Xalqimiz qabul qilinayotgan qonunlarga befarq emas
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 25-fevralda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
22 mart — mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilanmoqda
Shulardan biri — «Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va qonun ustuvorligini ta’minlashda mahalla institutini mutlaqo yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Jamiyatda aholi osoyishtaligini va qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni soglomlashtirishda mahalla institutining roli kattadir. O‘zbekistonning boy tarixi bilan chambarchas bog‘liq bu o‘ziga xos institutning mavqeini yanada oshirish maqsadida, shuningdek, mahalla tizimi xodimlari faoliyati jamiyatda muhim ahamiyatga egaligini inobatga olib, mazkur qonun loyihasi bilan 22 mart sanasini mamlakatimizda mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilash taklif qilinmoqda.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda mahalla instituti va mahalla tizimi xodimlari faoliyatiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish, ularning obro‘si hamda mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Savol-javoblar, muhokamalardan so‘ng mazkur qonun qabul qilindi.
To‘y, ma’raka va boshqa marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan tayyorlangan.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablarga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Chunonchi, ushbu tartibni mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilyapti. To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan bu tartibning buzilishi esa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasiga taklif etilayotgan norma parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bahs-munozaralarda ba’zi deputatlar, fraksiyalar to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni aholiga emas, balki to‘yxona, kafe va restoranlar egalari uchun kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. Boshqa deputatlar esa, ko‘zda tutilayotgan jarima miqdorlarini yanada keskin oshirish bu boradagi tartib-intizomni ta’minlashda muhim omil bo‘lishini qayd etdi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilishi taklif etilayotgan huquqbuzarlikni aniqlash, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda o‘rnatilgan tartibda ma’muriy sudga yuborish masalasini ichki ishlar organlariga yuklash nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning fikricha, bu To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq bo‘lib, ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda fuqarolar o‘rtasida turli marosimlarni ixcham va kamxarj o‘tkazishga, shuhratparastlik va dabdababozlikning oldini olishga, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini aholi ongiga singdirishga qaratilgan aniq, maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.
Ombudsmanning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi
Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.
Ushbu masala dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida batafsil muhokama qilingan edi. Muhokamalar chog‘ida deputatlar tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarni hal etishda Ombudsmanning bevosita ishtirok etishi orqali uning faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili U.Muhammadiyev hisobot bilan so‘zga chiqdi.
Ombudsman fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning inson huquqlariga oid normalarini yanada takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarning bajaralishi to‘g‘risida deputatlarga batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, 2019 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimiz farovonligi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar olib borildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, har bir fuqaro va oila farovonligi, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlari ta’minlandi.
Mamlakatimiz uchun 2019 yil inson huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega yirik voqealarga boy kechdi. Xususan, mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O‘zbekiston fuqarosi, degan huquqiy maqomga ega bo‘la olmayotgan 5 ming 868 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.
Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan “Mehr” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan, Afg‘onistondan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. Ularga zarur tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatildi.
So‘nggi yillarda davlatimiz insonparvarlik siyosatining hamda xalqimizga xos ezgulik va mehr-oqibat, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir nechta Farmoni qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarning doimiy e’tiroziga sabab bo‘lib kelgan Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-sonli ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori qabul qilinishi insonparvar siyosatning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.
Shuningdek, o‘tgan yilda inson huquq va erkinliklari hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatining huquqiy asoslari takomillashtirildi. Xususan, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm instituti joriy etildi. Unga muvofiq, Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining Qo‘shma qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashuvchi ekspert guruhi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Mazkur vakolat doirasida 2019 yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) tomonidan birinchi marotaba “Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi Konvensiyada”gi majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan Ombudsmanning Muqobil ma’ruzasi BMTning qiynoqlarga solishga qarshi qo‘mitasiga taqdim etildi.
Ombudsman tomonidan faoliyatning bosh yo‘nalishi sifatida qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ham izchil ishlar olib borildi. Tasdiqlangan jadval doirasida milliy preventiv mexanizm mandati bilan qamrab olinadigan 30 yaqin muassasaga yil davomida parlament palatalari bilan birgalikda monitoring tashriflari amalga oshirildi. Mazkur tashriflarda deputatlar korpusi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va BMT Bolalar jamg‘armasi vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi va Kotibiyat tuzilmasida bola huquqlarini ta’minlash faoliyatiga ko‘maklashuvchi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 2 nafardan iborat sektor tuzildi.
2019 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 12 822 ta (2018 yilda – 10 832 ta) murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 38,8 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 31,6 foizi ijtimoiy, 25,3 foizi iqtisodiy, 3,5 foizi siyosiy va 0,8 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.
Ombudsmanning xalqaro aloqalari hisobot yilida ancha kengaydi. Xususan, 18 ta xalqaro tadbir tashkil etildi, 57 ta tadbirda, shu jumladan, 31 ta tadbirda ma’ruza bilan ishtirok etildi. Shundan 17 ta ma’ruza xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan tadbirlarda yangradi, xorijiy davlatlarning 21 nafar ombudsmani bilan, shuningdek, xalqaro va xorijiy institutlarning 31 ta delegatsiyasi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi xalqaro institutlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Ombudsman 2019 yilda Milliy huquqni himoya qilish muassasalari Global Alyansining Jenevadagi navbatdagi majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lish hamda akkreditatsiyadan o‘tish masalasi joriy yilda Global Alyansning navbatdagi majlisi muhokamasi kun tartibiga kiritilgan.
Xorijiy mamlakatlar ombudsmanlari bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston parlamenti ombudsmani faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hisobot davrida Vakil Rossiya va Bolgariya ombudsmanlari bilan ikki tomonlama memorandumlar imzoladi.
