Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus tarqalishini cheklash, uning aholi hayoti va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Maxsus respublika komissiyasi tuzilib, epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholi sogʻligʻini himoya qilish, karantin rejimini joriy etish boʻyicha keng qamrovli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Tibbiyot muassasalarini shay holga keltirish va qoʻshimcha quvvatlarni barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida 10 ming oʻringa moʻljallangan maxsus shifoxona jadal surʼatlarda qurilyapti. Yuqorichirchiq tumanida esa 10 ming kishilik maxsus karantin zonasi qurilib, oʻz ishini boshladi. Bu yerda yana qoʻshimcha 10 ming oʻringa moʻljallangan karantin qurilishi boshlanib, 15-maygacha topshiriladi.
Yigʻilishda taʼkidlaganidek, pandemiya sharoitida soʻnggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yoʻl va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaromiz olib kelindi. Ularning barchasi 160 ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.
Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yoʻlga qoʻyildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari oʻrnatilgan.
– Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni toʻgʻri baholab, oʻz xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qatʼiy amal qilib, oʻzlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga oʻrnak boʻlmoqda. Oʻquvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashgʻulotlar orqali taʼlim olishda davom etmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz taʼminlash tizimi samarali yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, saxovatli va olijanob yurtdoshlarimiz tomonidan koʻrsatilayotgan begʻaraz xayriya yordamlari manzilli ravishda aholining tegishli qatlamlariga oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda.
Prezidentimizning qayd etishicha, qisqa muddatda fuqarolarimiz, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasiga 50 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ oʻtkazilgani – elimizning mazkur xavf-xatarga qarshi yelkama-yelka kurashishga tayyor ekanligining yorqin isboti.
– Mana shunday ogʻir sinov damlarida koʻpmillatli xalqimiz sarosima va vahimaga tushmasdan, aksincha, chetdan kelgan bu baloning tezroq oʻtib ketishiga, hademay yaxshi kunlar kelishiga ishonib, oʻzining mustahkam irodasi, mehr-oqibati va hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hududlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz bahorning har bir kunini gʻanimat bilib, yaxshi niyat va ertangi kunga ishonch bilan qishloq xoʻjaligi ishlarini boshlab yubordilar.
Strategik ahamiyatga ega boʻlgan sanoat korxonalarida, muhim qurilish maydonlarida ish kundalik reja asosida, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda tashkil etilmoqda.
– Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda hayot barqaror surʼatda davom etmoqda. Eng asosiysi, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa shifokorlarning fidoyi xizmati, oʻz burchiga sadoqati tufayli koʻrayotgan tezkor choralarimiz oʻzining ijobiy natijasini bermoqda, – dedi Prezidentimiz.
Lekin, misli koʻrilmagan darajada targʻibot ishlariga qaramay uyida davolangan va ogʻir holatda yotqizilgan 40 yashar bemor kecha olamdan oʻtdi.
Marhumning oila aʼzolariga hamdardlik bildirar ekan, davlatimiz rahbari yana bir bor barchani ogohlikka chaqirdi. “Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, oʻzimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, oʻzimizga bogʻliq!”
Afsuski, karantin va sanitariya-gigiyena talablariga befarq qarayotgan shaxslar ham yoʻq emas.
Masalan, oʻtgan davrda karantin qoidalarining 47 mingga yaqin buzilish holatlari, shu jumladan, 34 ming marta niqob taqmaslik, 11 ming marta avtotransportda karantinga rioya qilmaslik holatlari aniqlanib, jarimalar qoʻllangan. Hattoki, 24 ta holatda yuzlab odamlarni toʻplab, ziyofat va marosimlar oʻtkazilgani aniqlangan.
– Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, Xudo xohlasa, yana-da kuchli boʻlib, bir-birimizga mehrimiz yana-da ziyoda boʻlib, albatta yorugʻ yuz bilan oʻtib olamiz. Faqat tartib-intizomga qatʼiy rioya qilib, oʻrinsiz vahimaga tushmasak, tushkunlikka berilmasak, marra bizniki boʻladi.
Bu vaqtinchalik qiyinchilik va muammolar, albatta, oʻtib ketadi. Pok niyatli, dinu diyonatli, sabr-bardoshli, olijanob xalqimiz bilan hali koʻp yaxshi kunlarni koʻramiz, koʻp toʻy-tomosha va tantanalarni birgalikda nishonlaymiz, oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga albatta yetamiz,” – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol koʻrsatdi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni toʻliq taʼminlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Buning uchun barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻz dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerak. Aks holda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash qiyin boʻlishi hammaga ayon.
Shu bois oxirgi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish boʻyicha qator qarorlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga oʻzgartishlar kiritildi. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlarida tomorqa bilan shugʻullanadigan alohida oʻrinbosar lavozimi joriy etildi.
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil qilindi. Aholiga urugʻlik va koʻchat yetkazib berish, xizmatlar koʻrsatish boʻyicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard soʻm ajratilib, Fermerlar kengashi huzurida jamgʻarma faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bir soʻz bilan aytganda, aholiga koʻmaklashadigan, moddiy resurslarni yetkazib beradigan va moliyalashtiradigan, oldin boʻlmagan tizim yaratildi.
Videoselektorda ushbu tizimdan samarali foydalanib, tomorqalarda mahsuldorlikni oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi.
Tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan omilkor insonlar tajribasini keng joriy qilish kerakligi aytildi. Misol uchun, Asaka, Oltinkoʻl, Namangan, Uychi, Angor, Jarqoʻrgʻon, Kitob, Toyloq, Samarqand, Yangiyoʻl, Zangiota, Oltiariq, Quva kabi tumanlardagi aksariyat tomorqalarda 2-3-marta hosil olinib, bitta oila 8-10 sotixli ekin maydonidan oʻrtacha 50-60 million soʻm, baʼzilar esa 100 million soʻm daromad qilyapti.
Biroq hamma joyda ham bunday emas. Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tomorqalarga ekin ekish ishlari yakunlanmaganligi alohida taʼkidlandi.
Mutasaddilarga bunday xonadonlar bilan birma-bir ishlab, tomorqa maydonlariga bozorbop ekinlar ekilishini tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3-marta ekin ekish va qoʻshimcha hosil olish birinchi darajali vazifa boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud boʻlib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yoʻlga qoʻyish mumkin.
Lekin koʻplab tumanlarda bu masalaga yetarlicha eʼtibor berilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Tomorqa obodligi, albatta, suvga bogʻliq. Oʻtgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv taʼminoti yaxshilangan edi.
Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, Gʻuzor, Chiroqchi, Nurota, Qoʻshrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qoʻshkoʻpir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv taʼminoti ogʻir boʻlib qolmoqda.
Shu bois Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv taʼminoti yaxshi boʻlmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qoʻyildi.
Qishloq xoʻjaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni oʻzlashtirib, kam taʼminlangan oilalarni band qilish boʻyicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida bu borada 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1 ming 600 nafar ishsiz fuqaro bandligi taʼminlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamgʻarmasidan 50 milliard soʻm ajratilgan.
Yigʻilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambagʻallikni va ishsizlikni kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Kooperativga aʼzo boʻlgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamgʻarmasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard soʻm subsidiya ajratiladi. Kam taʼminlangan, qarovchisi boʻlmagan oilalarga mevali koʻchatlar, sabzavot urugʻlari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.
Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qoʻyish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak.
Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer soligʻi oshirilgan stavkada qoʻllanilishi maʼlum qilindi.
Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar va hokimlar axborot berdi.
O‘zA