda qoldi. O‘tgan xatolarni takrorlashni hech kim istamaydi. “Qo‘rquv kishanlari” olib tashlangach, “Tashabbussizlik rejimidan daxldorlik rejimiga” o‘tish lozim. Endigi vazifamiz — ochilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, shijoatimizni el-yurt ravnaqi yo‘lida safarbar etishdan iborat.
Eldor ARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 13.02.2020