Ombudsman hisobotini muhokama qilish mobaynida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari so‘zga chiqdilar. Ular tomonidan davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi hamda Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir tavsiya va takliflar bildirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Ombudsmanning 2019 yildagi faoliyatiga doir hisoboti tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.
Qimmatbaho metallarga egalik va tasarruf etish huquqi kimlarga beriladi?
Majlisda deputatlarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan hujjatlardan biri «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Prezidentimizning 2019 yil 18 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish choralari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasidan ko‘zlangan maqsad qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish, zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash, tamg‘alash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini takomillashtirishdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, amaldagi Qonun faqat realizatsiya qilishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alashga bag‘ishlangan bo‘lib, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasini to‘liq qamrab olmagan.
Deputatlar hukmiga birinchi o‘qishda havola etilgan yangi qonun loyihasi esa, ushbu sohada qimmatbaho metallar, toshlarni qazib olish, ularni affinaj qilish, zargarlik buyumlarining asillik darajasini belgilash va tamg‘alash, davlat organlarining vakolatlari, qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqlarining vujudga kelishi, sohada ruxsat etish tizimi asoslari ko‘rsatib o‘tilgan. Loyihada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat egaligida bo‘lgani singari yuridik va jismoniy shaxslar egaligida ham bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Deputatlarning qayd etishicha, ushbu loyihaning qabul qilinishi sohada bir qator ijobiy natijalarni beradi. Jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi faoliyatni amalga oshirishning mustahkam huquqiy asosi yaratiladi. Loyiha bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qimmatbaho metallarga xom ashyo sifatida bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiquvchilardan yoki birjadan sotib olish imkoni yaratilmoqda.
Ikkinchidan, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq belgilanyapti. Bu qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, iste’molchilarning huquqlari kafolatlanishi, halol tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.
Shuningdek, loyiha qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash tartibini soddalashtirishni nazarda tutadi. Unga qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqini nazarda tutuvchi normalar kiritilgan bo‘lib, bu qimmatbaho metallarga oddiy tovar sifatida qarash, tadbirkorlik sub’ekti yoki jismoniy shaxslar ham ularga egalik qilish, o‘rnatilgan tartibda erkin tasarruf etish imkonini beradi.
Mazkur qonun loyiha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga o‘zlari ishlab chiqargan zargarlik buyumlariga o‘zlari ishlab chiqaruvchi tamg‘asi bilan tamg‘alash huquqi ham berilmoqda.
Umuman olganda, ushbu yangiliklar sohada davlat organlari hamda boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq chegaralash, ushbu soha faoliyatini xufiyona iqtisodiyotdan chiqarish, tarmoqqa investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish hamda raqobat muhitini yaxshilashga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, kelgusida sohada tenglik muhitni yaratish, mahsulotlarning tannarxini tushirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun ko‘proq erkinlik va imkoniyat berish asosida yangi ish joylarini tashkil etish hamda soliq tushumlari miqdorini ko‘paytirishga sharoit yaratadi.
Qizg‘in kechgan bahs-munozara, tortishuvlardan so‘ng ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi qanday yangiliklarni nazarda tutadi?
Deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Parlament a’zolarining qizg‘in muhokamasini keltirib chiqargan ana shunday loyihalar biri, shubhasiz, «O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi (yangi tahrir) qonun loyihasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 noyabrdagi «Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida ishlab chiqilgan ushbu hujjat bilan Shaharsozlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi tayyorlandi. Qayd etilganidek, bunda Rossiya, Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Belorussiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon tajribalari atroflicha o‘rganilgan.
Ta’kidlanganidek, amaldagi Kodeks ma’nan eskirgan bo‘lib, unda shaharsozlikni texnik tartibga solishning zamonaviy mexanizmlari va raqobat muhitini yaratish tizimlari ko‘zda tutilmagan. Kodeksning yangi tahririda esa, 26 ta yangi modda qo‘shilib, amaldagi 20 dan ortiq moddaning mazmuni-mohiyati kengaytirilgan. Jumladan, shaharsozlik faoliyati sohasiga oid qarorlarni muhokama va qabul qilish, loyiha hujjatlarining ekspertizasini amalga oshirish, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash, litsenziyalash hamda akkreditatsiyalash, qurilishni nazorat qilish va amalga oshirish, faoliyatning moliyaviy ta’minoti, sug‘urtalash hamda shaffoflikni ta’minlashni nazarda tutuvchi yangi boblar bilan to‘ldirilgan. “Aholi punkti”, “shahar”, “shaharcha” va “qishloq (ovul)”, ob’ektlar turlari, “o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish”, “urbanizatsiya” kabi tushunchalar, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralar bilan boyitilgan.
Deputatlarning qayd etishicha, Kodeksning yangi tahririni qabul qilish natijasida aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslari yaratilib, bu borada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishi ta’minlanadi. Shaharsozlik normalari va qoidalarining ishlab chiqilishining tartibi hamda ularning yo‘nalishlari aniq belgilab beriladi. Sohada jamoatchilikning keng ishtiroki ta’minlanishi atrof-muhit muhofazasi va insonlarning sog‘ligini asrashga zamin yaratib, eng maqbul va adolatli qarorlar qabul qilinishiga turtki beradi.
Shu bilan birga, qurilishni davlat tomonidan tartibga solish funksiyalari belgilanib, qurilish sifatini yaxshilash, mablag‘larning oqilona sarflanishini ta’minlanashga xizmat qiladi. Qurilishda sug‘urtalash belgilanishi natijasida qurilish ob’ektlarining tasodifan zararlanishining oldini olish kafolatlanadi. Loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini sifatli olib borish, aholi punklarining arxitektura qiyofasini yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokama, savol-javob, tortishuvlar nihoyasida ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Axborot xizmati