O‘zbekistonda qayd etilgan koronavirus infeksiyasi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot
2020-yilning 14-mart kuni Respublika Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga “COVID-19” koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib 1 nafar bemor yotqizilgan.
Bemor 2020-yilning 28-fevraldan – 11-mart kuniga qadar Fransiya davlatida bo‘lgan. 11-mart kuni soat 6:00 da Parij - Toshkent 252-reysi bilan Toshkentga uchib kelgan. Toshkent xalqaro aeroporti sanitariya-karantin punktida termometriya hamda birlamchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan va tekshiruv davomida kasallik belgilari aniqlanmagan. Asosiy yashash manziliga aniqlik kiritilib, uy sharoitida 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.
Joriy yilning 13-mart kuni bemor tomog‘ida qichishish, tana harorati ko‘tarilishi hamda yo‘tal belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bemordan 14-mart kuni koronavirus infeksiyasiga labortoriya tahlili uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga namuna olingan va 15-mart kuni soat 06.00 da namuna javoblariga ko‘ra koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan.
Samolyotda bemor bilan 48 nafar yo‘lovchilar kelgan. Ulardan 24 nafari tranzit yo‘lovchilar bo‘lib, qolgan 24 nafari O‘zbekistonda qolgan. Ushbu fuqarolarning 4 nafari Fransiya, 1 nafar Italiya va 1 nafar Braziliya fuqarolari tashkil qiladi.
O‘zbekistonda qolgan 24 nafar fuqarolar asosiy yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatlari shakllantirildi. Ularni 14 kunlik karantin o‘tkazishi uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 11-mart kuni faoliyat olib borgan 69 nafar chegara qo‘shinlari, bojxona, aeroport xodimlarining ro‘yxati shakllantirildi hamda maxsus muassasalarda 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.
Bemorning 10 nafar oila a’zolari to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga joylashtirildi.
Bemor istiqomat qiluvchi ko‘p qavatli uy va bemor xonadonida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazildi. Shu bilan birga, mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchi 230 nafar fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy kuzatuvga olindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining malakali mutaxassislari tomonidan epidemiyaga qarshi profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda. Bu jarayonga barcha kuch va vositalar jalb qilingan, olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘liq nazoratga olingan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi